Jamiyat | 16:28 / 28.07.2023
17418
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent markazida yana bir ko‘prik qurilishi mumkin – bu safar piyodalar uchun

Poytaxt YHXB Oliy Majlis yaqinidagi piyodalar o‘tish yo‘lagi 250 metr masofaga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Oddiygina svetofor bilan muammoni birmuncha hal etish mumkin bo‘lgan joyda, mas’ullar piyodalar uchun noqulay ko‘priklar sonini yana bittaga ko‘paytirishni taklif qilmoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB

Kun.uz 27 iyul kuni Toshkentning Bunyodkor shoxko‘chasidagi eng xavfli piyodalar o‘tish yo‘laklaridan biri, navbatdagi YTHdan keyin, svetofor yordamida tartibga solinish o‘rniga, shunchaki olib tashlangani haqida yozgandi.

Bugun, 28 iyul kuni shahar YHXB bu yo‘lak boshqa joyga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

Rasmiy izohda “hududda transport vositalarining harakat oqimi yuqori ekani, bu oqim kundan kunga ortib borayotgani hamda joyda 16 ta harakat bo‘lagi mavjudligi sababli, piyodalar yo‘l qatnov qismini kesib o‘tishda bir qancha qiyinchiliklarga duch kelayotgani” aytiladi.

Oliy Majlis binosi yaqinidagi "zebra" chizig‘i o‘chirilib, bu yerdan piyodalar o‘tishi taqiqlab qo‘yildi. / Foto: Kun.uz
Piyodalar o‘tish joyi ko‘prik ustiga ko‘chirilgan, bu yerda ham odamlar o‘ndan ortiq harakat bo‘lagini kesib o‘tishi kerak. / Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB

250 metr masofada yangi tashkil etilgan piyodalar o‘tish joyi ham o‘ndan ortiq harakat bo‘lagini kesib o‘tishni taqozo qiladi. Bu yerda ham svetofor yo‘q va rasmiy izohdan xulosa qilinsa, bo‘lmaydi ham.

Ta’kidlash kerakki, yo‘llarda avtomobillarning tez yurishi emas, insonlarning xavfsizligi birinchi o‘ringa qo‘yilgan ko‘plab shaharlarda 2 tadan ortiq harakat bo‘lagini kesib o‘tuvchi har qanday piyodalar o‘tish joyiga svetofor o‘rnatiladi.

YHXBga ko‘ra, avvalgi joyda yer usti piyodalar o‘tish joyini qurish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga bir nechta takliflar berilgan. Lekin bu ham zamonaviy va xavfsiz shaharsozlik talablariga to‘la mos kelishi, shaharlar markazida bunday ko‘priklar qurishning maqsadga muvofiqligi – bahsli masala.

Islom ota masjidi yaqinidagi piyodalar o‘tish joyi, Toshkent / Foto: Kun.uz
Toshkent / Foto: Kun.uz

Boz ustiga, Toshkentda avval qurilgan yer usti va yer osti o‘tish joylari mobilligi cheklangan (yosh bolali, keksa, nogironligi bo‘lgan, jarohatlangan, betob yoki qo‘lida yuki bor) odamlar uchun o‘ta noqulay ekani, ular uchun liftlar o‘rnatilmagani, o‘rnatilganlari ham shunchaki ishlamasligi ko‘p bora fuqarolar e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shahar markazidagi boshqa bir nuqta – Navoiy shoxko‘chasining Botir Zokirov va Abay ko‘chalari bilan kesishmasida avtomobillar uchun ko‘prik qurilishi muhokama mavzusiga aylangandi.

Mavzuga oid