«Rossiya va Ukraina ajalvor hujumlar va qarshi hujumlar girdobiga tushib qoldi». G‘arb nashrlari frontdagi janglar haqida nimalar yozmoqda?
Ukraina qo‘shinlarining Rossiya mudofaasini yorib o‘tish uchun yoz boshida boshlagan harakatlari kutilgan natijalarni bermayapti.
The Wall Street Journal: qurol yetishmasligi va askarlar yetarlicha tayyorgarlikka ega emasligi Ukraina qurolli kuchlarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yishi mumkin
2023 yil bahorida Ukraina frontda keng ko‘lamli qarshi hujum boshlaganida g‘arblik harbiylar Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlarini bosib olingan hududlardan surib chiqarish uchun kerakli darajada tayyorgarlikka va qurollar arsenaliga ega emasligini bilishardi. Ammo ular ukrainlarning mardonavorligi va topqirligi g‘alaba qozonish imkonini berishiga umid qilishgandi.
Bu ishonch o‘zini oqlamadi, deb yozadi The Wall Street Journal. Ukraina qurolli kuchlari 2023 yilda keng ko‘lamli muvaffaqiyatga erishishi ehtimoli pasaymoqda va Vashington hamda ittifoqchilar uzoq davom etadigan urushning xavotirli istiqboliga duch kelishmoqda, bu esa navbatdagi zamonaviy qurollarni yetkazib berish va ukrain harbiylarni qo‘shimcha tayyorlashni talab etadi.
2024 yilda ham AQSh prezidentligiga saylanish niyatida bo‘lgan Jo Bayden ma’muriyati qarshisida Kiyevga yordamni saylovoldi kampaniyasining ichki maqsadlari bilan muvozanatlashtirishdek qiyin vazifa turibdi. The Wall Street Journal nashri yozishicha, AQShning bunday beqarorligi Yevropa yetakchilarining o‘zgarayotgan kayfiyati bilan tobora farqlanmoqda, yevropaliklar orasida qit’a xavfsizligi uchun Ukrainaning to‘liq g‘alabasi zarur degan ishonch ortib bormoqda. Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlarida bu g‘alabani mustahkamlash uchun resurslar yetarli emas. G‘arblik diplomatlar agar Vashingtonning qo‘llovi susayishini sezsa, yevropalik yetakchilar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi dargumon ekanini aytmoqda.
Bir yil muqaddam Ukraina Rossiyaning aviatsiyadan foydalanish imkoniyatlari cheklangan quruqlikdagi beso‘naqay kuchlariga qarshi yuqori darajada mobil, markazlashtirilmagan mudofaadan muvaffaqiyat bilan foydalangandi. Hozir esa frontdagi vaziyat keskin o‘zgargan: Ukraina Rossiya qo‘shinlarining oylar davomida qurilgan kuchli mudofaa pozitsiyalariga yurish qilmoqda. G‘arb harbiy doktrinasiga ko‘ra, mustahkam pozitsiyalarida o‘rnashgan raqibga hujum qilish uchun son jihatdan kamida uch barobar ko‘proq kuchlarga ega bo‘lish hamda havo va quruqlik qo‘shinlarining yaxshi muvofiqlashtirilgan kombinatsiyasidan foydalanish kerak. Harbiy tahlilchi Frans-Stefan Gedi buning uchun Ukrainaga resurslar yetishmasligini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari osmonda ustunlikka ega emas, busiz esa murakkab hujum amaliyotlari o‘tkazish imkonsiz. Harbiy ekspertlar aytishicha, g‘arbdagi armiyalarning hech biri raqibning mustahkamlangan mudofaasiga havodagi ustunlikni ta’minlamasdan hujum qilmaydi. Kiyevda Amerikaning Patriot batareyalari yoki nemislarning Gepard kabi tizimlari front chizig‘iga yaqin joylashtirish uchun yetarli emas. Havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmasligi Rossiya front chizig‘ining katta qismida havoda ustunlik qilishiga imkon beradi.
Xuddi shu sabab tufayli Ukraina bir necha oy davomida Amerikaning F-16 samolyotlari yetkazib berilishi uchun harakat qildi. Ukrainalik uchuvchilar allaqachon ushbu qiruvchi samolyotlarni boshqarish uchun tayyorlanmoqda, ammo AQSh ma’muriyati hamon bu samolyotlarni Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilmadi. Tahlilchilar fikricha, samolyotlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun ta’minot zanjirini yaratishga bir necha oy ketadi, shuning uchun F-16 samolyotlarini jang maydonida 2024 yildan oldin kutmaslik kerak.
The New York Times: holdan toygan askarlar, ishonchsiz qurollar — Ukraina frontda ko‘p muammolarga duch kelmoqda
Rossiya va Ukraina halokatli hujumlar va qarshi hujumlar girdobiga tushib qoldi, deb yozadi The New York Times. Rossiya artilleriyasi endi yaqqol ustunlikka ega emas, ukrain kuchlarining ilgarilashi esa Rossiyaning tig‘iz minalangan maydonlar bilan himoyalangan mustahkam mudofaasi tufayli sekin kechmoqda. Ukraina mudofaa urushiga yaxshi moslashgandi, ammo Ukraina qurolli kuchlarining hujum amaliyotlaridagi yutuqlari juda kamtarona bo‘lmoqda.
Kichik hududlarni egallash ulkan yo‘qotishlar evaziga juda qimmatga tushmoqda. Ukrain piyodalari endilikda okoplarga hujum qilishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, ammo ularning saflaridagi yo‘qotishlar kam ta’lim ko‘rgan va nisbatan keksaygan askarlar hisobiga to‘ldirilmoqda, deya yozadi NYT.
Urushning ikkinchi yili ketmoqda. Ikki armiya ham istehkomlar barpo etish va himoyalash hadisini olgan, shuning uchun xandaqlarni shturm qilish Ukraina qurolli kuchlari uchun nisbatan muhim va xavfli vazifaga aylangan. Boshqa ixtisoslashgan ko‘nikmalarga o‘rgatish xandaq janglari foydasiga ikkinchi planga o‘tgan.
Ko‘plab ukrain tuzilmalari saflarini muvaffaqiyatli shturmlar o‘tkazishga qodir bo‘lgan saralangan askarlar bilan to‘ldirishda muammolarga duch kelmoqda. Safdan chiqqanlar o‘rniga ba’zida yoshi o‘tib qolgan yangi safarbar qilinganlar keladi. «40 yoshli kishi yaxshi piyoda yoki pulemyotchi bo‘lishini kutmaslik kerak», — deydi nashr jurnalistiga bo‘linmasi o‘nlab askarlaridan ayrilgan ukrain komandiri. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar nafaqat yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘ladi, balki bunday yangi askarlar buyruqlarni so‘zsiz bajaradi ham.
Frontda Ukraina qurolli kuchlari o‘q-dorilar taqchilligini ham his qilmoqda. Bundan tashqari, ular turli mamlakatlardan kelmoqda va snaryadlarning zarba berishdagi aniqligi bir-biridan keskin farqlanadi. Qolaversa, xorijdan yuborilgan ayrim eski snaryad va raketalarni otishda muammo chiqib, texnikalarga zarar keltirmoqda va askarlarni yaralamoqda.
Ukrainlar uchun yana bir muammo rossiyaliklarning «Lanset» kamikadze dronlari tomonidan tug‘dirilmoqda. Ular ukrain artilleriya qismlari va mexanizatsiyalashgan bo‘linmalarini o‘z pozitsiyalarini yashirishda keng ko‘lamli choralar ko‘rishga majbur qilmoqda. Ayrim tankchilar hatto o‘z minoralariga qo‘lbola zirhlar payvandlab, «Lanset»larni to‘xtatishga urinmoqda. Ukrain harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, «Lanset»larni urib tushirish juda qiyin, chunki ular oddiy dronlardan ko‘ra, boshqariluvchi aviabombalarga o‘xshaydi. Shuningdek, ularni radioelektron kurash vositalari bilan ishdan chiqarib bo‘lmaydi, bu borada ham rossiyaliklar hozircha Ukraina qurolli kuchlari imkoniyatlaridan ustunroq.
The Observer: G‘arb Ukraina qo‘shinlarini tayyorlashga e’tibor qaratishi kerak
G‘arbning qo‘llab-quvvatlovi Ukrainaga frontda Rossiya qo‘shinlariga nisbatan katta ustunlik taqdim etdi, ammo Kiyevning xalqaro hamkorlari so‘nggi oylardagi xatolarini baholab, tuzatishlari kerak, deb yozadi Britaniya qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan institutining (RUSI) urush olib borish bo‘yicha katta ilmiy xodimi Jyek Uotling.
2022 yil yozidayoq Kiyev ukrainlar muvaffaqiyatli hujum amaliyotlari o‘tkazish uchun nimalar kerakligini aniq ko‘rsatib bergandi. Bu birinchi navbatda artilleriya, muhandislik vositalari, taktik havo mudofaasi, ko‘chib yuruvchi mudofaa vositalari (piyodalar mashinasi va boshqalar) va xodimlarni tayyorlash. Hamkorlar yetarli miqdorda artilleriya, snaryadlar va BTRlar yetkazib berdi, ammo muhandislik vositalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari — kamroq bo‘ldi. Sentyabr oyidan Ukraina g‘arb tanklari va zirhlangan piyodalar mashinalari (BMP) so‘ray boshladi, ammo ittifoqchilar bu boradagi qarorni faqat yanvar oyiga kelib qabul qilishdi va shu vaqtgacha uning faqat bir qismi bajarildi.
Ko‘p oylik kechikish rus qo‘shinlariga «Surovikin liniyasi» deb atalgan, minalangan maydonlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda radioelektron kurash vositalari bilan himoyalangan mudofaa chizig‘ini barpo etish uchun vaqtdan yutish imkonini berdi. Bu liniya kuchli artilleriya va aviatsiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlovga ega. Bu esa ukrainaliklarning vazifasini ancha qiyinlashtirdi. Ukraina kuchlari turli tayyorgarlik holatida bo‘lgan G‘arb tizimlarini o‘zlashtirish va o‘z harbiylarini juda murakkab taktik vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga tayyorlash uchun ikki oylik muddatga ega bo‘ldi.
Ikkinchi muammo shundaki, ukrain harbiylarini shug‘ullantirish jarayoni yaxshi o‘ylab chiqilmagan. Ukrainada askarlarni individual tayyorlash mumkin, ammo katta bo‘linmalar uchun bu imkonsiz, chunki poligonlar rossiyaliklarning zarbalari uchun nishon bo‘lib qolmoqda. Kollektiv tayyorgarlik Yevropa poligonlarida tashkil etiladi. Ammo ukrain harbiylari u yerda to‘liq tayyorgarlik olmasliklarini aytishgan, chunki bu poligonlarda NATO sertifikatlarini olmagan o‘z harbiy tizimlaridan foydalana olishmaydi. Ukraina qurolli kuchlarining allaqachon mavjud kuchli tomonlariga e’tibor qaratiladigan o‘qitish usullarini joriy qilish mumkin, ammo buning uchun o‘quv kurslarini ishlab chiqishga ukrainlarning o‘zlarini ham taklif etish kerak bo‘ladi (bunga esa vaqt yo‘q).
Yana bir muammo — byurokratik cheklovlar. Bu birinchi navbatda, sanoat siyosatida namoyon bo‘ladi. 2022 yil iyulidayoq NATO snaryadlari zaxiralari Ukrainaga yetkazib berishni ta’minlash uchun yetarli bo‘lmasligi ma’lum edi, ammo a’zo mamlakatlar o‘q-dorilarni ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga shoshilmayapti — artilleriya qurilmalarini ishlab chiqishni ham. Agar bu muammo yechim topmasa, hozir Ukraina ega bo‘lib turgan ustunlik barham topadi, deya xulosa qilgan Jyek Uotling.