Jahon | 16:20 / 30.07.2023
5563
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda pirotexnika omborida portlash: 9 kishi halok bo‘lib, yuzdan ortiq kishi yaralandi

29 iyul kuni Tailand janubidagi pirotexnika vositalari saqlanadigan omborda ro‘y bergan portlash oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, qurbonlardan uch nafari bolalar. Mahalliy aholi vakillaridan 115 kishi jiddiy yaralangan.

Foto: EPA

Portlash Malayziya bilan chegara yaqinidagi Sungaykolok shahrida ro‘y bergan.

Mahalliy rasmiylar dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash payvandlash ishlaridagi xatolik oqibatida ro‘y berganini ma’lum qilgan.

Xabar qilishlaricha, mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da mushakbozlik vositalari saqlangan ombor binosi to‘liq yakson bo‘lgan.

Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, u Naratxivat provinsiyasida joylashgan kichik shaharning kattagina qismini vayron qilgan; portlash to‘lqini ko‘plab uylarning deraza va tomlariga zarar yetkazgan.

Foto: THAI ARMED FORCES

Uyi bozordan 100 metrcha masofada joylashgan mahalliy aholi vakillaridan biri ulkan tovushni eshitgani va uning uyi titrab ketganini aytgan. «Keyin men uyimning tomi endi yo‘qligini ko‘rdim. Ko‘chaga qaradim va qulayotgan uylarga guvoh bo‘ldim. Hammayoqda odamlar yotgandi va atrof xaosga aylangandi», — degan AFP agentligiga.

Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlarida pirotexnika bilan bog‘liq hodisalar tez-tez ro‘y berib turadi. Bu mintaqada feyyerverklardan foydalanish ommalashgan: ko‘plab bayramlar mushakbozliksiz o‘tmaydi.

Olti yil muqaddam Indoneziyadagi mushakbozlik fabrikasida ro‘y bergan porlash 49 kishini hayotdan olib ketgandi.

Tailand xavfsizlik texnikasi qoidalariga u qadar e’tibor qaratilmaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi va bu mamlakatda yo‘llarda, qurilish hududlarida va boshqa shu kabi ish joylarida baxtsiz hodisalar tez-tez ro‘y berib turadi.

Sungaykolok shahri qurolli radikal guruhlar bilan kurash davom etayotgan chegara mintaqasida joylashgan.

Mavzuga oid