Ukrainaning e’tirozlari, Shvetsiyaning quvonchi, Turkiyaning g‘arbga yuz tutishi - Vilnyusdagi sammit yakunlari
Litva poytaxtida NATO sammitining ikki kunlik rasmiy qismi nihoyasiga yetdi va uning yakunlari avvaldan taxmin qilinganidek bo‘ldi. Shvetsiya NATO a’zosiga aylanadi, Kiyev esa o‘zi umid qilgan alyans a’zoligiga taklifga erisha olmadi.
Biroq, G‘arb davlatlari Rossiya bilan urush yakunlanganidan so‘ng Ukrainani tezlashtirilgan tartibda NATOga qabul qilishini bildirib, unga formal ravishda peshvoz chiqdi. Bunday jarayon Finlandiya va Shvetsiyaga nisbatan muvaffaqiyatli qo‘llandi.
Biroq NATOga a’zo bo‘lishning aniq muddatlari tilga olinmadi, boshqa muayyan va’dalar ham berilmadi, bu esa Ukraina va NATO munosabatlarining kelgusi ssenariylari ochiq qolganini bildiradi. Faqat Oq uy urush «dinamik jarayon» ekanini ta’kidlab, shu bois muddatlar bo‘yicha aniq kelishuvlar belgilanmaganini ta’kidladi.
Turkiya va Shvetsiya
Sammit avvalida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazib, Turkiya hukumati ortiq Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasligini e’lon qildi.
Erdo‘g‘an Shvetsiyaning alyansga a’zo bo‘lishi haqidagi bayonnomani ratifikatsiya qilish uchun parlamentga jo‘natishga rozi bo‘ldi. Buning avvalida u Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun yo‘llar ochilishini so‘radi. Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini kelugsi hafta oxirigacha ratifikatsiya qilishi mumkin. Vengriya ham Turkiya izidan borib, bu a’zolikni ma’qullaydi. Shunday qilib, Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi oldida ayrim texnik to‘siqlar qoldi, xolos.
Avvalroq Turkiya hukumati Rossiya-Ukraina urushi tugaguniga qadar Turkiyada qolishi lozim bo‘lgan Ukrainaning «Azov» polki komandirlarini ozod qilgan edi. Ekspertlar fikricha, bu voqealarning bari Anqara Moskvaga nisbatan o‘z tashqi siyosatini o‘zgartirayotganidan dalolat beradi, deb yozadi Reuters.
Turkiyaning 180 darajaga o‘zgarishi NATOning muhim sammitigacha ko‘p oylik og‘ir muzokaralar natijasi, «unda alyans yetakchilari, jumladan AQSh prezidenti Jo Bayden bir front bo‘lib turib, Vladimir Putinga uning Ukrainadagi urushi alyansni faqat kuchaytirganini ko‘rsatib qo‘yishdi», deb yozadi Bloomberg nashri.
The Wall Street Journal nashrining sobiq diplomatlarga tayanib yozishicha, Erdo‘g‘an siyosatining o‘zgarishi sabablaridan biri RF prezidentining vagnerchilar isyoni fonida o‘zini ojizona tutgani bo‘lishi mumkin. Ekspertlarning ko‘pchiligi Turkiya Rossiya bilan alohida munosabatlaridan voz kechmasdan turib, G‘arb bilan munosabatlarini yaxshilashga urinib ko‘radi, degan fikrda.
Turkiya bu yo‘lda G‘arbda qanday shartlarni savdolashgani hozircha noma’lum. Avvalroq Shvetsiya Turkiyaning YeI a’zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgandi. Anadolu nashri Turkiya hukumatidagi oliy martabali mansabdorga tayanib yozishicha, YeIga a’zolikni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, Turkiya iqtisodiyotiga joriy etilgan sanksiyalar bekor qilinadi, turklar uchun vizalar erkinlashtiriladi.
Ukraina
Sammit oldidan NATO davlatlarining ko‘pchiligi Kiyevning alyansga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlayotgandi. Ularning ayrimlari Ukrainani NATOga Vilnyusdayoq taklif qilish kerakligini bildirdi, boshqalari bu ishni Rossiya bilan urush tugaganidan so‘ng amalga oshirish kerakligini ta’kidladi. Ikkinchi toifa orasida Germaniya ham bor edi. GFR tomoni fikricha, Ukrainaning NATOga shoshilinch qabul qilinishi alyansning Rossiyaga qarshi urush e’lon qilishini anglatadi. Amerikalik siyosatchilarning bunga qo‘shimcha qilishlaricha, hozircha Isroil modeli bo‘yicha ikkitomonlama xavfsizlik kafolati bo‘ladi (gap doimiy harbiy yordam kafolatlari, jumladan, harbiylarni tayyorlash va qurol-yarog‘ yetkazib berish haqida ketmoqda).
Ekspertlar taxmin qilishganidek, NATO davlatlari Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishini soddalashtirishga rozi bo‘lishdi, lekin hozircha uni taklif qilishdan tiyilishdi. Kiyev «barcha ittifoqchilar rozi bo‘lgach va barcha shartlar bajarilgach» taklifnoma olishi qayd etildi. Shundan so‘ng Ukraina NATOga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasini tayyorlashi va taqdim etishi kerak bo‘ladi, deyiladi birinchi kun yakunlari bo‘yicha chiqarilgan kommyunikeda.
Biroq, hujjatda boshqa muayyan va’dalar yo‘q. G‘arb nashrlarida qayd etilishicha, asosiy iboralar 2008 yilda Buxarestda o‘tgan sammitning yakuniy hujjatlaridagi jumladan ko‘p ham farqlanmaydi. O‘shanda NATO ilk marta Ukraina alyans a’zosi bo‘lishini va’da qilgan edi.
Matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlar Ukraina alyansga kirishi uchun qanday shartlarni bajarishi kerakligi haqida Stoltenbergga qayta-qayta savollar berishdi. U umumiy tarzda javob qaytardi, ulardan asosiylari — Ukrainadagi keng miqyosli urush tugashi, korrupsiyaga qarshi kurash zaruriyati, davlat boshqaruvi institutlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha islohotlar, shuningdek, NATO standartlariga mos bo‘lish.
Zelenskiyning sammitdagi nutqini g‘arb matbuoti faol sharhlab turdi. The Washington Post o‘z manbasiga tayanib yozishicha, NATO sammitidagi AQSh delegatsiyasi Ukraina prezidentining alyansni tanqid ostiga olganidan «nihoyatda g‘azablangan». Politico nashri esa Zelenskiyning sammitdan ko‘ngli to‘lmasligini tushunib turgan va «u nihoyatda haddidan oshyapti», degan diplomatlarning so‘zlarini keltirgan.
Financial Times nashri esa Kreml sodir bo‘layotgan voqealarni sinchiklab o‘rganayotgani, NATOning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasida bo‘linish yoki salgina yumshash yuz bersa yoki muayyan qarorlarning yo‘qligi ham Moskvani ilhomlantirishi mumkin, deb yozdi. The Guardian nashrining NATOdagi manbalari fikriga ko‘ra, Zelenskiy NATO davlatlarining «kuchsizligi» haqida gapirish orqali qat’iy ommaviy diplomatiyadan foydalanib, Vilnyus sammitining yakuniy kommyunikesini ittifoqchilarga qaytadan yozdirishni maqsad qilgandi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles, o‘z navbatida, Ukraina G‘arbning yordami uchun faolroq tashakkur bildirishi kerakligini shama qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar ehtimolli yordamni qo‘lga kiritish uchun shu qadar shoshmoqdaki, olingan narsalar uchun «rahmat» aytishni ham unutib qo‘yishmoqda. «Bu bizga yoqadimi-yo‘qmi, lekin odamlar birozgina bo‘lsa ham tashakkur bildirilishini ko‘rishni istashadi», — degan Uolles va Kiyevning bu qadar qat’iy talablari ayrim ittifoqchilarning uzoqlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Uolles 2022 yilda Kiyevga yetib borish uchun 11 soat vaqt sarflagani, shaharga qadam bosishi hamono uning qo‘liga zarur qurol-yarog‘lar ro‘yxatini tutqazishganini eslagan. Shundan so‘ng u kutib oluvchi tomonga «Bilasizmi, biz onlayn bozorda emasmiz», degan.
Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, NATO a’zolari Kiyev uchun a’zolik jarayonini qisqartirgan, quyidagi uch elementdan iborat Ukraina uchun kengaytirilgan siyosiy va amaliy yordam paketini ma’qullashgan:
- NATO a’zosi bo‘lish uchun harakatlar rejasini bajarish bekor qilinadi, ya’ni Ukraina alyansga a’zo bo‘lishining yengillashtirilgan varianti taqdim etiladi: ikki bosqichli jarayon bir bosqichliga aylanadi;
- Ukraina armiyasini modernizatsiya qilish va uni NATO standartlariga o‘tkazish uchun yiliga 500 mln dollarlik uzoq muddatli harbiy yordam dasturi;
- Krizisli vaziyatlarda maslahatlashuv platformasi bo‘luvchi NATO–Ukraina kengashini ishga tushirish.
Sammitning ikkinchi kunida Ukraina prezidenti hissiyotlarini ancha bosib olgan edi. 12 iyul kuni ertalabki brifingda Zelenskiy ittifoqchilari bilan muhokama qilishni rejalashtirayotgan uchta asosiy masalani anons qildi. Bu qurol-yarog‘ yetkazish, Ukrainani NATOga taklif qilish va alyansga a’zo bo‘lish yo‘lida xavfsizlik kafolatlari masalasi. Shundan so‘ng u Germaniya kansleri Olaf Shols, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Avstraliya bosh vaziri Entoni Albenizi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak va Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte bilan uchrashdi.
NATO bosh kotibi bilan o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy Shimoliy Atlantika blokiga a’zo bo‘lishning ikki bosqichli jarayoni olib tashlangani uchun tashakkur izhor etdi va «Ukraina barcha shartlarni bajarganidan so‘ng» alyansga a’zo bo‘lishi mumkin degan jumlani qanday baholashi haqidagi savolga javob berdi. Zelenskiy «Ukraina o‘z hamkorlaridan boshqacharoq sharoitda yashamoqda va ukrainaliklarning asosiy vazifasi — tirik qolish», dedi.
«Sammit natijalari juda yaxshi, agar taklif bo‘lganida ideal bo‘lardi. Biz hozir kimlardir bizning a’zoligimiz haqida gapirishga qo‘rqayotganini tushunib turibmiz, chunki hech kim jahon urushi keltirib chiqarishni istamaydi.
Biz sivilizatsiyalashgan insonlarmiz, toki urush borar ekan, NATO a’zosi bo‘lolmasligimizni tushunamiz, biroq bugun muhim ishoralar berildi. Bu ishoralarga ko‘ra Ukraina NATO a’zosiga aylanadi va bu ishonch ilk marta yangramoqda. Men bunga tuprog‘imizda tinchlik hukmron bo‘lganidan so‘ng erishishimizni tushunaman. G7 davlatlari mamlakatimiz uchun xavfsizlik kafolatlarini ma’qullashsa bu Ukraina uchun aniq muvaffaqiyat bo‘lar edi», — degan Zelenskiy.
Yyens Stoltenberg yana alyans pozitsiyasini takrorlab, NATO Ukrainani qancha zarur bo‘lsa, shuncha qo‘llashda davom etaverishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina NATOga har qachongidan yaqin. «Men ittifoqchi sifatida uchrashadigan kunlarimizni intizorlik bilan kutmoqdaman», — degan Stoltenberg Zelenskiyga.
Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak Ukraina 2024 yilda urush tugagach, NATOning Vashingtonda o‘tadigan navbatdagi sammitida taklifnoma olishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdi.
Shundan so‘ng Vilnyusda NATO–Ukraina kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Alyansga a’zo davlatlar yetakchilari fikricha, kengash tuzilishi shu vaqtgacha mavjud bo‘lib kelgan NATO-Ukraina komissiyasining darajasi oshganini ko‘rsatgan va Ukrainani kelgusida alyansga a’zo qilish uchun tashlangan qadam bo‘lgan. Kengashda Ukraina ittifoqchilar bilan teng maqomda ishtirok etadi va zaruriyat tug‘ilganda uning o‘zi ham kengash chaqirishi mumkin. Ilk yig‘ilish yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishdan so‘ng Zelenskiy NATO–Ukraina kengashi ukrainaliklarga «zarur institutsional aniqlik»ni taqdim eta olishini ta’kidlagan.
«Biz uchun NATO–Ukraina kengashi shunchaki sheriklik emas, integratsiya vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Biz NATO a’zoligi tomon odimlar ekanmiz, Ukraina alyans sari yo‘l davomida ish beradigan xavfsizlik kafolatlariga muhtoj. Hozir biz tegishli kafolatlar paketiga ega bo‘ldik», — degan Zelenskiy.
Sammit yopilishidan avval Financial Times gazetasi G7 davlatlari Ukraina NATO a’zosiga aylangunga qadar uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarining umumiy ramkali prinsiplarini kelishib olishgani to‘g‘risida xabar berdi. Xavfsizlik kafolatlari Kiyevga quruqlikdagi, havo va dengiz kuchlari uchun zamonaviy harbiy texnikalar yetkazilishini taqozo etadi va uni bajarishni AQSh, Kanada, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiya o‘z zimmasiga oladi. G7 davlatlari shuningdek Ukraina qurolli kuchlarining shaxsiy tarkibini shug‘ullantirish, razvedka ma’lumotlari bilan bo‘lishish, kiberxavfsizlik sohasida yordam berishni amalga oshirishadi. Bulardan tashqari, «katta yettilik» davlatlari Ukrainaning sanoat bazasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu majburiyatlar evaziga G7 Ukrainadan, jumladan, armiya ustidan huquqiy va fuqarolik nazoratini o‘rnatish sohasida ham islohotlar o‘tkazishni kutmoqda. G7 davlatlari bayonot qabul qilib, so‘ngra uni imzolashganini Yaponiya bosh vaziri tasdiqlagan.
Financial Times nashri qayd etishicha, G7 davlatlaridan xavfsizlik kafolatlari mohiyatan «g‘arb davlatlarida bu borada qilingan bayonotlarini formallashtirish hamda Ukraina va NATOning «burgut yanglig‘» a’zolarini tinchlantirish»ga qaratilgan. Urush davomida Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash amaliyoti shunchaki umumlashtirilib, qog‘ozga tushirilgan. Sammitda Zelenskiy ittifoqchilariga bu «xavfsizlik soyaboni» uchun tashakkur bildirgan, Ukraina ikkitomonlama kafolatlarni kutayotgani, biroq «Ukraina uchun eng yaxshi kafolat — NATO a’zoligi» ekanini yana bir bor eslatgan.
Vilnyus sammitining boshqa yakunlari
NATOga a’zo davlatlarning qo‘shma bayonotida Rossiya NATO xavfsizligigiga eng katta xavf tug‘diruvchi davlat sifatida e’tirof etilgan. Alyans Ukrainaga bostirib kirish uchun Moskvani ayblagan, xalqaro huquq poymol etilganini qoralagan va Ukraina hududlarining anneksiya qilinganini tan olmasligini yana bir bor takrorlagan. Yakuniy kommyunikeda alyans barqarorlik va Yevro-Atlantika mintaqasida hamda NATO-Rossiya munosabatlari oldindan taxmin qilish mumkinligiga erishishni istayotgani qayd etgan. NATO ziddiyatga intilmasligi va Rossiya Federatsiyasi uchun hech qanday tahdid emasligiga urg‘u berilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Shimoliy Atlantika alyansi o‘zining mudofaa konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan. NATO davlatlari Rossiya hujum uyushtirganda mintaqaviy mudofaa rejasini tasdiqlashgan. Rejada quruqlikda qo‘shinlarning tezda kengaytirish usullari; dengiz, havo, kibermakon va kosmosdan turib uyushtiriladigan ehtimolli hujumlardan himoyalanish usullari batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. Alyans a’zolariga o‘z qo‘shinlarini modernizatsiya qilish va logistikani yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beriladi. NATO davlatlari, shuningdek, mudofaa uchun xarajatlarni oshirishadi — alyans talabiga ko‘ra u eng kamida YaIMning 2 foizini tashkil etishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Stoltenberg NATOga a’zo davlatlar 2023 yilda harbiy xarajatlarini 8,3 foizga oshirishini e’lon qildi. NATOning 300 ming askari yuqori harbiy tayyorgarlik rejimida doimiy bo‘ladi.
Kremlning NATO sammitiga reaksiyasi nisbatan vazmin bo‘ldi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov sammit «Rossiyaga qarshi qaratilgan yaqqol ifodali xarakterga ega» ekanligidan shikoyat qilgan. U NATO tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari taqdim etilishini «favqulodda xato va juda xavfli potensialga ega», deb baholagan. Unga ko‘ra, G‘arb davlatlari bu ishlari bilan «xavfsizlikning bo‘linmasligi to‘g‘risidagi xalqaro prinsiplarni hisobga olishmayapti».
«Ya’ni, ular Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari taqdim etib, Rossiya Federatsiyasining xavfsizligiga raxna solishmoqda. Bu mutlaqo mumkin emas. O‘rta, uzoq, hattoki yaqin istiqbolda ham bu o‘ta va o‘ta salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin», — deya ogohlantirgan Peskov.
Mavzuga oid
19:02
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024