Jahon | 08:54 / 24.07.2023
4608
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada konservatorlar ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmagan holda saylovda g‘alaba qozondi

Ispaniya konservatorlari saylovlarda g‘alaba qozondi, lekin o‘ng qanot populistlari bilan birga ular parlamentda ko‘pchilik o‘rinni egallay olmaydi.

Foto: Manu Fernandez/AP Photo/picture alliance

Ispaniyada parlamentdagi 136 o‘rinni Alberto Feyxooning konservativ Xalq partiyasi egallaydi, amaldagi bosh vazir Pedro Sanchesning Ispaniya Sotsialistik Ishchi partiyasi (ISIP) esa qonun chiqaruvchi organda 122 o‘ringa ega bo‘ladi. Bundan 24 iyul, dushanbaga o‘tar kechasi mamlakatda navbatdan tashqari umumiy saylovlarda byulletenlarni hisoblash natijalari darak beryapti.

Shu bilan birga, saylovchilarning 12,4 foizi o‘ta o‘ng «Voks» partiyasiga ovoz berdi, bu esa unga parlamentda 33 o‘rin beradi. Hozirgi mehnat va ijtimoiy iqtisodiyot vaziri Yolanda Dias boshchiligidagi «Sumar» partiyasining chap qanot populistlari esa parlamentda 31 o‘ringa ega bo‘ladi. 

Mavjud vaziyat «siyosiy boshi berk ko‘chaga» olib kelishi mumkin, chunki ehtimoliy koalitsiyalardan hech biri parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilish uchun yetarlicha aniq ovoz to‘play olmagan, deb yozadi APE agentligi. Shu tariqa, «Voks» bilan birlashishi bashorat qilingan konservatorlar, bu holatda ham 350 o‘rindan atigi 169tasini oladi, ISIP, «Sumar» va koalitsiyadagi bir qancha kichik partiyalar esa jami 172 o‘ringa ega bo‘ladi. 

Shu bilan birga, mintaqa mustaqilligi tarafdori bo‘lgan va parlamentda yetti o‘rinni qo‘lga kiritgan Kataloniyaning Juns partiyasi lagerlarning birortasiga qo‘shilmagan. Uning norasmiy rahbari, Madrid noqonuniy deb hisoblagan mintaqani ajratish bo‘yicha referendumdan so‘ng mamlakatni tark etgan Kataloniya sobiq prezidenti Karlos Puchdemon ham ISIP, ham Xalq partiyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi.

Koalitsiyalarning hech biri Kongressda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish uchun 176 ovozlik ko‘rsatkichdan o‘ta olmasa, mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid