Jahon | 08:40 / 22.07.2023
6390
2 daqiqa o‘qiladi

Jyeyk Sallivan: «Vagner» Ukrainadagi urushda qatnashmayapti

«Vagner» XHK yollanma askarlari hozirda Ukraina hududida jang qilmayapti. Bu haqda 21 iyul kuni Aspen xavfsizlik forumida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ma’lum qildi. 

Sky News kanali veb-saytida ta’kidlanganidek, Sallivan o‘z bayonotini XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin tomonidan shu hafta e’lon qilingan Belarusiyadan olingan video bilan bog‘liq holda aytdi. 

Prigojinning aytishicha, «Vagner» jangarilari hozircha Ukrainadagi urushda qatnashmayapti, biroq «vagnerchilar» Belarus armiyasi bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani haqidagi ma’lumotlar xavotir uyg‘otadi, deb yozadi Sky News.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining muntazam sharhiga ko‘ra, yaqin kunlarda «Vagner guruhi» mahkumlar orasidan so‘nggi yollanma askarlarni xizmatdan ozod etadi va ularning katta qismi ushbu XHKda shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirish taklifini qabul qilishi mumkin.

Idora tomonidan keltirilgan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, qamoqxonalarda askarlarni yollash bo‘yicha eng katta ko‘rsatkich 2023 yil boshida sodir bo‘lgan. Uning natijalariga ko‘ra, 40 mingga yaqin mahkum urushga jo‘natilgan. 

Britaniya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, mahbuslarni yollash Rossiya qo‘shinlariga so‘nggi yutuqlaridan birini - Baxmutni qo‘lga olish va «Vagner» XHKni «hokimiyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatuvchi» tashkilotga aylantirish imkonini berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid