Jahon | 15:13 / 28.07.2023
28580
6 daqiqa o‘qiladi

Nigerdagi davlat to‘ntarishi: isyonchilar tarafdorlari Rossiya bayroqlari bilan mitingga chiqdi

Ukraina Afrikadagi ittifoqchisini yo‘qotdimi?

Foto: Reuters

Nigerdagi isyon tarafdorlari mamlakat parlamenti binosi oldida miting uyushtirishdi. Ularning ayrimlari Rossiya bayroqlarini ko‘tarib olishgandi.

Mitingchilarning bir qismi keyinroq ag‘darilgan prezident Muhammad Bazumning partiyasi qarorgohiga hujum qildi va unga o‘t qo‘ydi.

Rasman Rossiya boshqa mamlakatlar qatori ag‘darilgan va namoyishchilar tomonidan garovga olingan prezident Bazumni ozod etishga chaqirgan.

Ayni vaqtda G‘arbiy Afrikaning ushbu mamlakatini kim boshqarayotgani tushunarsiz. Armiya qo‘mondoni isyonchilarni qo‘llagan, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari birligini saqlash va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday tanlov qilgan.

Xuntaning o‘zi ham rahbari kimligini e’lon qilmagan.

Davlat televideniyesida prezident ag‘darilgani to‘g‘risidagi bir kun oldingi murojaat vatanparvarlik ruhidagi musiqa va Qur’on oyatlari bilan aralashtirib takroran qo‘yib berildi. Odatda tushlik vaqti efirga chiqadigan yangiliklar dasturi 27 iyul kuni namoyish etilmadi.

Ammo Niger poytaxti Niameyda do‘konlar va bozorlar odatdagi vaqtda ochilgan, ertalabki yomg‘irdan keyin esa isyonchilarning tarafdorlari ko‘chalarga chiqqan.

Yuzlab namoyishchilar Milliy assambleya binosi oldida to‘plangan. Ularning ayrimlari bayroqlarni hilpiratgan, boshqalari «Fransiya yo‘qolsin!» va «Xorij bazalari daf bo‘lsin!» yozuvlari aks etgan plakatlarni ko‘tarib turishgan.

Niger – G‘arbning mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biri

Niger 1960 yilga qadar Fransiya mustamlakasi bo‘lgan va hozirga qadar bu yerda fransuzlar ta’siri va harbiy bazalari saqlanib qolgan.

Uran rudasiga boy bo‘lgan ushbu mamlakat — G‘arbning Saheldagi (Sahroyi Kabir janubiga tutashgan mintaqa) asosiy hamkorlaridan biri, bu yerda nafaqat fransuzlarning, balki mahalliy hukumatga qurollangan radikal guruhlarga qarshi kurashda yordam beruvchi Amerika qo‘shinlari bazasi ham joylashgan.

Nigerning ushbu kampaniya uchun ahamiyati qo‘shni Mali va Burkina-Fasodagi davlat to‘ntarishlaridan keyin yanada ortgan. Qo‘shni mamlakatlardagi davlat to‘ntarishlari ham Rossiyaga simpatiya bildirgan kuchlar tomonidan amalga oshirilgan; Mali «Vagner» XHKning Afrikadagi asosiy bazalaridan biriga aylangan va ko‘p masalalarda rossiyaparast pozitsiyani tanlagan.

«Biz davlat to‘ntarishi — konstitutsiyaga zid bo‘lgan tashabbus deb hisoblaymiz va prinsipial jihatdan biz doimo bunday holatlarda juda aniq pozitsiyani egallaymiz», — dedi payshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Nigerning demokratik yo‘l bilan saylangan prezidenti Bazum Ukraina prezidenti bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgan va «Qrim platformasi»ga qo‘shilgandi.

Xunta havo chegaralari yopilganini e’lon qilganiga qaramay, payshanba kuni tongda fransuzlarning harbiy-transport samolyoti Fransiyaning Nigerdagi harbiy bazasiga kelib qo‘ndi. Xunta Fransiyaga norozilik bildirdi.

Ukraina ittifoqchisini yo‘qotdimi?

Georgiy Erman, BBC Ukraina xizmati:

Hozircha Afrikaning faqat to‘rt mamlakati maqsadi Qrimni Ukraina nazoratiga qaytarish bo‘lgan Qrim platformasiga qo‘shilgan. Prezident Muhammad Bazum rahbarligidagi Niger ushbu davlatlardan biri edi.

U shuningdek BMTda Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab ovoz bergan.

Keng ko‘lamli urush boshlanguniga qadar Ukraina va Niger o‘rtasida qandaydir rivojlangan siyosiy munosabat yoki faol savdo yo‘q edi.

Ammo Volodimir Zelenskiy va Muhammad Bazum o‘rtasida 2022 yil avgustida o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng — bu ikki davlat tarixida birinchi bor oliy darajadagi muloqot bo‘lgandi — Niger Qrim platformasini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi.

Hozircha harbiy xunta boshqaruvi sharoitida Nigerning tashqi siyosati qanday olib borilishi aniq emas, ammo katta ehtimol bilan Ukraina Afrikadagi do‘stlaridan birini yo‘qotdi.

Gap shundaki, G‘arbiy Afrikada 2020 yildan buyon harbiy xuntalar boshqaruvga kelgan barcha davlatlar — Mali, Burkina-Faso va Gvineya — BMT Bosh Assambleyasida Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rezolyutsiyada yoki betaraflik saqlagan yoki ovoz berishda qatnashmagan.

Bundan tashqari, «Vagner» XHK yollanma jangchilari joylashgan va Rossiyadan harbiy yordam oluvchi Mali 2023 yil fevralida Afrikaning (Eritreya bilan birgalikda) BMTda Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash rezolyutsiyasiga qarshi ovoz bergan ikki davlatidan biri bo‘lgandi.

Ukraina TIV Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoralab chiqdi.

Xuddi Nigerni jangarilar va qurollangan guruhlar hujumlari ostida yashayotgan Sahel mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashda asosiy hamkori sifatida ko‘radigan AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi.

Bir necha haftagina oldin Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ushbu mamlakatga tashrif buyurib, mintaqada barqarorlashtiruvchi rolni o‘ynaydigan Nigerga xavfsizlikni ta’minlash va ajalvor qurollar, jumladan vertolyotlarda qo‘llanadigan o‘q-dorilar sotib olish uchun yuzlab million yevro miqdorida mablag‘ va’da qilgandi.

Endi bu va’da qaytarib olinishi mumkin, chunki YeI noqonuniy hukumatlarni qo‘llamaydi.

Va bunday holatda Nigerdagi xunta yordam so‘rab Rossiya va «Vagner» XHKga yuzlanishi mumkin, ruslar esa allaqachon Sahel mintaqasining mojarolar girdobida qolgan uch mamlakatiga kirib kelgan: Mali, Burkina-Faso va Sudan.

Mavzuga oid