Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT: Rossiyada «vatanga xiyonat» moddasi bo‘yicha ochilgan ishlar soni ko‘paygan
BMT Rossiyada «vatanga xiyonat» va «josuslik» moddalari bo‘yicha hibsga olishlarni «bunday holatlar ustidan jamoatchilik nazorati murakkabligini hisobga olib, xavfli vosita» deb hisoblaydi. BMT maxsus ma’ruzachilari WSJ jurnalisti Evan Gershkovichni ozod qilishga chaqirdi.
2022 yilda Rossiyada «davlatga xiyonat» moddasi bo‘yicha 24ta ish qo‘zg‘atilgan, 16 kishi ushbu ayblov bo‘yicha sudlangan. Ayni paytda, 2023 yilning dastlabki olti oyida kamida 43 nafar gumonlanuvchi «davlatga xiyonat»da ayblangan. Bunday ma’lumotlarni 17 iyul, dushanba kuni BMTning Rossiyadagi inson huquqlari ahvoli bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarova hamda fikr erkinligi va ularni erkin ifoda etish huquqini himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ayrin Xan taqdim etdi.
Mutaxassislar Rossiyada josuslikda ayblanayotgan The Wall Street Journal (WSJ) jurnalisti Evan Gershkovichning taqdirini eslatdi. Moskvaning Lefortovo sudi may oyida uning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 30 avgustgacha uzaytirdi. AQShning Rossiyadagi elchisi Treysi Linning ko‘plab so‘rovlariga qaramay, hozircha unga faqat ikkita konsullik tashrifiga ruxsat berilgan, deya eslatadi BMT. Gershkovich 100 kundan ortiq vaqtdan beri Moskvadagi Lefortovo qamoqxonasi tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
«Gershkovichning hibsga olinishi so‘nggi paytlarda Rossiya Jinoyat kodeksining josuslik va davlatga xiyonat to‘g‘risidagi moddalari bo‘yicha fuqarolarni hibsga olish holatlari ko‘payganidan dalolat beradi va biz bu o‘sib borayotgan tendensiyadan xavotirdamiz», dedi maxsus ma’ruzachilar. «Ayblovlarning og‘irligi va bunday hollarda jamoatchilik nazorati qiyinligini hisobga olsak, bu xavfli vosita», deya qo‘shimcha qildi ular.
Mutaxassislar qo‘shimcha qilishicha, muxbir 20 yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin, uning ishi «17 oy avval Ukrainada keng miqyosli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiyada fikr va so‘z erkinligi, shuningdek, mustaqil jurnalistikaning qattiq cheklanishiga misoldir».
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025