O‘zbekiston | 14:49 / 20.07.2023
7538
9 daqiqa o‘qiladi

“Rivojlanish sari yurmoqchi bo‘lsak, bunga faqat tarjima yo‘lidan o‘tamiz” – siyosatshunos

“Bugun jamiyatimizni qanday rivojlantirish mumkinligi haqida juda ko‘p o‘ylanaman va fikrimcha, bu baribir tarjimadan boshlansa kerak. Biz o‘tkazib yuborgan uzoq yillar davomida (bu SSSR davridagi mustamlaka davrini ham, Islom Karimov davri turg‘unligini ham o‘z ichiga oladi) ko‘plab kitoblarning o‘zbek tiliga tarjimasidan chetda qolib ketdik. Tabiiy, bu kitoblar o‘zbek tilida gapirmadi va tafakkurimizda ham aks etmadi”, – dedi Hamid Sodiq.

Foto: Kun.uz

17 iyul kuni Toshkentda “Tirilish” nashriyoti tomonidan tarjima va nashr qilingan uchta siyosiy asar: “Manipulyativ diktatorlar”, “Kuchsizlar kuchi” va “Yumshoq kuch” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tarjimon va qator siyosatshunoslar tomonidan bir-birini kuch va hokimiyat masalalari bog‘lab turuvchi ushbu kitoblar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, siyosatshunos Hamid Sodiq o‘zining bosh muharrirligida nashr qilingan “Manipulyativ diktatorlar” asari va tarjimonlikning jamiyat rivojidagi o‘rni haqida gapirdi.

Tarjimonlikning jamiyat rivojidagi o‘rni haqida

Siyosatshunosga ko‘ra, har qanday jamiyat ma’lum tanazzuldan keyin rivojlanish bosqichiga qadam qo‘yarkan, bunda albatta tarjima yo‘lidan o‘tadi. Xususan, tarixda islom tamadduni ham yoki temuriylar davridagi renessansga ham avvalo tarjimaning rivoji sabab bo‘lgan.

“Bugun jamiyatimizni qanday rivojlantirish mumkinligi haqida juda ko‘p o‘ylanamiz va fikrimcha, bu baribir tarjimadan boshlansa kerak. Biz o‘tkazib yuborgan uzoq yillar davomida (bu SSSR davridagi mustamlaka davrini ham, Islom Karimov davri turg‘unligini ham o‘z ichiga oladi) ko‘plab kitoblarning o‘zbek tiliga tarjimasidan chetda qolib ketdik. Tabiiy, bu kitoblar o‘zbek tilida gapirmadi va tafakkurimizda ham aks etmadi. Chunki har qanday kitob biror tilga tarjima bo‘lar ekan, o‘sha xalq tafakkuriga singadi.

Fikrimcha, biz uchun hali ham kech emas. Biz ayni shu maqsadda, garchi qator juz’iy kamchiliklar bilan bo‘lsa-da, kitoblar nashrini boshladik. Shu jarayon boshlanganining o‘zi quvonchli.

Biz bugunga qadar ayniqsa, siyosiy kitoblar tarjimasida boshqa xalqlardan orqada qolib ketganmiz. Bu ortda qolish xalqqa o‘z hukumatini, undagi rejimni to‘liq koordinatsiya, kartina sifatida ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yoki hokimiyat bilan bo‘ladigan munosabatlarga to‘g‘ri baho berolmaslik, uning harakatlarini bashorat qilolmay qolish kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Bugun tarjima qilinayotgan kitoblar bizga hokimiyatni tushunish sari ilk qadamlarni qo‘yishga yordam beradi”, – dedi Hamid Sodiq.

“Manipulyativ diktatorlar” asari haqida

Hamid Sodiq o‘z chiqishida o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilingan “Manipulyativ diktatorlar” asari va uning bugungi kun uchun ahamiyati haqida ham gapirdi. Unga ko‘ra, kitob bugungi kunlar uchun shunchalik muhimki, uni tezroq chop etish uchun hatto muallifning ruxsatini olishga ham ulgurilmagan.

“Bugun siz ko‘rib turgan yangi asarlarning aslida mohiyati bir xil. Ya’ni hokimiyatning sokral huquqlaridan biri bu kuch va uni legitim ishlatish hisoblanadi. Bu kuch bugun siz ko‘rayotgan kitobda “yumshoq kuch”, biz tarjima qilgan kitobda esa manipulyatsiya deya talqin qilingan. Ya’ni xalqaro huquqiy masalalarda u yumshoq kuch deyilsa, bugungi kunda demokratik va shu bilan birga avtokratik rejimlarda bu kuchning qo‘llanishi manipulyativ usullarda ham namoyon bo‘lmoqda. Asar mana shu jarayon bo‘yicha qilingan tahlillarga asoslanadi.

Kitob mullifi Sergey Guriyev va Deniyel Treysman hisoblanadi. U 2022 yilda, ingliz tilida yozilgan.

Kitob mualliflaridan biri Guriyevni ko‘pchilik taniydi. U Rossiyada Medvedev prezident bo‘lgan vaqtda prezident maslahat guruhining a’zosi ham bo‘lgan. Guriyev shuningdek, Rossiyadagi oliy Iqtisod universiteti rektori va siyosiy rejimlarni o‘rganuvchi yaxshi politolog ham.

Kitobning asosida eski klassik diktaturalar va zamonaviy avtokratiyalarni solishtirish, qiyoslash yotadi. Bu qiyoslash asosida ma’lum nazariyalar ilgari suriladi. Bu kitob mutolaasi orqali o‘zimizdagi va atrofdagi rejimlar faoliyatini tushuna boshlaymiz, to‘g‘ri baho beramiz. Bu orqali hokimiyatlarning kelgusidagi yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin harakatlarini bashorat qila olamiz.

Shuningdek, yana bir muhim jihat borki, hozirgi zamonaviy, manipulyativ avtokratiyalar ko‘rinishidan go‘yo demokratiya hisoblanadi. Bilimsiz esa buni tushunishi mumkin emas.

Xo‘sh, biz nega “Manipulyativ diktatorlar” kitobini tarjima qildik yoki uning bugungi kunlarimizda muhim ekanini anglab yetdik? Biz buning uchun hatto kitob muallifining ruxsatisiz tarjimani boshladik. To‘g‘ri, biz muallif Sergey Guriyevning elektron pochtasiga, o‘tkazayotgan jonli efirlarida izohlar qismiga ko‘plab xabarlar yozdik. Ammo Sergey Maratovichdan javob kelmadi. Biz shu holatda ham kitobning o‘ta muhim ekanini inobatga olgan holda, uning tarjimasiga kirishdik. Buni aytish juda muhim edi, chunki bog‘lanishga imkon bo‘lmadi.

Bu kitobni shu qadar tez tarjima qilib xalqqa berish kerak, chunki u bugungi kunlarning kitobi. Bugungi avtokratiyalarning zamonaviy tendensiyalari haqida yozilgan kitob.

Biz bugun shunday harakat qilyapmizki, Sergey Maratovich keyinchalik xabar topib, mualliflik bo‘yicha to‘lovlarni so‘rasa, biz uni to‘lab, shartnoma shartlarini bajarishga tayyormiz. Biz kitobning muhimligidan kelib chiqib shunday yo‘l tutishga majbur bo‘ldik. Men shu qatori millatimiz uchun o‘ta muhim kitob ustida ishlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, – dedi u.

O‘zbek jamiyatida manipulyatsiyaga o‘chlik haqida

Siyosatshunos shuningdek, bugungi o‘zbek jamiyatini tahlil qilib, unda manipulyatsiyaga o‘chlik darajasi yuqori ekanini sezishi haqida ham fikrlarini bildirdi.

“Bugun tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘zbek jamiyatida manipulyatsiyaga nisbatan talab, chanqoqlik juda yuqori. Bu qandaydir parodaksal holat. Agar jamiyatimizni kuzatadigan bo‘lsak, deylik, odamlar manipulyatsiya qilinadigan bo‘lsa, ular hali tugallanmagan uyga milliardlab pul to‘laydi. Manipulyativ ma’ruzalar bo‘ladigan bo‘lsa, millionlab pul to‘lab bo‘lsa ham ularga kiradi. Bugun millionlab insonlar bunday harakatlarni qilmoqda. Bugun 100 dollaringni ertaga ming dollar qilib qaytaraman, deyilsa, odamlar uyini ham sotmoqda.

Manipulyatsiyaga bo‘lgan chanqoqlik qayerdan kelgan, men buni bilmayman. Anig‘i shuki, biz hatto yolg‘on ekanini bilib tursak ham manipulyatsiyaga aldanishni yaxshi ko‘ramiz. Bu o‘rganilishi kerak bo‘lgan holat. Chunki bu tafakkur hokimiyatda ham aks etmoqda. Fikrimcha, avtoritar davlatlarda mana shunday manipulyatsiyalarga chanqoqlik kuchli bo‘lsa kerak.

Yangi nashrdan chiqqan kitobning mohiyati shundaki, manipulyativ yoki axboriy avtokratiya, diktaturaning yangi ko‘rinishlarini bartaraf etish uchun bizdagi manipulyatsiyaga bo‘lgan chanqoqlikni o‘zgartirish kerak. Manipulyatsiya qilinishga bo‘lgan istakka qarshi kurashishimiz kerak. Bizning tafakkurimizda bo‘lgan ana shu o‘zgarish esa kelgusida hokimiyatni ham o‘zgartiradi. Ya’ni yaxshi, aldamaydigan, manipulyatsiya qilmaydigan hokimiyatni paydo qiladi. Buning uchun jamiyatga faqat kitob kerak.

Bejiz ko‘plab avtokratik jamiyatlarda desidentlarning (ma’lum tuzumga muxoliflar) eng xavflisi yozadiganlari deyilmaydi. Bu haqda yangi nashrdan chiqqan uchinchi kitob “Kuchsizlar kuchi”da ham so‘z boradi. Gapirilgan gaplar ma’lum hududda qoladi, lekin kitoblar chegara bilmaydi”, – deya siyosatshunos Hamid Sodiq fikrlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid