Jahon | 18:24 / 02.08.2023
10518
12 daqiqa o‘qiladi

«Siyosiy falajlik»: Bir yildan beri prezidensiz yashayotgan Livan endi Markaziy bank rahbarisiz qoldi

Livanning siyosiy va iqtisodiy hayotidagi ko‘plab muammolarga yana bir muammo qo‘shildi. Yevropaning bir qancha davlatlarida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda ayblanib qidiruvga berilgan Livan Markaziy banki rahbari Riyoz Salame 31 iyul kuni o‘z lavozimini tark etdi va uning o‘rnini kim egallashi hali ham aniq emas.

Foto: Getty Images

Livanlik siyosatchilar 73 yoshli Salamening o‘rniga kim nomzod bo‘lishi borasida kelishuvga erisha olmadi, bu esa hali ham prezidensiz yashayotgan va muvaqqat hukumat faoliyat yuritayotgan mamlakatda yana bir hokimiyat bo‘shlig‘ini yuzaga keltirdi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Livanning moliyaviy yo‘qotishlari 72 milliard dollardan oshdi — bu mamlakatning 2021 yildagi YaIMidan uch baravar ko‘proq.

Riyoz Salame 30 yillik faoliyatdan so‘ng o‘z lavozimini tark etdi. Ko‘pchilik uni 2019 yilgi qulashgacha Livan moliya tizimining asosi deb hisoblagan. Shundan keyin Fransiya, Germaniya va Livanning o‘zida unga nisbatan korrupsiya ayblovlari paydo bo‘ldi. U aybdorligini inkor qiladi va o‘zini «gunoh echkisi» (qadimgi yahudiy afsonasiga ko‘ra, butun xalq gunohlari yuklangan echki) qilishganini ta’kidlaydi.

Salame mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz, so‘ngra milliy valuta qulashi va qashshoqlik darajasi tezlik bilan o‘sishi uchun javobgar bo‘lgan Livan siyosiy elitasining asosiy figuralaridan biri edi. Livan banklarining aksariyat omonatchilari bir vaqtlar gullab-yashnagan bank sektoridagi depozitlaridan mahrum bo‘ldi.

Livan hukmron elitasidagi hal qilib bo‘lmaydigan mojarolar tufayli bir yildan ortiq vaqtdan beri prezidentni tayinlash va vazirlar mahkamasini to‘liq shakllantirishning imkoni bo‘lgani yo‘q.

Moliyaviy inqiroz 2019-yildan buyon davom etmoqda. Jahon banki bu inqirozni zamonaviy tarixdagi eng og‘irlaridan biri deb ataydi.

Livandagi eng muhim davlat lavozimlari musulmon yoki nasroniy bo‘lgan 18 ta tan olingan diniy jamoalar vakillariga taqsimlangan.

Bir yildan ortiq vaqtdan beri Livanni cheklangan vakolatlarga ega muvaqqat hukumat boshqarmoqda, to‘qqiz oydan buyon mamlakatda prezident yo‘q.

Vaqtincha bosh vazir Najib Mikati va parlament spikeri Nabih Berri bir necha oy Salamening o‘rniga o‘rinbosar qidirdi va 30 iyul kuni ular yana ehtimoliy nomzod borasida kelishib olishga urindi.

Livan qonunchiligiga ko‘ra, Salamening o‘rnini vaqtincha uning birinchi o‘rinbosari Vassim Mansuriy egallashi kerak.

Mansuriy va yana uch o‘rinbosar, iyun oyida agar zarur vakolatlar berilmasdan turib, ular bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur qilinsa, iste’foga chiqish bilan tahdid qilgan edi.

Biroq, shialarning «Hizbulloh» partiyasi va uning ittifoqchisi, hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi nasroniylarning «Erkin vatanparvarlik harakati» bu talablarni rad etib, muvaqqat hukumat Markaziy bankning doimiy rahbarini tayinlash vakolatiga ega emasligini ma’lum qildi.

Natijada, Salamening joyi bo‘sh qolmoqda.

Moliyaviy daho

Oxirgi voqealar bir paytlar prezidentlikka nomzod deb hisoblangan inson taqdirida keskin burilish bo‘ldi. Markaziy bank rahbari sifatida Salame moliya tizimining malakali menejyeri sifatida shuhrat qozongandi.

Bu borada u 1975-1990-yillardagi Livan fuqarolar urushi davrida qurolli tuzilmalar boshliqlari bo‘lgan hukmron siyosatchilardan keskin farq qilardi, ammo Salame ularning yuqori darajadagi qo‘llab-quvvatlovidan foydalangandi.

Salamening Markaziy bank rahbari sifatidagi vazifalari sirasiga fuqarolar urushidan keyin Livan bank sektorini tiklash, vayron bo‘lgan shaharlarni qayta tiklashni moliyalashtirish, investitsiya jalb etish va mojarolar natijasida mamlakatni tark etgan millionlab livanliklarni o‘z vataniga qaytarish kirgan.

Buning uchun Salame yuqori foiz stavkalarini taklif qildi, Livan diasporasi va badavlat arablardan depozitlar va pul o‘tkazmalarini jalb qildi.

U boshqargan moliyaviy tizim ko‘plab livanliklarning mamlakatning samarasiz iqtisodiyotiga mos kelmaydigan turmush darajasini ta’minladi.

Omonatchilar yuqori foiz stavkalaridan foydalandi va Livan funtini Salame 1997 yildan to iqtisodiy inqirozga qadar saqlab qolgan qat’iy belgilangan kurs bo‘yicha AQSh dollariga almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Salame rahbarligida Livan moliya tizimi munosib turmush tarzini ta’minlagandi. Keyinroq Jahon banki buni moliyaviy piramida deb baholadi. Foto: Getty Images

Salame Livan funti juda yaxshi holatda ekaniga ishontirgan holda, aholini xotirjam ushlab turdi. Livan 2008 yilgi global moliyaviy inqirozni nisbatan osonlik bilan yengib o‘tdi.

Salame strategiyasidagi birinchi yoriqlar 2011 yilda, pul o‘tkazmalari va xorijiy investitsiyalar oqimi sekinlashganda paydo bo‘ldi. Mamlakatdagi mazhablarga asoslangan tizimga qarshi norozilik guruhlar o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi, beqarorlik qo‘shni Suriyadagi fuqarolar urushi tufayli yanada kuchaydi. Mamlakat ko‘rgan foydasidan ko‘ra ko‘proq xarajat qila boshladi.

2016 yilda Salame yangi moliyaviy dasturni ishga tushirdi, unda banklar valuta zaxiralarini qo‘llab-quvvatlash uchun dollar depozitlari bo‘yicha o‘ziga xos yuqori daromadlilikni taklif qildi, aslida bu asosan muammolar bilan kurashayotgan banklarni qutqarish uchun amalga oshirilgandi. Dastur bankning o‘z zaxiralarining kamayishi hisobiga qo‘llab-quvvatlandi va Jahon banki 2022 yil avgust oyidagi hisobotida buni piramida sxemasi deb atadi.

Natijada, 2019 yilda Livan moliya tizimi qulab tushdi.

2019 yil oktyabr oyida Saad Haririy hukumati quladi. Chet ellik investorlar Livandagi operatsiyalarni sekinlashtirdi. Banklarning omonatchilarga to‘lash uchun dollarlari tugadi va ular yopila boshladi. Ko‘pchiligi hozirgacha ochilgani yo‘q.

Bayrut portidagi portlash va pandemiya Livan moliya tizimini butunlay barbod qildi. U bilan birga Livan funti qiymati ham bir dollar uchun bir yarim mingdan 90 minggacha tushib, jarlikka quladi.

Aksariyat omonatchilar chet el valutasidagi omonatlaridan ayrildi yoki jamg‘armalarni shunchaki qog‘ozga aylantiradigan kurs bo‘yicha milliy valutada pul mablag‘larini olishga majbur bo‘ldi.

Ko‘pchilik livanliklarning bank depozitlari muzlatilgan. Foto: Getty Images

Qulash

Oxirgi ikki yil davomida Salame faoliyatiga qiziqish ortdi va o‘g‘irlik, pul yuvish, firibgarlik va noqonuniy boyitish ayblovlari bo‘yicha sud tekshiruvlari o‘tkazilishiga asos bo‘ldi.

Salame Fransiya va Germaniyada qidiruvga berilgan, Interpol uni hibsga olish uchun «qizil xabarnoma» chiqargan, biroq Livan o‘z fuqarosini ekstraditsiya qilmayapti.

Fransiya prokuraturasi Salamega «jinoyat sodir etish uchun jinoiy til biriktirish», pul yuvishni tashkillashtirish va «og‘irlashtiruvchi holatdagi soliq firibgarligi», Germaniya esa «birgalikda sodir etilgan pul yuvish, takroriy va o‘z manfaati asosida pul yuvish» ayblovlarini qo‘ygan, deya xabar berilgan tashkilot saytida.

2022 yil mart oyida Fransiya, Germaniya va Lyuksemburg Salamening boyligini tekshirish doirasida 120 million yevroga teng aktivlarni xatladi.

2023 yil fevral oyida Livan ham o‘z tergovi doirasida Salameni talon-toroj qilish, pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda aybladi.

Ichki tergov Salame va uning akasining 300 million dollardan ortiq mablag‘lari harakatini tekshirayotgan Shveytsariya prokurorining yordam haqidagi so‘roviga javoban boshlandi.

Tergov Markaziy bank davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish uchun banklardan undirgan komissiya yig‘imlarni o‘rganmoqda. Ulardan tushgan daromad Salamening akasi Raja tomonidan boshqariladigan Forry Associates kompaniyasiga yo‘naltirilgan.

Aka-uka Salamelar davlat mablag‘larini yuvish faktini inkor etadi va hech qanday qonunbuzarlikni yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlaydi. «To‘g‘ridan to‘g‘ri ham, bilvosita ham Markaziy bankdan hech qanday pul Forry kompaniyasiga tushmagan», degan Salame o‘tgan hafta bergan intervyusida.

Salame shuningdek, Reuters agentligiga uning advokatlari Fransiya va Germaniyadagi orderlarga qarshi protest berganini aytgan.

Bundan tashqari, Livanda Salame va uning rafiqasi Stefani Saliba noqonuniy boyishda ayblanmoqda. Unga, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirish, pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik ayblari ham qo‘yilgan.

Livanda 2019 yildan buyon Salamening moliyaviy siyosatiga qarshi namoyishlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Foto: Getty Images

Salamening taqdiri qanday kechishi hozircha noma’lum.

Agar unga xorijda hibsga olinish xavfi tahdid qilsa, u ekstraditsiya qilinmaslik uchun Livanda qoladi va sudda kurash olib boradi.

Biroq, Livan sud tizimi qanchalik siyosiylashganini hisobga olib, bu qandaydir foyda keltirishiga juda kam livanliklar ishonishadi.

Falajlik

Salamening ishdan bo‘shatilishi mamlakatdagi barcha davlat institutlarini bosqichma-bosqich yo‘q qilish jarayonining navbatdagi bosqichidir.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mamlakat yanada falajlanish va davlat institutlarning tobora ko‘proq eroziyasi tomon ketmoqda. Salamedan keyin navbatda armiya qo‘mondoni turibdi, uning vakolatlari ham bir necha oydan keyin tugaydi va Markaziy bankning sobiq rahbari bilan bo‘lgani kabi, uning ham o‘rinbosari yo‘q.

Livanlik iqtisodchi va Xalqaro valuta jamg‘armasining sobiq maslahatchisi Tufik Gasparning fikricha, iqtisodiyot tiklanish mumkin, ammo Livanning muammosi — bu qarorlarni amalga oshirish uchun siyosiy irodaning yo‘qligidir.

«Hukumat hech narsa qilmayapti... ular nimadir qilishni xohlamayapti», deydi u.

Livan asta-sekin qulamoqda, uning prezidenti yo‘q, parlament falaj va faqat cheklangan vakolatlar bilan muvaqqat hukumat faoliyat ko‘rsatmoqda. Tez orada Livan ishlaydigan sud tizimi, armiya va bank tizimisiz qolishi mumkin.

«Agar mamlakatda qonuniy hukumat yo‘qligidan manfaat ko‘rayotgan siyosiy kuch bo‘lsa, bu ham Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shialarning «Hizbulloh» partiyasidir», deydi kuzatuvchilar. Mamlakatning hozirgi holati «Hizbulloh» faoliyati uchun juda mos keladi, chunki bank tizimi va moliyaviy inqirozdan so‘ng Livan asosan qarindoshlarini ta’minlash uchun Livan diasporasidan doimiy ravishda yuboriladigan dollar oqimi bilan qo‘llab-quvvatlanuvchi naqd iqtisodiyotiga ega mamlakatga aylandi.

«Livan bank tizimi qulashining texnik tafsilotlari haqida bahslashish mumkin. Ammo siyosiy falaj bunda asosiy omil bo‘ldi», deydi tahlilchilar.

1993 yilda Salamening Markaziy bankdagi birinchi o‘rinbosari, so‘ngra esa iqtisodiyot va savdo hamda sanoat vaziri bo‘lib ishlagan Nosir Saidiyning aytishicha, u «siyosiy sinfda islohotlarga ishtiyoq ko‘rmayapti».

Mavzuga oid