«Jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullangan» - prezident Jo‘rayev haqida
Farg‘ona viloyatida jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgani tanqid qilindi.
Farg‘ona viloyatida huquq-tartibot organlarida yana qator iste’folar ro‘y berdi. Xususan, Qo‘qon shahri va O‘zbekiston tumani IIB boshliqlari, Rishton tumani prokurori ishdan olindi.
«Ushbu yig‘ilish bejizga Farg‘onada o‘tkazilmayapti. Chunki bugun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p tilga olingan hudud bu Farg‘ona bo‘lyapti.
Sababi, viloyatdagi kriminogen vaziyat achinarli holda», dedi davlat rahbari.
Kecha viloyat ichki ishlar boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan M.Jo‘rayev jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgani ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonligi, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygani va mansab vakolatidan shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelgani uchun Qo‘qon shahar IIB boshlig‘i (Nurilla Sultonov) va uning birinchi o‘rinbosari, Qo‘qon shahar ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘limi komandiri o‘rinbosari, O‘zbekiston tumani IIB boshlig‘i (Baxtiyorjon Najmiddinov) lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, viloyat prokurorining ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi, Rishton tumani prokurori (Rustamjon Madaliyev) ishdan olindi.
Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatiga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirildi.
Shuningdek, qo‘l ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Farg‘ona viloyati prokurori B.Ismoilovga hayfsan berildi.
Prezident yig‘ilishni yakunlar ekan, endi hech kimning eskicha ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligini uqtirdi.
«Bugungi yig‘ilishda jami 31 nafar mas’ul rahbarlar bo‘shatildi. Bundan keyin talab juda qattiq bo‘ladi.
Bundan buyon yangicha yondashuvlar asosida ishlab, odamlarimizni rozi qilasizlar, yoki lavozimdan bo‘shatilib, javobgarlikka tortilasizlar», - dedi davlat rahbari.
Viloyat hokimlari ham har oyda hududidagi jinoyatchilik og‘ir bo‘lgan tumanlarda sayyor yig‘ilish qilib, holatni tanqidiy ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mavzuga oid
20:29
Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
20:24
2025 yilda madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasi xodimlari ish haqi oshiriladi
07:31
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
14:13 / 21.11.2024