O‘zbekiston | 19:57 / 21.07.2023
44075
9 daqiqa o‘qiladi

«Prezident hech kimni tashlab qo‘ymaydi» – bosh vazir uy-joy muammosiga uchraganlar masalasida yechimlarni aytdi

Ochilboy Ramatov raisligidagi komissiya Yashnobod tumanida qurilishi rejalashtirilgan uy-joy bilan bog‘liq mojaro yuzasidan o‘rganish ishlarini yakunlab, natijasi yuzasidan asoslangan takliflarni 20 iyul kuni bosh vazirga taqdim etgan. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Bugun, 21 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahrida «Aziya Invest Favorit» MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni fuqarolarga sotilishi yuzasidan kelib chiqqan nizoli vaziyat qatnashchilarini qabul qildi.

Sayyor qabulda mazkur masalani o‘rganish va hal etish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

«Murojaatlaring bo‘yicha farmoyish chiqarganman, bilasizlar. Kecha “komandirovka”dan keldim, 4 kun bo‘lmaganman. O‘rinbosarim Ramatov boshchiligida komissiya qilganman. U yerda adliya, moliya, qurilish vazirligi hamma mutasaddi idoralardan vakillar bor.

Oldin bitta narsani gaplashib olaylik. Hech qaysinglarga davlat mana shu yerdan uy olinglar deb qo‘llaringdan yetaklab olib borgani yo‘q, to‘g‘rimi?! U odam o‘zi [yer] olib, [qurilish] qilyapti, tadbirkor u. Hali qochib ketgani yo‘q, biz uni qamaganimiz yo‘q. Agar sizlar to‘polon qilaversanglar, uni qamab qo‘yamiz, u [sizlardan olgan] pullarni to‘lay olmaydi, uyni ham qurib bitkazmaydi. Sizlarga uy kerak, to‘g‘rimi?!

Hammasini qonuniy qilib hal qilib beramiz. Hammanglarning oldilaringda va’da beryapman. Oltish ikkiga chiqqanman, Toshkentda tug‘ilganman, biror odam meni yolg‘on gapirib ketdi, lafziga javob berolmadi deb ayblay olmaydi. O‘zbekistonda ham, tashqarida ham.

Sizlarning oldinglarga meni hurmatli prezidentimiz yubordilar. Orqanglarda nafaqat biz – bosh vazir, shahar prokurori, qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari va boshqalar, balki prezident turibdi. Shuning uchun qo‘rqmanglar. Men sizlar bilan alohida o‘tirib, birma-bir gaplashib hammasini hal qilamiz», degan bosh vazir.

U shundan keyin murojaatchilarga yechimlarni taklif etgan.

«Lekin men sizlarga “Uch kunda, bir haftada yoki bir oyda hal qilib beraman” deb va’da bermayman. Lekin ketma-ket hamma masalaga yechim topamiz. Ko‘chada qolib ketmaysizlar. Uyning pulini to‘laganlarga yo to‘lagan pulini qaytarib olib beramiz yoki uy qurdirib beramiz.

Uy narxining 50 foizini to‘laganlarga pulini qaytarib olib beramiz. Qo‘shimcha to‘lov qilish masalasi ko‘rib chiqiladi. Agar qurilish materiallari qimmatlashib, narx-navo indeksatsiya bo‘lgan bo‘lsa, unda uy olish uchun indeksatsiyalangan qiymatda to‘lov qilasizlar. Yetmish-sakson foiz to‘lov qilganlar ham qolgan pulni shu taxlitda to‘laydi.

Biz boshqa quruvchini olib kelamiz. Hozirgi quruvchi bu uylarni qurib berolmaydi. Uy uchun yuz foiz to‘lov qilganlarning pulini uning hisobidan undirib olamiz. Boshqa quruvchi uylarni qurib bitkazgach, xarajatlarini hisob-kitob qilib narx chiqaradi. U quruvchiga boshqacha kompensatsiya qildirib beraman qilgan ishlarini. Biz sizlardan bir so‘m foyda qilmaymiz. Va’da beraman bunga. Shu bois ham Prezidentimiz tushuntir ularga deb meni yonlaringga yubordi», degan hukumat rahbari.

Hukumat komissiyasi tomonidan Yashnobod tumani Izzat ko‘chasida «Aziya Invest Favorit» MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarning fuqarolarga sotilishi yuzasidan kelib chiqqan nizoli vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

Pudrat tashkiloti va fuqarolar o‘rtasida uy-joy nizosi oqibatida yuzaga kelgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya tomonidan bosh vazirga quyidagilar taklif qilingan:

Qurilish ishlari davom etayotgan 4 ta uy bo‘yicha:

  • Sud qarorlari va kelishuv bitimlariga asosan banklar balansiga o‘tkazilgan 652 ta xonadon bo‘yicha tijorat banklari bilan kelishuv asosida kredit ta’minotini pudrat tashkilotiga tegishli bo‘lgan va tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga (227,8 mlrd so‘m) almashtirish hisobiga ushbu xonadonlarning fuqarolar nomiga rasmiylashtirilishini ta’minlash.
  • Qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan 4 ta ko‘p qavatli uyni Hukumat komissiyasi nazorati ostida pudrat tashkilotining boshqa mol-mulkini sotish orqali tushgan mablag‘lar (16 mlrd so‘m) hamda fuqarolar tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan yakuniy to‘lovlar (27 mlrd so‘m) hisobidan qisqa muddatlarda qurilish ishlarini yakunlab, fuqarolarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish.

Fuqarolardan pul yig‘ib olingan noqonuniy uy-joy qurilishi loyihasi bo‘yicha:

1-variant: tergov yakunlari bo‘yicha, istisno tariqasida, sudning hal qiluv qarorini kutmasdan fuqarolardan olingan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra jami 161,7 mlrd so‘m pul mablag‘larini pudrat tashkilotining boshqa mol-mulklarini sotish hisobidan qoplab berish.

2-variant:

1) Agarda aksariyat fuqarolar tomonidan pul mablag‘lari olinmagan taqdirda «Toshkent shahar suvta’minoti» MChJga tegishli bo‘lgan 4,5 gektar yer maydonini shahar hokimligi tasarrufiga qaytarib, alohida auksion orqali sotish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilish.

2) Salohiyatli yangi pudrat tashkiloti yopiq auksion orqali yer maydonini sotib olib, Qurilish va kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlangan loyiha taklifi asosida 2 mingta xonadonli 25 ta 16 qavatli uy-joylar qurilishini amalga oshirish va boshqa shu singari takliflar.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov murojaatchilar bilan keyingi uchrashuv avgust oyida o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Bosh vazir matbuot kotibining ta’kidlashicha, hukumat komissiyasi  ishlab chiqqan takliflar Abdulla Aripov tomonidan ikki hafta ichida ko‘rib chiqiladi va natijasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.

«Qabul yakunida ular bilan navbatdagi yakuniy uchrashuv joriy yil avgust oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi aytildi», deya ma’lum qilgan u o‘z Telegram-kanalida.

Bosh vazir jabrlanuvchilar bilan uchrashuvda Foto: Bosh vazir matbuot kotibi

6 iyul kuni «Aziya Invest Favorit » MChJ bilan Toshkent shahri Yashnobod tumani Izzat ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uylardan kvartira sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qilib, oradan bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay qurilish ishlari hali boshlanmaganidan shikoyat qilishgandi.

Bundan tashqari, bir guruh fuqarolarning videomurojaatlari YouTube platformasiga ham joylashtirilgan, Telegram-kanallarda xaridorlar va qurilish firmasi xodimlari o‘rtasidagi mojaroli tortishuvlar aks etgan videolar tarqalgandi.

Kun.uz’ning prokuraturadagi manbasiga ko‘ra, «Aziya Invest Favorit» MChJ mansabdorlari tomonidan fuqarolarga yetkazilgan zarar hozirgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 300 milliard so‘mdan oshadi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tahririyatga yo‘llangan murojaatlarda aldangan fuqarolar quruvchilar avvalboshdan uy qurish niyatida bo‘lmagani, uylarning kvadrat metri uchun poytaxt bo‘yicha eng arzon narx belgilab, shu yo‘l bilan ko‘pchilikni tuzoqqa tushirishgani, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu firibgarlik sxemasi va ancha oldin yo‘llangan shikoyatlarni e’tiborsiz qoldirganini yozishgan.

Kun.uz’da e’lon qilingan maqola ortidan 6 iyul kuni zudlik bilan Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi tashkil etilib, Izzat turar joy majmuasidan uy sotib olmoqchi bo‘lib, aldanib qolgan fuqarolarning muammosini o‘rganish va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilgani ma’lum bo‘ldi.

«Aziya Invest Favorit» MChJ va fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan muammoli masalalarni tezkor hal qilish va uy-joylar qurilishini to‘liq, sifatli va tezkor yakunlab foydalanishga topshirish maqsadida tuzilgan komissiyaga bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rais etib belgilangandi.

Mavzuga oid