Dunyo parlamentlarida ayol siyosatchilarning soni va nufuzi ortmoqda - Martin Chungong
Avvallari ayollar parlament tarkibiga xo‘jako‘rsinga kiritib qo‘yilgan bo‘lsa, endi unday emas, hozir parlamentlarning uchdan bir qismida spiker lavozimini ayollar egallab turibdi, dedi Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong Toshkentdagi forumda. Forum ishtirokchilari xotin-qizlarning dunyo bo‘ylab siyosiy hayotdagi o‘rni hamon murakkabchiligicha qolayotgani haqida so‘z yuritishdi.
5 aprel kuni Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi doirasida parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda turli mamlakatlardan 200 dan ortiq parlamentariylar qatnashib, gender tenglik va ayollarning siyosiy hayotdagi ishtirokini muhokama qildi.
Ishtirokchilar inson huquqlari, Falastinda ikki davlat tuzish yechimini ilgari surishda parlamentlarning roli va qurolli mojarolarning uzoq muddatli ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalari haqida ham so‘z yuritdi.
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongning aytishicha, hozirda dunyo parlamentlarining uchdan bir qismida spiker lavozimini ayollar egallab turibdi. Bu ko‘rsatkichni 50 foizga yetkazish kerak, deydi u. Lekin bunga bir qator to‘siqlar bor. Martin Chungongning ta’kidlashicha, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlamentlarida ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchraydi, bu bo‘yicha tadqiqot ham o‘tkazilgan.
“Dunyoning ko‘p qismlarida tazyiq va zo‘ravonlik tufayli ayollarning siyosatda ishtirok etolmayotganini ko‘rmoqdamiz. Gender tenglikni orqaga surayotgan, ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokiga ahamiyat bermayotgan odamlar bor. Bu forum butun dunyoda kuzatilayotgan ayollar huquqlariga qarshilik sharoitida gender tengligini targ‘ib qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni kuchaytirish uchun muhim fursat”, – deydi u.
Tashkilot rahbari ayollarni parlament tarkibiga faqat xo‘jako‘rsinga kiritish holatlari kamayib borayotganini aytadi.
“Ha, to‘g‘ri, ilgari ayollarning aksariyati parlamentlarga shunchaki bezak edi, lekin endi unday emas. Bugun dunyo parlamentlarining uchdan bir qismida spiker lavozimini ayollar egallab turibdi, bu yaxshi. Lekin bu yetarli emas. Biz 50 foiz tenglikni xohlaymiz. Qolaversa, ko‘p mamlakatlarda ayollar parlamentga saylanganda orqa qatorlarda o‘tirishadi. Shuning uchun biz genderga sezgir parlamentlar rejasini ishlab chiqdik. Parlamentlar erkaklar va ayollar manfaatlarini teng darajada ko‘rib chiqadigan va hisobga oladigan institutga aylanishi kerak”, – deydi Martin Chungong.
Mongoliya parlamenti vakili O‘zbekiston Oliy Majlisi a’zolari orasida ayollar soni ancha oshganini e’tirof etdi.
“Parlamentdagi ayollar soni, albatta, yillar davomida oshdi. O‘zbekiston hozir Osiyoda eng yuqori o‘rinlardan birini egallagan, chunki parlament a’zolaringizning deyarli 40 foizini ayollar tashkil etadi. Hozir Mo‘g‘ulistonda parlament a’zolarining 25 foizi ayollar, ya’ni 5 ta siyosiy partiyadan saylangan 126 deputatning 32 nafari ayol kishi. Bu Mo‘g‘uliston parlamentining 33 yillik tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Oldingi eng yuqori natija 17 foiz edi”, – deydi Hurelbaatarin Bulgantuya.
Bolgariya parlamenti a’zosi Rositsa Kirova muhokama markazidagi mavzularning ayrimlarini sanab o‘tdi.
“Forumda xalqaro miqyosda zo‘ravonlik, ayollar va yosh qizlarga nisbatan shafqatsizlik masalalari muhokama qilinyapti. Shuningdek, dunyoning ko‘plab qismlarida ayollarga bir xil ish uchun erkaklar bilan teng haq to‘lanmasligi muammosini ham ko‘rib chiqyapti. Ayollarni siyosatga, ayniqsa qarorlar qabul qilinadigan sohalarga jalb etish yo‘llarini ko‘rsatyapmiz. Ayollarning ishtiroki bilan bog‘liq ko‘plab muammolar mavjud. Xotin-qizlarning ta’lim olishidagi uslublarni o‘zgartirish, yosh qizlarni hayotga tayyorlash zarur.
Ayollarning parlamentdagi o‘rnini belgilashda ba’zi mamlakatlar kvotalardan foydalanadi. Masalan, ayollar uchun 30 yoki 40 foizlik kvota belgilaydi. Men Bolgariya parlamentining a’zosiman. Mamlakatimiz parlamentida ayollarning ulushi 25-26 foizni tashkil etadi. Bolgariyada bu unchalik katta raqam emas, bizda 240 nafar deputatning 60 nafari ayollardir. Masalan, sizlarda ayol deputatlar taxminan 40 foizni tashkil etadi, bu yaxshi ko‘rsatkich. Ammo ba’zida foizlar ayollarning haqiqiy vakilligini to‘liq aks ettirmaydi”, – deydi Kirova.
Forumdan tashqari, kun davomida turli davlatlar o‘rtasida o‘zaro parlamentlararo hamkorlik masalalalari ham ko‘rib chiqildi. Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi 9 aprelga qadar davom etadi. Anjuman doirasida turli yopiq sessiyalar bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid

22:34 / 05.04.2025
Toshkentda Parlamentlararo ittifoq assambleyasi ish boshladi

19:56 / 03.04.2025
Toshkentda 9 aprelga qadar yuk mashinalari harakati to‘liq cheklanadi

15:25 / 03.04.2025
Toshkentda Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

17:11 / 02.04.2025