Jahon | 19:07 / 20.07.2023
31835
5 daqiqa o‘qiladi

“Bu passiv siyosat emas” - siyosatshunos “Qo‘shtepa” kanali bo‘yicha O‘zbekiston hukumati harakatlari haqida 

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov 17 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotlaridan birida chiqish qilib, “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali va bu borada O‘zbekiston hukumati olib borayotgan muzokaralar haqida gapirdi.

Foto: thekabultimes.com

Qo‘shtepa kanali qurilishi O‘zbekiston uchun haqiqatan ham jiddiy muammo. Afg‘on xalqining qachonlardir Amudaryo suvidan foydalana boshlashi ehtimoli anchadan buyon bor edi. Taassufki, bu shunchaki hozirgi "Tolibon" boshchiligidagi Afg‘oniston Muvaqqat hukumati davriga to‘g‘ri kelib qoldi. Darhaqiqat, Amudaryo suvidan foydalanishga afg‘on xalqining ham haqqi bor. Chunki transchegaraviy daryolar bir mamlakatga tegishli bo‘lmaydi. Undan hamma foydalanishi mumkin.

Bu yerdagi asosiy muammo aynan “Tolibon” hukumatining ushbu loyihani qurayotgani, o‘z navbatida Afg‘oniston davlati Transchegaraviy daryolardan foydalanish bo‘yicha ikkita xalqaro konvensiyani ham haligacha imzolamaganidir. Boz ustiga “Tolibon” hukumatini hali hech bir mamlakat tan olmadi.

Shunday sharoitda biz uchun xavfli jarayon paydo bo‘ladi. Bu Amudaryo suvining katta qismi Afg‘oniston tomonga o‘tib ketishi, shuningdek, qurilayotgan kanalning cho‘l hududidan o‘tib, kanal betondan qurilmayotgani oqibatida suvning tuproqqa singib, isrof bo‘lishiga olib kelishi ehtimoli mavjudligidir.

Ba’zi hollarda O‘zbekistonning “Tolibon” bilan hozirgi aloqalari passiv siyosat sifatida baholanmoqda. Ammo, men O‘zbekiston olib borayotgan muloqotlarni bunday atamagan bo‘lardim. Chunki muzokaralar davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning Afg‘onistonga tashrifi davomida qurilayotgan kanalning texnik masalalari, jumladan, suvni isrof qilmaslik masalasi muhokama qilingan”, – dedi siyosatshunos.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsentiga ko‘ra, shu yil may oyida “Tolibon” va Eron o‘rtasida Helmand daryosi suvi uchun bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish qanchalik muhim ekanini yana bir bor isbotlagan. “Tolibon”ning Eron bilan Helmand daryosi suvi uchun bo‘lgan kelishmovchiligini kuzatgan bo‘lsangiz, bu orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri urush ochilib ketish xavfi vujudga keldi. Ya’ni “Tolibon”ning ma’lum bir qatlami atayin Erondek davlatga urush e’lon qildi. O‘zbekistonning tashqi siyosatda to‘g‘ri yo‘l tanlaganini shundan ham bilish mumkin. Agar biz kanal qurilishiga qarshiligimizni keskin usulini tanlasak, o‘rtada qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqishi mumkin edi. Shu jihatdan, hozircha O‘zbekistonning diplomatik yo‘li to‘g‘ri yo‘l deb hisoblayman.

Yana bir narsani unutmaslik kerak, “Tolibon”ning ortida katta kuchlar turibdi. “Tolibon” bunday qudratga o‘z-o‘zidan kelib qolmadi. Nima uchun "Tolibon" hukumatini Xitoy, Pokiston, Rossiya yoki Eron singari davlatlar haligacha tan omayapti? "Tolibon"ning hatti harakatlari mintaqa uchun jiddiy boshog‘rig‘i bo‘lishi mumkin”, – dedi Bo‘ronov.

Siyosatshunos tadbir davomida shuningdek, O‘zbekistonning “Tolibon”ga qanday ta’sir chorasi borligi haqida berilgan qo‘shimcha savolga ham javob berdi.

“Xo‘sh, bizda “Tolibon”ga ta’sir ko‘rsatishning qanday yo‘llari bor? Bu borada biz yuqorida ta’kidlagan diplomatik yo‘l bilan javob berildi. Masalan, Hayraton – Mozori Sharifdan o‘tadigan temir yo‘l qatnovi Qo‘shtepa kanali muammosi ko‘tarilarkan, birdaniga faoliyati ma’lum muddatga to‘xtab qoldi. Shundan keyin “Tolibon” muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kelishga majbur bo‘ldi.

Ha, Qo‘shtepa kanalining qurilishi biz uchun katta muammo, lekin uni kuch ishlatish yoki zo‘ravonlik yo‘llari orqali to‘xtatishga urinish imkonsiz. Endi bor e’tiborni suvni to‘g‘ri taqsimlash masalalariga qaratishimiz kerak. Boshqa ilojimiz yo‘q. Ular 2026 yilga borib “Qo‘shtepa” kanali qurilishini to‘la tugallash niyatida. Hozirga kelib kanalning uchdan bir qismi qurib bitkazildi”, – deya siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid