Jahon | 09:34 / 27.07.2023
25412
5 daqiqa o‘qiladi

Nigerda harbiylar prezident ag‘darilganini e’lon qildi

Niger prezidenti Muhammad Bazum o‘z qo‘riqchilari tomonidan qo‘lga olingan. G‘arbiy Afrika davlatidan bir-biriga zid bo‘lgan xabarlar kelyapti.

Armiya xalqqa murojaat qilyapti / Foto: ORTN/Reuters

Niger prezident gvardiyasi askarlari mamlakat rahbari Muhammad Bazumni qo‘lga oldi. Isyonchilar poytaxt Niameydagi prezident saroyini bloklab qo‘ygan. Shu bilan birga, bino hududida vaziyat tinchligicha qolyapti, otishma kuzatilmagan.

Harbiylar milliy televideniye orqali prezident Muhammad Bazuma ag‘darilgani haqida e’lon qildi.

Ular shuningdek konstitutsiya va barcha davlat institutlari faoliyati to‘xtatilgani hamda mamlakat chegaralari yopilganini ma’lum qilgan.

General-polkovnik Amadu Abdurahmon to‘qqiz nafar harbiy xizmatchi qurshovida turgan holda televideniye orqali chiqish qildi.

«Biz, mudofaa va xavfsizlik kuchlari siz bilgan rejimga barham berishga qaror qildik. — degan telemurojaatida general. — Bu xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashuvi hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi qoniqarsiz boshqaruv tufayli bo‘ldi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirliklar rahbarlari o‘z kundalik vazifalarini bajarishda davom etadi.

«Barcha tashqi hamkorlardan aralashmaslik so‘raladi, — deya davom etgan general. — Chegaralar vaziyat barqarorlashmagunicha yopiladi».

26 iyul kuni Muhammad Bazum Niameydagi qarorgohida prezident gvardiyasi askarlari tomonidan qamalda qolgani ma’lum bo‘lgandi. Shu bilan birga, prezident ofisidagilar respublika qurolli kuchlari prezident gvardiyasi askarlari isyonini qo‘llab-quvvatlamayotganini ma’lum qilgandi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish isyonchilar tomonidan o‘z saroyida tutib turilgan prezident Bazumga qo‘ng‘iroq qilishgan va uni qo‘llab-quvvatlashlariga ishontirishgan.

G‘arbiy Afrika mamlakatlari mintaqaviy ittifoqi (Ecowas) Nigerdagi isyonga urinish haqida e’lon qildi va uni keskin qoraladi. Benin prezidenti Patris Talon muzokarachi sifatida Nigerga yo‘l oldi.

Shuningdek, o‘zini Vatan mudofaasi bo‘yicha milliy kengash deb atagan yangi harbiy xunta mamlakatda mahalliy vaqt bilan soat 22:00 dan 05:00 ga qadar komendantlik soati joriy etgan.

Jeune Afrique nashriga ko‘ra, Bazumning prezident gvardiyasi qo‘mondoni general Umar Chianini ishdan olish niyati isyonga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chiani sobiq prezident Muhammad Issufu davridan buyon shu lavozimda edi.

Niger — G‘arbiy Afrikaning dengizga chiqish imkoni yo‘q davlatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat aholisi — 25 mln kishi atrofida, umumiy maydoni — 1,267 mln kv. km (dunyoda 21-o‘rin).

Niger Afrikadagi eng qashshoq va «to‘ntarishlarga eng moyil» davlatlardan biri, deb yozadi AFP. 

Muhammad Bazum — 2021 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonib, Nigerning yettinchi prezidentiga aylangan. Bazum qasamyod qabul qilishidan biroz avvalroq, 2021 yil martida Nigerda davlat to‘ntarishiga urinishining oldi olingandi.

Prezident Bazum Fransiyaning yaqin ittifoqchisi sanaladi. U oldingi prezident davrida IIV va TIV rahbari lavozimlarida ishlagan.

Niger prezidenti Muhammad Bazum (Foto: Temilade Adelaja / Reuters)

1960 yilda Fransiyadan mustaqillik qo‘lga kiritilganidan buyon Nigerda to‘rt bor davlat to‘ntarishi amalga oshirilgan, shuningdek bir necha urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Mamlakatda so‘nggi davlat to‘ntarishi 2010 yil fevralida ro‘y bergan va prezident Mamadu Tandjaning ag‘darilishi bilan yakunlangan.

Nigerda jangarilar ham faol harakatlanadi. Bunday guruhlardan biri mamlakat janubi-g‘arbiga 2015 yilda qo‘shni Malidan kirib kelgan, ikkinchisi janubi-sharqda harakatlanadi, bu guruh bazasi esa qo‘shni Nigeriyaning shimoli-sharqida joylashgan.

Mamlakatda ham «Al-Qoida», ham IShID bilan aloqador guruhlar faoliyat yuritadi.

Yaqinda qo‘shni mamlakatlar - Mali va Burkina-Fasoda - jihodchilar tashabbusi bilan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishlari ro‘y bergandi.

Poytaxt Niamey ko‘chalarida tinch vaziyat hukmron. Foto: Getty Images

Nigerdagi voqealar 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Afrika sammiti arafasida rivojlanmoqda.

Afrika mamlakatlarining ko‘pchilik yetakchilari sammitda qatnashishdan bosh tortgan.

TASS agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Bazumning sammitga tashrifi rejalashtirilmagandi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Nigerning boshqa rasmiylari ham ishtirokchilar ro‘yxatida yo‘q.

«Niger sammit ishida qatnashmaydi, bu so‘nggi voqealar bilan bog‘liq emas», - degan boshqa bir manba RIA Novosti agentligiga.

Mavzuga oid