«Bu kompyuter o‘yini emas». Ukraina mudofaa vaziri qarshi hujum sekin ketayotgani bo‘yicha izoh berdi
Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov SNN telekompaniyasi uchun bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi rejalashtirilganidek tez kechmayotganini tan oldi, ammo amaliyot natijalaridan «qayg‘urmasligi», chunki u reja bo‘yicha olib borilayotganini ta’kidladi.
Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, yurish tez bo‘lishi kerak degan tasavvur haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Ukraina mudofaa idorasi rahbari mamlakat qurolli kuchlarining yurishi kutilganidan ko‘ra sekin rivojlanayotganining bir qancha sabablarini, jumladan o‘q-dori yetishmovchiligi, snaryadlar va artilleriya tizimlari yetishmovchiligini aytib o‘tdi.
«Bu havo hujumidan mudofaa masalasi. Bu shuningdek front chizig‘i juda uzunligi masalasi ham. Va bizga qarshi ko‘p sonli dushmanlar kurashmoqda. Urush shunaqa. Bu kompyuter o‘yini emas», — degan Reznikov SNN telekompaniyasi uchun o‘tgan hafta oxirida bergan intervyusida.
Ukraina qurolli kuchlari iyun oyi boshida yurish amaliyotlarini boshlagandi, ammo shu vaqtgacha Rossiya armiyasi mudofaa chiziqlarini tezlik bilan yorib o‘ta olmadi.
Ukrain harbiylari asosiy harakatlarni frontdagi uchta uchastkaga jamlagan, bular Baxmut atrofi, Donetsk va Zaporijjya oblastlari tutashgan hudud (Velika Novosilka qishlog‘idan janubdagi «Vremevka bo‘rtig‘i» deb ataluvchi hududlar), shuningdek Orixiv shahridan janubdagi hudud.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, qarshi hujumning birinchi to‘lqinida ma’lum miqdorda texnikalar, jumladan g‘arb tomonidan yetkazib berilgan tanklar va zirhli piyodalar mashinalari yo‘qotilgach, ukrain harbiylari taktikani qayta ko‘rib chiqishgan. Ularning fikricha, endilikda Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlarini tizimli ravishda yo‘q qilishga harakat qilmoqda va raqib mudofaasida muammolar paydo bo‘lishi bilan bundan foydalanishga kirishishni ko‘zlagan.
Ukraina qurolli kuchlarining yurishi rejalashtirilganidan sekinroq kechayotganini iyun oyi oxirida BBC bilan suhbatda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham aytib o‘tgandi.
Reznikov SNN telekanaliga «generallar, komandirlar jang maydonidagi real vaziyatni yaxshiroq ko‘rishi»ni aytgan. «Yana bir bor takrorlashim kerakki, biz uchun asosiy qadriyat — harbiylarimizning hayotidir», — deya qayd etgan vazir.
SNN Ukraina qurolli kuchlari asosiy yurish harakatlarini olib borayotgan janubiy frontdagi vaziyat asosan rossiyaliklar tomonidan minalab tashlangan keng maydonlar tufayli murakkabligicha qolayotganini qayd etgan.
Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari dalalardagi so‘qmoqlar bo‘ylab harakatlanib, yo‘llarni minalardan qo‘lda tozalashiga to‘g‘ri kelmoqda. Mudofaa vaziriga ko‘ra rossiyaliklarda «minalangan jiddiy himoya hududi» mavjud va ular orqali «yorib o‘tish juda qiyin».
«Biz chinakamiga yurish harakatlariga yo‘laklar tayyorlash uchun o‘z harbiylarimiz, sapyorlarimizdan foydalanishimiz, minalangan maydonlarni asta-sekinlik bilan tozalashimiz kerak», — degan Reznikov.
U rossiyaliklar asosiy zarba yo‘nalishini topa olmasligi uchun ukrain qo‘shini turli yo‘nalishlarda hujumlar uyushtirayotganini ta’kidlagan.
«2024 yil yozigacha g‘alaba va NATOga kirish»
Reznikov urushning borishi haqida to‘xtalib, u keyingi yil yozigacha Kiyevning g‘alabasi bilan tugashi — va shundan keyin Ukraina NATOga a’zo bo‘lish uchun taklif olishi mumkinligini aytgan.
Reznikov Shimoliy Atlantika alyansining keyingi yil iyulida Vashingtonda o‘tkaziladigan navbatdagi sammiti blok tashkil topganining 75 yilligiga to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratgan.
«Kim aytdi deysiz, bu ehtimol Ukraina uchun juda muhim bo‘lar. Bu faqat mening prognozim», — degan Ukraina mudofaa vaziri.
NATOning yaqinda Vilnyusda o‘tkazilgan sammitida alyans a’zolari Ukrainaning kelajagi blokda ekanini aytishgan, ammo uning a’zo bo‘lib kirishining aniq vaqtini keltirishmagandi. Ular Ukraina NATOga faqat barcha zarur shartlar bajarilganida va barcha a’zolar buni ma’qullaganida kirishi mumkinligini bildirishgan.
Reznikov Ukraina NATOga Rossiya bilan urush yakunlanmagunicha a’zo bo‘la olmasligini tan olgan. Urush 2024 yilgi sammitgacha yakunlanishi mumkinmi, deya berilgan savolga javoban esa darhol javob qaytargan: «Ha. Biz bu urushda yengamiz».
Ukraina harbiy vazirligi rahbari mamlakat qurolli kuchlari bundan keyin ham Kerch bo‘g‘ozidagi ko‘prik va Qrim yarimoroli bo‘ylab zarba berishda davom etishini ta’kidlagan.
«Bu nishonlarning barchasi qonuniy, chunki bu [ularga zarba berilishi] Rossiyaning bizga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi va ukrainaliklarning hayotini saqlab qolishga yordam beradi», — degan Reznikov.
Ukraina ko‘prikni butunlay vayron qilmoqchimi, degan savolga Reznikov dushman logistika liniyalarini yo‘q qilishni ularni ko‘proq o‘q-dorilar, yonilg‘i, oziq-ovqat va boshqalarni olish imkoniyatidan mahrum qilish uchun mo‘ljallangan «oddiy taktika» deb atadi.
«Shuning uchun biz ularga qarshi bu taktikani qo‘llaymiz», deya qo‘shimcha qildi vazir.
O‘tgan haftaning seshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari Qrimdagi o‘q-dorilar saqlanadigan omborga zarba yo‘lladi, undan oldinroq esa Qrim ko‘prigi dengiz dronlari orqali portlatilgandi.
Dushanba kuni ham Qrimda dronlar hujumi oqibatida o‘q-dori omborida portlash ro‘y bergan.
Ukrainaga F-16 qiruvchilari qachon yetkazib beriladi?
Ukraina mudofaa vazirligi rahbari ukrain uchuvchilari Kiyev G‘arbdan yetkazib berishni so‘rayotgan F-16 samolyotlarida mashg‘ulotlar o‘tkazishi masalasida ham gapirgan.
Reznikovning aytishicha, ukrain pilotlarini o‘qitish avgust oyida boshlanadi va «kamida olti oy» vaqt oladi. Shu tariqa, eng optimistik ssenariyda ukrain pilotlari Ukraina osmonida F-16 samolyotlarida keyingi yil bahoriga borib parvozlarni boshlashi mumkin.
NATOning Vilnyusdagi sammiti vaqtida Reznikov ukrain uchuvchilarini g‘arb namunasidagi qiruvchi samolyotlarda parvoz qilish uchun tayyorlash bo‘yicha memorandumni imzoladi, bu jarayonda quyidagi 11 mamlakat ishtirok etadi: Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Kanada, Lyuksemburg, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya.
Ukrainaga g‘arb qiruvchi samolyotlarini aynan qaysi mamlakat yetkazib berishi hozircha noma’lum. Avvalroq g‘arbning ayrim mamlakatlari bu masala faol muhokama qilinayotgani haqida xabar bergandi.
Kassetali o‘q-dorilar haqida hisobot
Reznikov shuningdek, Ukraina shu haftada Pentagonga Ukraina qurolli kuchlari Qo‘shma Shtatlar yetkazib bergan kassetali o‘q-dorilardan naqadar samarali foydalanayotgani haqida hisobot taqdim etishini aytdi.
CNN uchun intervyuda u hozirda o‘zi ham bu hisobot kelishini intiqlik bilan kutayotgani, shundan keyin uni amerikalik hamkorlarga yetkazishini aytgan.
«Umid qilamanki, bu o‘q-dorilar oddiylariga qaraganda ancha samaraliroq bo‘ladi», — degan Reznikov.
AQSh ma’muriyati Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Jon Kirbi o‘tgan haftada Ukraina Amerikaning kassetali o‘q-dorilarini qabul qilib olgani va ularni jang maydonida qo‘llashni boshlaganini ma’lum qilgandi. Kirbining so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar bu o‘q-dorilardan samarali va o‘rinli foydalanmoqda, bu esa allaqachon ma’lum natijalarni keltirgan.
Reznikov hisobot e’lon qilinmaguncha, batafsil ma’lumotlarni taqdim etishni istamagan, ammo u kassetali o‘q-dorilar «ayniqsa artilleriya tizimlari, xususan kontrbatareya janglari vaqtida, shuningdek, dushmanning zirhli transport vositalariga qarshi samarali bo‘lishini, bundan tashqari, jang maydonidagi piyodalarga qarshi yaxshi samara keltirishi»ni kutayotganini aytgan.
Ukrainalik vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish bo‘yicha kelishuv doirasida Pentagonga shunday hisobot berish majburiyatini olgan.
Avvalroq AQShdagilar xalqaro konvensiya tomonidan taqiqlangan bunday snaryadlarni Ukrainaga topshirish (lekin AQSh ham, Ukraina ham, Rossiya ham konvensiyani imzolamagan) — standart 155-mm kalibrli artilleriya snaryadlari tugab qolgani natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik holat ekanini ta’kidlagandi.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024