O‘zbekiston | 21:54 / 27.07.2023
36707
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etildi

Prezident viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qildi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Shuningdek, davlatimiz rahbari viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qildi. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i M.Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi», deyiladi xabarda.

Polkovnik Muhiddin Jo‘rayev 2014-2016 yillarda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIB boshlig‘i, 2016-2018 yillarda Sirdaryo viloyat IIB boshlig‘i, 2018-2019 yillarda ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, 2019 yil iyulida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallagan.

U 2019 yilning noyabr oyi oxirlarida prezident qarori bilan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingandi. 2020 yilning fevralida esa Qo‘qon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan, 2020 yil sentabr oyida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

2022 yil fevralida Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni Farg‘ona shahrining Yangi asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgandi.

Mavzuga oid