Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Milliy askiya va qiziqchilik san’ati rivojlantiriladi, maxsus markaz tashkil etiladi
«Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.
Marg‘ilon shahrida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etiladi;
Markazda askiya va qiziqchilik ijrochiligi yo‘nalishida «ustoz-shogird» an’analarini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, madaniyat va ta’lim muassasalarida askiya va qiziqchilik san’ati to‘garaklarini tashkil etish ishlari olib boriladi;
Har yili so‘z ustalari va qiziqchilar o‘rtasida «Xush kayfiyat» respublika ko‘rik-tanlovi hamda askiya kechalari, askiya va milliy qiziqchilik san’atini jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta «Tabassum» xalqaro kulgi festivali o‘tkaziladi.
Askiya va qiziqchilik san’ati sohasida har yili kamida 3 ta ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi tanlov asosida shakllantiriladi.
Har yili kamida 5 ta sahnada namoyish etishga mo‘ljallangan hajviy asar uchun davlat buyurtmasi beriladi.
Ijodiy tanlov asosida erkin ijodkor va jamoalar tomonidan har yili kamida 10 ta konsert-tomosha tadbiri va askiya kechalariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Har yili kamida 25 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi, bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlari Madaniyat va turizm vazirligi hay’atining qarori bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba budjetdan tashqari mablag‘lari hamda kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishi uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, konsert, sirk va teatrlarga, askiya, qiziqchilik va so‘z san’ati tomoshalariga kirish uchun chipta va abonementlarni xarid qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.