Jamiyat | 13:51 / 15.07.2023
22377
4 daqiqa o‘qiladi

“Odamlarning bizga nisbatan munosabatidan ba’zan dilim og‘riydi” – chiqindi yuklovchi hikoyasi

“Oramizdagi odamlar” turkumidan berib borilayotgan ko‘rsatuvimizning bu galgi qahramoni farg‘onalik Ismoil Qoraboshev. U shu kasbi ortidan 3 farzandni ulg‘aytirmoqda. Odamlar jirkanadigan kasb egasi bo‘lib qolishiga sabab yoshligida o‘qimagani deb biladi.

“Chiqindi yuklovchi bo‘lib ish boshlaganimga ancha bo‘ldi. Ayniqsa yoz faslida chiqindining hidiga chidab ishlash qiyin. Boshqa fasldan ko‘ra yozda mevalar pishgan payt ulardan chiqqan po‘choqlar ko‘payadi. Shuning uchun ham korxonamizga ko‘pchilik ayni ish yo‘q paytida – qish faslida ishga kirib, yana kunlar isidi deguncha boshqa joyga ish axtarib ketishadi. Yoshim ham bir joyga borib qoldi. Tirikchilik uchun ham qishin-yozin ishimni o‘zgartirmayman.

Ish qilayotgan paytimizda ust-boshimiz kirligi va chiqindi hidi sabab odamlar yonimizga yaqinlashmaydi. Chiqindisini uzoqqa qo‘yib ketishadi. O‘zimiz olib kelib mashinaga ortamiz. Ularni to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ba’zida holatdan dilimiz og‘riydi. Biz ham odammiz-ku.

Qismat ekan. Shunday kunlar ham bo‘ladiki, qornimiz ochib oshxonaga tushlik qilish uchun kirsak, yemakxona xo‘jayini bizni haydab soladi. Shunday paytda xo‘rligim kelib ketadi. Aybimiz odamlarning chiqindisini yig‘ishtirib kiyimimizga badbo‘y hid o‘rnashib qolgani.

Ba’zi bir oshxonalarda esa bizni to‘g‘ri tushunib tushlik qilishga ruxsat berishadi. Bunday vaziyatda “aybimiz” borligini his qilib tezroq ovqatlanib tamaddixonadan tezroq chiqib ketishga harakat qilamiz. Odamlarga ozor yetmasin deymiz.

Chiqindi mashinasini qo‘yarga boshqa joy yo‘qligidan vaqtinchalik do‘kon yoki biror tashkilot qarshisiga qo‘ysak, xodimlari chiqib dag‘dag‘a qilishadi.

56 yoshni qarshi oldim. 1 mln 200 ming maosh olaman. 3 farzandning otasiman. Ikki o‘g‘limni uylab, qizimni chiqardim. Turmush o‘rtog‘im jigar sirrozi bilan og‘riydi. II guruh nogironi. Topgan pulim dori-darmonga ketadi. Oziq-ovqatga yetkazishim qiyin. Turmush o‘rtog‘imning nogironlik nafaqasi dorisidan ortmaydi.

Chiqindi mashinasiga ikki kishi bo‘lib yuk ortamiz. Haydovchi mashinani boshqarsa, biz chiqindi ortamiz. Deyarli 24 soat ishlaymiz. Ishdan chiqib uyga borib ovqatlanib ozgina mizg‘ib olaman. Tovuqlarimga don beraman, ekinlarimni sug‘oraman.

Oson ishning o‘zi yo‘q. Pensiyaga ham oz vaqt qolyapti. Ishlash kerak. O‘g‘illarim kecha-yu kunduz chiqindixonalar tozalab yurganimni ko‘rib bu ishda ortiq ishlamasligimni iltimos qilishadi. Inson harakat qilishi kerak. Shukrki, qora qozonimiz qaynab turibdi. Doim bo‘lmasa ham ikki haftada bir go‘sht sotib olib yeymiz.

Yuk ortayotganimizda qimmatbaho mashinalardan bashang kiyingan odamlar tushib chiqindisini tashlab ketishadi. To‘g‘risi ularga havas qilaman. Yoshligimda imkoniyat bo‘la turib o‘qib oliy ma’lumotli bo‘lmaganimdan afsus chekaman.

Bayram kunlari qolganlarga dam olish kuni bo‘lsa-da, biz ishlaymiz. Bayram kunlari chiqindilar boshqa kunlardan ko‘ra to‘lib-toshib ketadi. Har qanday qiyinchiligi, noqulayligi bo‘lsa ham o‘z ishimni sevaman. Nasib qilsa pensiyaga chiqqunimcha chiqindi yuklayman”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov

Mavzuga oid