O‘zbekiston | 14:17 / 14.07.2023
6977
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironlar benzin uchun to‘lab kelingan imtiyozdan besh oydan buyon foydalana olmagan. Sababi hozircha noma’lum 

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, avtomobil uchun benzin sotib olishda nogiron fuqarolarga to‘lab beriladigan kompensatsiya miqdori 55 foizga oshirildi. Biroq Kun.uz’ga murojaat qilinishicha, joriy yilning fevral oyidan buyon bu turdagi kompensatsiyalar to‘lab berilmagan.

Foto: Getty Images

Aytish mumkinki, shu paytga qadar avtomobili bo‘lgan nogiron fuqarolar oyiga 75 ming so‘mdan kompensatsiya olib kelgan. Yuqoridagi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ushbu summa 2023 yilning ikkinchi choragidan boshlab 116 180 so‘m etib belgilandi.

Xususan, Bulung‘ur tumanida yashovchi ikkinchi guruh nogironi Ahliddin Saliyevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, joriy yilning fevral oyidan buyon ushbu imtiyozdan foydalana olmayapti.

“Har safar yil boshida boshqaruvimdagi avtomobilga oid ma’lumotlar, nogironligim haqidagi hujjatlarni to‘plab, pensiya jamg‘armasiga topshiraman. Natijada, oyma-oy menga benzin uchun kompensatsiya to‘lab berilardi. Oxirgi marta 2023 yilning yanvar oyida 75 ming so‘m kompensatsiya oldim. Pensiya jamg‘armasidagilardan so‘rasam, yuqoridan to‘xtatilgan, deyishdi. Biroq hech kim bu gapni asoslab berolmayapti”, – deydi Saliyev.

Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi bu turdagi kompensatsiya to‘lovlari haqiqatan ham to‘xtab qolganini tasdiqladi. Pensiya jamg‘armasi viloyat bo‘yicha 148 nafar fuqarolarga kompensatsiya mablag‘i ajratishni so‘rab, “O‘zbekneftgaz” AJga xat chiqarganini bildirdi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan bog‘landik.

Jamiyatga ko‘ra, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJga tegishli organlardan 2 182 nafar shaxs uchun talabnomalar kelib tushgan. Mazkur talabnomalar asosida joriy yilning aprel-iyun oylari uchun jami kompensatsiya miqdori (938,8 mln so‘m) moliyalashtirib berilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2023 yil fevral-mart oylari uchun ham fuqarolarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni to‘lab berish choralarini ko‘rish yuzasidan neftbazalarga tegishli xat yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, shu vaqtga qadar benzin uchun oyma-oy to‘lab boriladigan kompensatsiya to‘lovlari hududiy neftbazalar tomonidan moliyalashtirib kelingan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, ushbu turdagi kompensatsiyalar to‘xtab qolishiga hududlardagi neft bazalaridagi talon-torojlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bir muddat avval “O‘zbekneftgaz” AJ Samarqanddagi “Maroqand neft bazasi”ning Bulung‘ur va Jomboy filiallarida 73 mlrd 775 mln so‘mlik talon-toroj va kamomad aniqlangani haqida xabar bergandi. 

 

Mavzuga oid