O‘zbekiston | 13:50 / 28.07.2023
6137
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibida ayollarning ulushi eng yuqori bo‘lgan hudud ma’lum qilindi

2022 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibida ayollarning ulushi 28,2 foizni tashkil etmoqda. 

Foto: AP

Joriy yilning 28 iyul kuni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruv akademiyasi hamkorligida “Ayollarning davlat xizmatidagi o‘rni: zamonaviy tendensiyalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetdi.

Davlat statistika qo‘mitasining 2022 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibida ayollarning ulushi 28,2 foizni tashkil etmoqda. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyati (38,8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi  (34 foiz), Farg‘ona viloyati (32,7 foiz) qayd etilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardir.

Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda 2,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni vaqtda ushbu ko‘rsatkich qariyb ikki baravarga oshib, 5,7 foizga yetgan.

Barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida  1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi.

Bugungi kunda respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlarida jami 241 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 2 nafari rahbar (vazir, qo‘mita raisi), 9 nafari rahbar o‘rinbosari (vazir, rais va direktor o‘rinbosarlari), 14 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, 4 nafari tuman(shahar) hokimi hamda 212 nafari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosarlari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushini yanada oshirish maqsadida “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi” ishlab chiqildi va ijroga qaratildi. Dastur doirasida turli sohalarda boshqaruvchilik salohiyatiga ega 25 055 nafar xotin-qizning kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Konferensiyada xotin-qizlarning davlat xizmatidagi o‘rni hamda davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda, dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda ishtirokini yanada kengaytirish, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid