Sport | 09:44 / 30.07.2023
24384
8 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» «Real»ni yirik hisobda mag‘lub etdi, Vinisiusning uchta zarbasi to‘singa tegdi

Xavi jamoasi uchta chiroyli gol urdi. «Real» futbolchilari esa to‘rt bor to‘sinni nishonga olishdi, yana bir zarba ustundan qaytdi, shuningdek penaltidan foydalana olishmadi. Birinchi bo‘limda uch majburiy o‘zgarish amalga oshirildi.

Foto: «Barselona» FK

Ispaniya chempionati startiga ikki hafta vaqt qolganida kataloniyaliklar yangi futbolchilari bilan Amerikaning Arlington shahrida madridliklarni tor-mor etdi.

O‘rtoqlik o‘yini
«Barselona» — «Real» — 3:0 (1:0)
Gollar:
Dembele, 15 (1:0). Fermin Lopes, 85 (2:0). Ferran Torres, 90+1 (3:0).
Aniq ijro etilmagan penalti: Vinisius Junior, 20 (to‘sin).
«Barselona»: Ter Shtegen, Kristensen (Erik Garsiya, 29), Kunde, Arauxo (Ezzalzuli, 76), Balde (Dest, 76), Gundo‘g‘an (Serji Roberto, 42), Oriol Romeu (Ferran Torres, 76), F.de Yong (Alonso, 76), Pedri (Fermin Lopes, 66), Levandovski (Fati, 76), Dembele (Rafinya, 66).
«Real»: Kurtua, Alaba, Karvaxal, Eder Militao, Mendi (Fran Garsiya, 45), Valverde (Kroos, 58), Tshuameni, Kamavinga (Modrich, 58), Bellinghem (Xoselu, 73), Rodrigo (Braim Dias, 83), Vinisius Junior.

Vinisiusning yangi roli

«Real» va «Barselona» o‘rtasida hech qachon o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham», — dedi Karlo Anchelotti o‘tgan yil Las-Vegasda kechgan klasikoni eslagan holda. O‘shanda sovrinlarga chanqoq bo‘lgan kataloniyaliklar fantastik mavsumdan keyin biroz xotirjamlikka berilgan madridliklarni mag‘lub etgan (1:0) va qon isini olgan jamoa yakunda chempionlikka erishgandi. Bu albatta, ko‘k-anorranglilar muvaffaqiyatining asosiy omili emas, ammo abadiy qarama-qarshilikda arzimas jihatlar bo‘lmaydi.

Mantiqan, bu safar «Qirollik klubi» bu o‘yinga qattiq taraddudlanib, jahldorroq bo‘lishi kerak edi. Qolaversa, qaymoqranglilar jamoasida yangi davr boshlandi — jamoa endi Benzemasiz uddalashi kerak. Anchelotti «Real» Krishtianu Ronaldu bilan xayrlashganidan keyin qanday moslashgan bo‘lsa, bu yo‘qotishni ham shunday yengib o‘tishiga va’da qilmoqda. Endi — Azar qiyofasidagi «o‘lik yuk»dan xalos bo‘lingach — portugaliyalikka tegishli bo‘lgan «yettilik» uni o‘z kumiri deb bilgan Vinisius Juniorga o‘tdi.

Ushbu braziliyalikning nafaqat o‘yin raqami, balki maydondagi roli ham o‘zgardi. «Real» klassik 4-3-3 sxemasidan Anchelottining sevimli 4-4-2 sxemasiga o‘tmoqda. Benzemasiz va  Bellinghem qiyofasidagi yangi yarimhimoyachi bilan ushbu qaror mantiqiy ko‘rinadi. Qolaversa, Rodrigo ham o‘tgan mavsumdayoq hujum markazida harakat qilgan va amalda qanotga bog‘lab qo‘yilmagandi. Endi Vinisius ham shu yo‘lni bosib o‘tishi kerak.

Maydon markazida esa Bellinghem oldinga chiqarilgan romb hosil bo‘ladi. Shanba kuni bu romb Tshuameni, Valverde va Kamavinga bilan birgalikda tashkil etildi. Bunga esa katalonlarning Gundo‘g‘an va debyut o‘yinida to‘sinni nishonga olgan Oriol Romeu qiyofasidagi tajribali futbolchilari qarshi turishdi. 12 yil muqaddam, Xosep Gvardiola boshqaruvi vaqtida «Barsa»da debyut qilgan va Xavi bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolgan 31 yoshli bu yarimhimoyachi bilan shartnoma imzolash bir qarashda to‘g‘ri qaror emasdek ko‘ringandi. Amalda esa Romeu o‘zining aqlli o‘yini va mehnatkashligi evaziga Frenki de Yong bilan juftlikda Busketsning o‘rnini bilintirmasligi mumkin.

Debyutantdan nokaut

Ikki jamoa ham o‘yinni yuqori sur’atda olib bordi va muxlislar bu mavsumoldi o‘yinlari doirasidagi o‘yin ekanini unutishdi. Faqat murabbiylar kichik jarohat xavfi yuzaga kelganida ham futbolchilarni almashtirishni afzal ko‘rishdi. Shu tufayli Kristensen, Gundo‘g‘an va Mendi birinchi bo‘limdayoq maydonni tark etishdi.

Ayni paytda o‘yinni haddan tashqari qo‘pol kechdi deyish o‘rinsiz. Futbolchilar shunchaki shiddat bilan harakat qilishdi. De Yong maydon markazida podkat qilganidagi kabi, bu harakatdan keyin ikki jamoa futbolchilari to‘planib, munosabatlarga oydinlik kiritishga kirishib ketishdi. Ammo birinchi bo‘limdayoq to‘rt bor sariq kartochka ko‘rsatgan arbitr ortiqcha hissiyotlarni tezda bostirdi. Futbol harorati esa so‘ngani yo‘q va birinchi bo‘limgacha faqat bir gol urilgani biroz hayratlanarli ham.

Foto: SAM HODDE/GETTY IMAGES

OAVda «PSJ» ketishi haqida tinmay yozilayotgan va Pedrining aqlli uzatmasini darvoza uzoq burchagiga aniq joylagan Dembele yana gol urishi kerak edi. Ammo yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan fransuz hujumchisi Kurtua bilan duelni boy berdi. Ter Shtegenda ham ajoyib seyvlar bo‘ldi, masalan, Rodrigoning jarima zarbasidan keyin yuqori burchakka tushayotgan to‘pni bartaraf etishga to‘g‘ri keldi. Vinisiusning esa ikki zarbasi to‘singa tegdi, birinchisi — penalti ijro etganida ro‘y berdi.

«Barsa» tom ma’noda o‘z darvozasini sehrlab qo‘ygandek edi. Ikkinchi bo‘limda Tshuamenining zarbasi to‘singa tekkanida Ter Shtegen kinoya bilan jilmayib qo‘ydi. Kroos va Modrich maydonga tushganidan keyin «Real» tashabbus va to‘pni o‘ziga olgandek ko‘rindi. Anchelotti avvalroq «MYu» darvozasiga qaychi uslubida gol urgan Xoseluni ham maydonga tashladi. Madrid 4-3-3 sxemasiga o‘tdi va Vinisius keng qanot bo‘ylab harakatlana boshladi.

Braziliyalik bir necha yurish qilib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi, ammo hal qiluvchi vaziyatda yana bir bor to‘singa zarba berdi. Bu bilan u shunday het-trik ham qilish mumkinligini namoyish etdi. Ammo bundan foyda — nolga teng. Xoselu esa qulay vaziyatda «ikkinchi qavat»dan xato zarba berdi. Ularga Fermin Lopes samaradorlikdan dars berdi.

«Barsa»ning 20 yoshli tarbiyalanuvchisi, o‘tgan mavsumda uchinchi divizion vakili «Linares»da o‘ynagan ushbu futbolchi Kroos oldirib qo‘ygan to‘pga ega chiqdi va jarima maydoniga kirmasdan turib yuqori burchakni aniq nishonga oldi, o‘yin oxirida esa Ferran Torresga assistentlik ham qildi.

Fermin Lopes o‘yindagi ikkinchi golni urdi.
Foto: «Barselona» FK

Zarbalar soni bo‘yicha hisob «Real» foydasiga 28-12 ko‘rinishida bo‘lgan o‘yin uchun hayron qolarli hisob. Ammo ko‘k-anorranglilar Xavi boshqaruvida madridliklarni turli yo‘llar bilan mag‘lub etishning hadisini olishdi. Total ustunlik bilan yoki o‘z jarima maydoni atrofida «avtobus» qo‘yish orqali ham. Hozir esa ko‘pchilik «Barsa»ning Amerika sehrini eslamoqda, jamoa okeanortidagi uch klasikoda ham g‘olib chiqdi. Oldingi ikki holat chempionlik mavsumlaridan oldin ro‘y bergandi. Bu tasodifmi? Ikki haftadan keyin boshlanadigan yangi mavsum yakunida bilib olamiz. Bu mavsum juda qaynoq o‘tishni va’da qilmoqda.

Mavzuga oid