Jahon | 18:14 / 12.07.2023
4036
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Inson huquqlari kengashi Qur’onning yoqib yuborilishi faktlarini qoraladi 

Islom dinining muqaddas kitobini tahqirlash harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani 28 davlat yoqlab, 12 davlat qarshi ovoz berdi.

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi (IHK) G‘arb davlatlari qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, Qur’onni yoqish harakatlarini qoraladi, deb xabar berdi Anadolu.

Islom hamkorlik tashkiloti tashabbusi bilan Jyenevada o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyada Qur’onni tahqirlash harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi. Ovoz berishda 47 davlat ishtirok etdi.

Qabul qilingan hujjat uchun 28 davlat ovoz berdi, 12 davlat qarshi, 7 davlat betaraf qoldi.

Jazoir, Argentina, Bangladesh, Boliviya, Kamerun, Xitoy, Kot-d’Ivuar, Kuba, Eritreya, Gabon, Gambiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malavi, Malayziya, Maldiv orollari, Marokash, Pokiston, Qatar, Senegal, Somali, Janubiy Afrika, Sudan, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘zbekiston va Vetnam rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi.

Belgiya, Kosta-Rika, Chexiya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Litva, Lyuksemburg, Chernogoriya, Ruminiya, Buyuk Britaniya va AQSh qarshi ovoz berdi.

Paragvay, Nepal, Meksika, Honduras, Gruziya, Benin va Chili betaraf qoldi.

47 a’zodan iborat BMT Inson huquqlari kengashi qabul qilgan qarorlar majburiy emas. Biroq, IHK fikri milliy parlamentlar tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qarorlarga ta’sir etadi. Qolaversa, mazkur qarorlar xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid