Sport | 18:13 / 27.07.2023
27581
11 daqiqa o‘qiladi

«U tomog‘imdan bo‘g‘di». Isko «Real»dan ketish sababi, Monchi bilan mojaro va Berlindagi masxarabozlik haqida

«Real»ning sobiq yulduzi, YeChLda besh bor g‘olib bo‘lgan futbolchi sakkiz oy mobaynida futboldan tashqarida qoldi.

Foto: FRAN SANTIAGO/GETTY IMAGES

Isko bir paytlar ispan futbolining eng yorqin yosh futbolchilaridan biri bo‘lgan, o‘z vaqtida o‘sha mashhur «Barsa uchligi» qatorida tilga olinar, «Real» hatto uni deb Mesut O‘zildek futbolchini o‘ylab o‘tirmay sotib yuborgandi. Ammo futbolchining faoliyati kutilgandek kechmadi, so‘nggi paytlarda esa, umuman futboldan chetda qoldi, «Sevilya» bilan shartnomasini bekor qildi. Yangi mavsumda esa hammasi boshqatdan boshlanishi mumkin.

U o‘z faoliyatini «Betis»da davom ettiradigan bo‘ldi: klub ispaniyalik futbolchi bilan erkin agent sifatida bir yillik shartnoma tuzganini rasman e’lon qildi. Iskoni «Taxtlar o‘yini» serialiga havola o‘laroq, Jon Snouning tirilish sahnasini, ortidan esa, futbolchining o‘zini qahramon obrazida namoyish qilishdi.

O‘xshatish o‘rinli, zero Isko ham qariyb sakkiz oydan beri futbol o‘ynamayotgandi, uning so‘nggi rasmiy o‘yini o‘tgan yilning noyabr oylariga to‘g‘ri keladi. 31 yoshli futbolchi Andalusiyaga ketish oldidan Marca nashriga intervyu berdi. Unda Isko ancha ochiq gapirdi, muxlislar va matbuot uchun jumboq bo‘lgan Monchi voqeasi, Berlin klubiga transferi mavzulariga oydinlik kiritdi.

Nega besh yil sukut saqladi?

«So‘nggi vaqtlarda jurnalistlar qarshisiga chiqish biroz noqulay bo‘lgandi. Sport jurnalistikasining bugungi holati menga yoqmaydi – avval xabarni chop etishadi, ana undan keyin faktlarga to‘xtalinadi. Eng avvalo, hammamiz tirik jonmiz, oilamiz, bolalarimiz bor. Ba’zi noto‘g‘ri xabarlar tarqalganda bizga zarar keltiradi», – deydi u.

Shu bilan birga, futbolchi uzoq vaqt sukut saqlaganini xato bo‘lganini ham tan oldi: «Odamlar darhol nima bo‘lganini bilishi kerak. Ko‘p ishlar bo‘ldi, mening ham aybim bor, ammo hammasida emas. Vaqti vaqti bilan yelkadagi katta tog‘ni ag‘darib tashlash, ya’ni hammasini odamlarga yetkazish kerak».

«Real»da nega hammasi chappasiga ketgandi?

2018 yilda ko‘richak operatsiyasidan so‘ng, shifokorlar maydonga tez qaytmasligim kerakligini maslahat bergandi, ammo aynan o‘sha paytlarda jamoa qiyin holatga tushib qoldi, avval «Alaves», keyin TsSKAdan mag‘lubiyatga uchradi. Shuning uchun tezroq qaytib jamoaga yordam berishim kerak, deb hisoblagandim. Lopetegi ketib, Solari boshqaruvga kelgach, muammolar paydo bo‘la boshladi. Isko borligi ko‘pchilikning xayolida ham yo‘q edi, hech kim menga nega maydonga tushmayotganimni tushuntirib ham bermasdi. Solari hammasi joyida ekanini aytar, ammo masalan, «Melilya»ga qarshi o‘ynayman, keyin birdaniga hatto qaydnomaga ham kiritishmaydi. Hech kim qo‘llab-quvvatlamasdi ham.

Foto: ANGEL MARTINEZ/GETTY IMAGES

Balki Zidanning kelishidan ko‘p narsa kutgandirman. Ammo Zidanning o‘zi ham mendan ko‘prog‘ini kutgani tabiiy. U mavsum oxirida keldi, u paytga kelib formada emasdim, ruhan cho‘kib bo‘lgandim.

Kelasi mavsumda asosiy tarkibda tushmasdim, lekin ammo avvalgi keraksizlik hissiyoti meni tark etib ulgurgandi – «PSJ» bilan muhim o‘yinda, «Barselona»ga qarshi superkubok uchrashuvida o‘ynadim, Chempionlar Ligasida «Manchester Siti»ga gol urdim. Uyog‘i pandemiya boshlandi, so‘ng yana o‘ynamadim. Karlo Anchelotti kelgach, bir necha o‘yinda sinovdan o‘tdim va aytishim kerakki, u rostini aytib qo‘ya qoldi - «Real»dagi davrim tugagandi. Murabbiyni to‘g‘ri tushundim».

Lopetegi tufayli «Sevilya»ni tanladi, ammo Monchi bilan urishib qoldi

Takliflar ko‘p edi. O‘z vaqtida Bartomeu ham qo‘ng‘iroq qilgan. Juda katta narx va maosh evaziga. Ammo u paytlarda Madridda o‘zimni yaxshi his qilardim, jamoadoshlarim bilan ajoyib muhitni tashlab keta olmasdim. Hech qanday pul meni u yerdan tortib ololmasdi.

Bir yil oldin «Real» bilan shartnomam muddati tugagandi, Lopetegi «Sevilya»ga tayinlandi. O‘zim qo‘l ostida o‘ynagan eng yaxshi murabbiy deb hisoblayman uni. Italiyadan takliflar bo‘ldi, ammo Chempionlar Ligasida to‘p suradigan, buning ustiga Lopetegi boshqarayotgan jamoani tanlash faoliyatim uchun eng to‘g‘ri qarordek tuyulgan. U iste’foga chiqqach, klubda g‘alati ishlar bo‘lib ketdi.

Avvaliga, o‘zimga indamasdan, agentimga qo‘ng‘iroq qilishdi va yangi klub topishim kerakligini maslahat berishdi. Buni bilgan zahoti Monchining oldiga bordim:

— Menga xabarlar yetib keldi, lekin o‘zim hech narsa bilmayman. Sizga nima kerak? Ochig‘ini ayting, muammosiz hal qilib olamiz, men yoningizdaman.

O‘sha vaqtda «Sevilya»da qanday iqtisodiy inqiroz bo‘lganini bilmayman, ammo o‘sha suhbatdan so‘ng hammasi teskari ketdi. Monchi matbuotga men ketmoqchi ekanimni aytib, yolg‘on gapira boshladi. Surunkali ravishda menga va agentimga shartnomani bekor qilishimni aytib qo‘ng‘iroq qilishardi.

Sabrim to‘lib, yana Monchining oldiga bordim va yolg‘on gapirayotganini aytdim. Uni futbolda uchratgan eng katta yolg‘onchi ekanini aytganimda, Monchi bo‘g‘zimga yopishdi. Bizni zo‘rg‘a ajratib qolishgandi. Tabiiyki, bunday voqeadan keyin u yerda qololmasdim. Afsus, chunki jamoadoshlarim bilan yaxshi munosabatda edim, fanatlar meni yaxshi ko‘rishardi. Lekin tushuning, sport direktori o‘zini shunday tutsa-da, hech kim yolg‘on uchun, qo‘pollik uchun tushuntirish bermasa? Men shartnomani bekor qildim.

«Sevilya»da baxtli edim, doim maydonga tushayotgandim. Sevilya matbuotida yozilgani kabi cho‘kayotgan qayiqdan tushib qolganim yo‘q. Bu mening mentalitetimga mos qiliq emas. «Real»da uzoq vaqt bo‘lib, hech qachon taslim bo‘lmaganman.

«Sevilya»da «Real»dagiga nisbatan to‘rt barobar kam maoshga rozi bo‘lganman. U yerga bolalarim bilan bordim, ammo atigi to‘rt oydan keyin shaharni tark etish oson emas, futboldan tashqari tashvishlar paydo bo‘ladi, masalan bolalarga yangi maktab qidirish kerak».

Berlinga transfer nega sodir bo‘lmadi?

«Balkim o‘zimni oqlayotgandek tuyularman, to‘g‘ri, meni ko‘p narsada ayblash mumkin. Ba’zi vaziyatlarda o‘zimni bo‘sh qo‘yganman, mashg‘ulotlarda bor kuchimni ishga sola olmagandirman. Ammo Berlindagi voqea – nonsens.

Transfer oynasining so‘nggi kunida qo‘ng‘iroq qilib, variant paydo bo‘lganini aytishyapti. Jorjye Mendesh? Ha, u mening agentim. Uning aytishicha, «Union» mavsumni davom ettirishim uchun yaxshi taklif bilan chiqqan. 1+1 shaklidagi kelishuv. Besh daqiqadan so‘ng telefon qilishimni aytdim. Maslahatlashishim kerak edi. Ular Bundesligada yuqori o‘rinlarda ketishayotgandi, Yevropa Ligasi pley-offiga chiqishgan. Shartnoma ham yomon emas. Rozi bo‘ldim. Menga shartnomani jo‘natishdi, men uni advokatimga berdim.

Narsalarimni yig‘ishtirib bir o‘zim Berlinga otlandim. To‘rt soatda butun oilam, ikki yosh bola bilan borishimning iloji yo‘q edi. Klubga kelganimda vakil meni kutib oldi. Hammasi tayyor, rasmlar, kameraga qarab salomlashish, odatiy yumushlar. Ertaga tibbiy ko‘rik. 

Ertalab mashinada ketayotib menga «Seni Yevropa Ligasi tarkibiga qo‘shmaymiz» deyishdi.

«Nega bu haqida hozir aytyapsizlar?»

Aytishlaricha, oxirigacha harakat qilishibdi, ammo uddasidan chiqa olishmabdi. Tibbiy ko‘rikdan yaxshi o‘tdim. Go‘yoki ko‘rikdan o‘tolmaganim haqidagi xabarlar noto‘g‘ri, vrachlar ham tasdiqlay oladi, o‘sha paytda jismoniy holatim ajoyib edi. Keyin shartnoma imzolagani ketayotganimda yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «Menga qara, aytilgan summa emas ekan, biroz kamroq bo‘ladi».

Men yana rozi bo‘lyapman, aslida aytilgan raqamlar Germaniyaga kelishimdan oldingisidan farq qilardi. O‘n daqiqa o‘tib, yana qo‘ng‘iroq. Summani yana ko‘rib chiqish lozim emish.

Shu yerda chiday olmadim. Katta maqsadlar bilan Yevropa Ligasida o‘ynaydigan jamoaga kelasan va o‘n besh daqiqada shartnomaning yarmidan asar ham qolmaydi. Bu hurmatsizlik. Axir men 18 yoshli bolakay emasman va bu mening ilk professional shartnomam emas. Ispaniyaga qaytishimni, buning hammasi masxarabozlik ekanini aytdim.

Futbolni sog‘indim

Ruhan boshqa loyihaga, boshqa shartnomaga tayyor emasdim. Biroz tin olish va hammasini bir boshdan o‘ylab chiqishga, fikrlarimni jamlashga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

Ruhshunos yordamini olganimni yashirmayman. Voqealarni qabul qilish, atrofdagilar va o‘zing bilan ziddiyatlarni nazorat qilib, boshqarish uchun professionallarning maslahatiga quloq tutish foydali.

Hozir dushanbadan jumagacha shug‘ullanaman, keyin shaxsiy trenerim dam olish kunlarim uchun dastur taqdim etadi. Mashg‘ulotlar va oilaviy hayotni birga olib borishga urinyapman. Ammo o‘ynashni juda xohlayapman, futbolni, to‘pni sog‘indim.

O‘yinlarni, yechinish xonasidagi muhitni, umuman futbolchi bo‘lish tuyg‘usini sog‘indim. Futbol tomosha qilayotganimda, bu istak yanayam kuchayadi. O‘ynayotganlarga havas qilaman, axir men ham shu uchun tug‘ilganman».

Mavzuga oid