O‘zbekiston | 07:41 / 15.07.2023
3844
2 daqiqa o‘qiladi

Xoreografiya akademiyasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi faoliyati o‘rganildi.

Mahkama xabariga ko‘ra, unda oliygohga o‘qishga qabul qilishda shaffoflik ta’minlanmasdan, korrupsiyaviy omillarga zamin yaratilgani aniqlangan.

Xususan: 

– me’yoriy hujjatlar talablariga zid ravishda o‘qishga qabul boshlangani haqida keng jamoatchilikka bir oy oldin xabar berilmagan;
– 496 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari videotasvirga olinmagan;
– 52 nafar abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi ta’minlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan.

Bundan tashqari, akademiyada 22 nafar o‘qituvchi-pedagoglarga dars mashg‘ulotlari me’yor talablariga zid ravishda qo‘shib yozilib, 319 mln so‘m, o‘tilmagan dars soatlari uchun 154 mln so‘m to‘lab berilgan.

Hujjatlar soxtalashtirilib, haqiqatda ishlamagan 7 nafar xodimlarga 270 mln so‘m, yuklatilgan vazifalarni bajarmagan 6 nafar xodimlarga 107 mln so‘m asossiz to‘lanib, budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Moddiy javobgar shaxslar tomonidan 76 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid