Fan-texnika | 15:33 / 30.07.2023
93962
5 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘rqish kerak emas». Kongress harbiylardan o‘zga sayyoraliklar haqidagi haqiqatni oshkor etishni talab qilmoqda

Pentagon esa hech narsani yashirmayotganini ta’kidlayapti.

Grash Pentagon NUJ qulagan joyni va u yerda topilgan obektlarni o‘nlab yillardan buyon o‘rganib kelayotgani hamda Kongressdan sir tutayotganiga amin. Foto: EPA

AQSh hukumati ixtiyorida yerdan tashqaridagi aql tomonidan yaratilgan obektlar, shu jumladan o‘zga sayyoraga tegishli transport vositalari mavjud. Biroq, o‘zga sayyoraliklar bilan aloqalar haqidagi haqiqat razvedka va Pentagon tomonidan o‘nlab yillar davomida keng jamoatchilikdan yashirib kelingan.

Bunday shov-shuvli bayonot 28 iyul kuni AQSh Kongressidagi noma’lum uchar jismlar (NUJ) va yerdan tashqari sivilizatsiyalar bilan aloqalarga bag‘ishlangan tarixdagi birinchi rasmiy tinglovda yangradi. Bu hodisa AQSh harbiy razvedkasi zobiti Devid Grashning qasamyodi ostida amalga oshirildi.

Yaqin vaqtgacha Grash AQShning Milliy geofazoviy-razvedka agentligida ishlagan va u yerda «noma’lum anomal hodisalar va transmedia obektlari» tahlili uchun mas’ul bo‘lgan.

Grashning so‘zlariga ko‘ra, u ish joyini oshkor qilish orqali o‘z karerasini tugatish to‘g‘risidagi qiyin qarorni, «AQSh hukumati NUJlar bilan bog‘liq qandaydir sirli — ya’ni Kongressga hisobot berilmagan — ish olib borayotgani»dan chuqur xavotir bildirgan «bir qator hurmatli va obro‘li harbiy va razvedka amaldorlarining ko‘plab hisobotlari» ta’siri ostida qabul qilgan.

«AQSh fuqarolari boshlari ustidagi osmonda nimalar bo‘layotganini bilish huquqiga ega», degan iste’fodagi razvedkachi va Pentagon haqiqatan ham bir necha o‘n yildan beri NUJ qulagan joylardan topilgan obektlarni o‘rganayotganini qo‘shimcha qilgan.

Kongress eshituvida Grashdan Pentagonning yana ikki faxriy xizmatchisi guvoh sifatida chiqish qildi. Foto: Reuters

Kongressmen Mark Garsiyaning «guvohning AQSh hukumati yerdan tashqarida paydo bo‘lgan artefaktlarga egaligiga ishonchi komilmi?» deya berilgan savoliga Grash «Oxirgi to‘rt yil ichida gaplashgan qirqqa yaqin odamlar bilan suhbatlar asosida mutlaq ishonchim komil» deya javob qaytargan.

Keyinroq Grash u xizmat sabab yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarga tegishli obektlarni o‘rganish bilan bevosita shug‘ullanuvchi hokimiyat vakillari bilan suhbatlashganini aytgan.

Rassom NUJ qulagan joyni shunday tasvirlagan. Foto: Getty Images

Grash, unga maxfiy ma’lumotlarni ochiqlash istagi sabab tahdidlar bo‘lgani haqidagi savolga tasdiq ma’nosida javob bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari o‘zga sayyoraliklar yoki yerdan tashqari texnologiyalar haqida omma oldida gapirishga jur’at etgan harbiy xizmatchilarni odatda «shafqatsiz qasos» ta’qib qilgan.

Haqiqat yaqin atrofdimi?

Pentagon Grashning shov-shuvli bayonotiga tayyor edi.

Vazirlik matbuot kotibi Styu Graf tomonidan zudlik bilan tarqatilgan bayonotda, vazirlikdagilar Grashning ko‘rsatmalarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishgani va «hozir ham, o‘tmishda ham yerdan tashqari kelib chiqishga ega materiallar bilan bog‘liq yashirin hukumat dasturlari mavjudligini tasdiqlovchi hech qanday tekshirilgan ma’lumotlar» topmaganliklari ta’kidlangan.

Respublikachilar va demokratlar Kongressda yagona frontda turib chiqish qilishi kamdan kam kuzatiladi. NUJ bo‘yicha eshituvlar – shunday holatlardan biri bo‘lmoqda. Foto: Getty Images

Devid Grashdan tashqari Pentagon xodimi bo‘lgan yana ikki guvoh (biri nafaqadagi) Kongress qo‘mitasi tinglovida so‘zga chiqdi.

Bu uch ma’ruzachi kongressmenlarga o‘zga sayyoraliklar bilan aloqalar borasidagi shaxsiy tajribalarini bo‘lishgan va qonunchilarning savollariga ma’lumotlar maxfiyligining ruxsat etilgan darajasida javob bergan.

Tinglovda so‘zga chiqqanlar, berilgan savolni ochiq muhokama qilish huquqiga ega emasliklari, ammo yopiq eshiklar ortida batafsil javob berishga tayyorliklarini ta’kidlagan.

Ushbu mavzu bo‘yicha o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovnomalarga qaraganda, amerikaliklarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i hukumat rostdan ham o‘zga sayyoraliklar haqidagi haqiqatni jamoatchilikdan yashirmoqda, deb hisoblaydi.

Mark Garsiyaning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumotlarni keng jamoatchilikdan sir saqlashda Pentagonga ko‘plab amerikalik harbiy xizmatchilar bu sferani haligacha o‘rab turgan stigma (sharmandalik yorlig‘i) tufayli NUJlar bilan o‘z aloqalari haqida xabar berishdan qo‘rqishi fakti katta yordam beradi.

«Savollar berishdan qo‘rqmaslik kerak. Haqiqatdan qo‘rqmaslik kerak», degan Garsiya armiya qo‘mondonligini yanada ochiqroq bo‘lishga chaqirib.

Mavzuga oid