Kriviy Rihda turar joy binosiga raketa kelib tushdi, qurbonlar bor
Kriviy Rih o‘qqa tutilishi oqibatida ko‘p qavatli binoda bir necha kvartira vayron bo‘lgan, hujum oqibatida to‘rt kishi o‘limi tasdiqlangan.
31 iyul tongida Kriviy Rih (ruscha Krivoy Rog) Rossiya tomonidan o‘qqa tutildi. Ukraina rasmiy shaxslariga ko‘ra, raketalardan biri ko‘p qavatli turar joy binosiga, boshqasi — universitetning to‘rt qavatli binosiga kelib urilgan.
«Raketa turar joy binosining 4 qavatidan 9 qavatigacha bo‘lgan qismini vayron qildi. Yong‘in chiqqan», — deya xabar qilgan Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko.
To‘rt kishi halok bo‘lgani va 53 kishi yaralangani, ular orasida bolalar ham borligi xabar qilinmoqda.
Dnipropetrovsk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning aytishicha, jabrlanganlar shifokorlarga «yorilgan va kesilgan yaralar, sinish va mina portlashidan olingan jarohatlar» bilan kelmoqda.
«Ularning ko‘pchiligining holati — qoniqarli. Ikki nafari og‘ir yaralangan», — degan Lisak.
Favqulodda xizmatlar yong‘inni o‘chirmoqda va xarobalarni tozalamoqda. Rasmiy shaxslarning baholariga ko‘ra, xarobalar ostida yana kamida sakkiz kishi qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya tomoni hozircha Kriviy Rih o‘qqa tutilishi yuzasidan hech qanday bayonot bermagan.
Dushanba kuni Xerson shahriga ham zarba yo‘llangan. Ukraina prokurori ofisi xabariga ko‘ra, shahar o‘qqa tutilishi chog‘ida shahar kommunal korxonasining 60 yoshli ishchisi halok bo‘lib, yana ikki kishi jarohat olgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kriviy Rih va Xersonga qilingan so‘nggi hujumlar yuzasidan munosabat bildirdi. «So‘nggi kunlarda dushman o‘jarlik bilan shaharlarga, shaharlar markazlariga zarba bermoqda. Fuqarolik obektlari va uy-joylarni o‘qqa tutmoqda. Ammo bu terror bizni qo‘rqitmaydi va sindirmaydi. Biz ishlaymiz va xalqimizni qutqaramiz», — deya yozgan u.
Mavzuga oid
20:12
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024