Jahon | 10:56 / 14.07.2023
25874
5 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Prigojinning isyonidan keyin Surovikin bilan 10 dan ortiq yuqori martabali harbiylar hibsga olingan

15 ofitser lavozimidan chetlatilgan yoki ishdan bo‘shatilgan.

Foto: RF mudofaa vazirligi / AP / Scanpix / LETA

«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning isyonidan keyin Rossiya armiyasining kamida 13 nafar katta ofitseri so‘roq uchun hibsga olingan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda. Nashr suhbatdoshlari tasdiqlashicha, Prigojin isyon ko‘targanidan bir necha soat o‘tib Rossiya FXX qo‘lga olish ishlarini boshlagan. Manbalardan biri qo‘lga olish ishlari «saflarni tozalash» uchun o‘tkazilganini aytgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, allaqachon 15 nafarga yaqin rossiyalik ofitserlar xizmatdan chetlatilgan yoki butunlay bo‘shatilgan.

WSJ manbalari FXX tomonidan qo‘lga olinganlar orasida RF Havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni, Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari boshlig‘i o‘rinbosari, armiya generali Sergey Surovikin ham borligini tasdiqlashgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, general Moskvada hibsda, ammo tergov izolyatorida emas va shu bilan birga uni bir necha bor isyon masalasida so‘roq qilishgan. Nashrning yana bir suhbatdoshi Surovikin isyon rejasidan xabardor bo‘lgani, ammo unda ishtirok etmaganini bildirgan. Surovikinga qarshi hech qanday ayblov ilgari surilmagan. Manbalarning aytishicha, generalni RF prezidenti Vladimir Putin isyon oqibatlariga qanday munosabatda bo‘lishni hal qilganidan keyingina qo‘yib yuborishlari mumkin.

Sergey Surovikinni 24 iyun tongida «Vagner» XHK yollanma jangchilariga yo‘llagan videomurojaatidan beri ko‘rishmagan, o‘shanda u isyonchilarni «to‘xtash»ga chaqirgandi. General qo‘lga olingan bo‘lishi mumkinligi haqida dastlab 28 iyun kuni The Moscow Times manbasi xabar tarqatgandi. Keyinroq bu ma’lumotni g‘arb nashrlari, jumladan The Financial Times ham tasdiqlagandi. Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, harbiy prokuratura Surovikinni Prigojin bilan aloqalari uchun bir necha kun so‘roq qilgan; generalning harakatlanishi cheklangan, ammo uni hibsga olishmagan. «Rus Sidyashchaya» xayriya fondi asoschisi Olga Romanova iyul oyi boshida «Lefortovo» tergov izolyatorida ko‘ngillilar tomonidan Surovikin nomiga yo‘llangan otkritka olib ketilganini xabar qilgandi. Jurnalist Aleksey Venediktovning manbasi esa Surovikin «xizmat ta’tili»da bo‘lib turganini aytgan. Shu bilan birga, Venediktov general iyul oyi boshida rafiqasi va qizini tug‘ilgan kunlari bilan tabriklamaganiga e’tibor qaratgan.

Surovikinning qizi Veronika 29 iyun kuni «Baza»ga general qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Surovikinning rafiqasining tanishi esa WSJ muxbiriga uning rafiqasining general «ishdan qaytmagani» haqidagi so‘zlarini yetkazgan. Rossiyadagi «Verstka» nashri manbasi 12 iyul kuni Surovikin aksilrazvedka xizmati tomonidan qo‘lga olingani va ikki haftadan buyon ihotalangani haqida xabar qildi. Shu kuni Davlat dumasining mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi Andrey Kartapolov Surovikin «hozircha dam olayotgani va u bilan aloqa yo‘qligi»ni aytdi.

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Prigojinning isyonidan keyin Surovikinning o‘rinbosari, general-polkovnik Andrey Yudin hamda harbiy razvedka boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Vladimir Alekseyev ham qo‘lga olingan. Keyin ushbu harbiylarni qo‘yib yuborishgan, ammo ularning harakatlanishi cheklangan va ular kuzatuv ostida qolmoqda. Yudin va Alekseyev ishdan chetlatilgan. Boshqa qo‘lga olinganlar orasida — RF mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, keng ko‘lamli bosqin boshida Mariupol qamaliga rahbarlik qilgan, 2023 yil aprelidan «Vagner» XHKda ishlay boshlagan general-polkovnik Mixail Mizinsev ham bor.

Kreml va RF mudofaa vazirligi WSJ jurnalistlarining izoh berish bo‘yicha so‘rovlariga javob qaytarmagan.

Mavzuga oid