Jahon | 23:24 / 11.07.2023
9398
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada banklar firibgarlarga o‘tkazilgan pullarni mijozlarga qaytarishga majbur bo‘ladi

Banklar nafaqat shubhali o‘tkazmalarni sinchiklab tekshirishi, balki fuqarolarning mablag‘lari firibgarlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun choralar ko‘rishi ham talab qilinadi.

Foto: Depositphotos

Rossiya Davlat Dumasi fuqarolarni moliyaviy firibgarlardan qo‘shimcha himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, banklar firibgarlarga o‘tkazilgan pullarni mijozlarga qaytarishga majbur bo‘ladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab bir yil o‘tgach kuchga kiradi.

Qabul qilingan o‘zgartirishlar banklar va to‘lov tizimlariga jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari o‘rtasidagi firibgarlik bilan bog‘liq operatsiyalarni, hatto mijozning roziligi bo‘lgan taqdirda ham to‘xtatib turish majburiyatini yuklaydi.

«Qonun qabul qilingandan so‘ng banklar va boshqa operatorlar nafaqat shubhali o‘tkazmalarni sinchiklab tekshirishi, balki fuqarolarning mablag‘lari firibgarlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun choralar ko‘rishi ham talab qilinadi. Va bu majburiyatlarni e’tiborsiz qoldiradigan banklar o‘g‘irlangan pullarni odamlarga qaytarishi shart bo‘ladi», dedi Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin.

Agar moliya muassasasi Rossiya bankining maxsus ma’lumotlar bazasiga kiritilgan firibgarlar hisob raqamiga pul o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, u mijozga pulni qaytarishga majbur bo‘ladi. Bank buni jabrlanuvchining arizasini olgandan keyin 30 kun ichida amalga oshirishi kerak.

2022 yilda Rossiya Markaziy Banki firibgarlar faolligi oshgani haqida xabar berdi. Noyabr oyida u 110 mingdan ortiq qonunbuzarlikni aniqladi, bu 2019 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2023 yil birinchi choragida bank mijozlarining pul mablag‘larini o‘g‘irlash bo‘yicha ham rekord o‘rnatildi - 4,5 milliard rubldan (576 mlrd so‘m) ortiq.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid