O‘zbekiston | 13:53 / 28.07.2023
59707
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bedarak yo‘qolgan ayol jasadi yangi qurilgan uy liftida topildi

Lift ko‘p qavatli uyning eng yuqorisida to‘xtab qolgan. Marhumning yordam so‘rab baqirgan ovozini hech kim eshitmagan.

Hodisa 24 iyul kuni sodir bo‘lgani aytilmoqda. Uzalert telegram-kanalining xabar berishicha, 32 yoshdagi Olga Leonteva o‘sha kuni ishga chiqib ketib uyiga qaytmagan. 26 iyul kuni uning o‘ligi topilgan.

Fojia poytaxtning Parkent ko‘chasidagi 239-uyda sodir bo‘lgani aytilmoqda. Pochtachi ayol liftga kirgan vaqtda elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan va marhum liftda qamalib qolgan. Videokuzatuv kameralaridagi qaydlarda uning liftga kirgani aks etgan.

“Lift ko‘p qavatli uyning eng yuqorisida to‘xtab qolgan. “Novostroyka”dan uy olganlar hali to‘liq ko‘chib o‘tmagan. Aftidan bu yerda yashayotganlar uning ovozini eshitishmagan. Unga yordam yetib kelgan vaqtda halok bo‘lgan ekan. Marhumning jasadi kechki payt topilgan”, deb yozgan bloger Nikita Makarenko telegram-kanalida.

Makarenkoning fikricha, bu o‘ylanmagan shaharlashtirish siyosati hamda poytaxtning egasi yo‘qligi oqibatidir.

Yo‘qolgan odamlarni topishga ko‘maklashuvchi ko‘ngillilarning guruhida yozilishicha, marhumning 6 yashar qizchasi bo‘lgan. Bola buvisining qaramog‘ida qolgani aytilmoqda.

“Bosh prokuratura Toshkentda yangi qurilgan uylardan birida halok bo‘lgan 32 yashar ayolning o‘limi holati va sabablarini o‘rganmoqda. Natijalari bo‘yicha xabar beriladi”, deya xabar bergan idora matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov.

Mavzuga oid