Jahon | 09:26 / 13.07.2023
9941
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning 58-armiya qo‘mondoni iste’foga chiqarilganini ma’lum qildi

Zaporijjya frontidagi Rossiya bo‘linmalariga qo‘mondonlik qilgan general-mayor Ivan Popov o‘zining boshliqlariga bergan hisobotida «bor haqiqatni» yozganini aytdi. Buning uchun u o‘z lavozimidan chetlatildi.

Foto: Wikipedia

General-mayor Ivan Popov Ukraina janubidagi Zaporijjya viloyatida jang qilayotgan Rossiyaning 58-umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni lavozimidan chetlashtirilganini ma’lum qildi. Popovning o‘z qo‘l ostidagilariga murojaati tegishli audiofaylini 12 iyul, chorshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida Davlat dumasi deputati, avvalroq 58-armiyaga rahbarlik qilgan Andrey Gurulev e’lon qildi. Murojaatnomasida Popov yuqori lavozimli organlarga bergan hisobotida Rossiya armiyasidagi «jangovar ish va qo‘llab-quvvatlashdagi» muammolarni «qat’iy» aniqlab, «bor haqiqatni» yozgani uchun ishdan bo‘shatilganini aytgan.

Qo‘mondon Popovning ta’kidlashicha, u o‘z boshliqlarining e’tiborini «aksilbatareya kurashish qobiliyati, artilleriya razvedka stansiyalari yo‘qligi», shuningdek, harbiy xizmatchilarning dushman artilleriyasidan «ommaviy o‘limi va jarohati»ga qaratgan va buni «asosiy fojia» deb atagan.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, uni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq «bir kun ichida chiqarilgan» va «mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan imzolangan», chunki Popovning so‘zlariga ko‘ra, «katta qo‘mondonlar undan xavfni sezgan».

«Vagner» XHK bilan bog‘liq bo‘lgan Grey Zone Telegram-kanaliga ko‘ra, Ivan Popov RF Qurolli kuchlari Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga hisobot berganidan keyin lavozimidan chetlashtirilgan, unda Popov boshqa narsalar qatorida birinchi front chizig‘idagi qo‘shinlarni rotatsiya qilishni taklif qilgan.

«VChK-OGPU» Telegram-kanali ham Popovning iste’foga chiqishi haqida bir kun avval yozgan, buni armiya qo‘mondoni va Gerasimov o‘rtasidagi mojaro bilan bog‘lagan. «Popov o‘z ma’ruzasida uzoq vaqt davomida to‘qnashuv chizig‘ida bo‘lgan va katta yo‘qotishlarga uchragan bo‘linmalarni rotatsiya qilish zarurati masalasini ko‘tardi. Gerasimov Popovni vahima qo‘zg‘ashda va yuqori rahbariyatni shantaj qilishda aybladi. Popovning shaxsan Putinga muammo haqida xabar berishga tayyorligi haqidagi bayonotidan so‘ng, Gerasimov uni lavozimidan chetlatib, oldingi saflarga jo‘natib yubordi», — deydi kanal axborot manbalarini oshkor qilmasdan. 

Mavzuga oid