O‘zbekiston | 19:47 / 03.08.2023
26397
1 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryolik sobiq maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni vazir nazoratga oldi

Surxondaryo hokimi bilan janjallashganidan keyin qamoqqa olingan sobiq maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni maktab vaziri Hilola Umarova o‘z nazoratiga oldi. Ayol ma’muriy qamoqdan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Videodan kadr

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Surxondaryo hokimi bilan nizolashgan sobiq maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga oldi.

“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda ma’muriy qamoq jazosidan ozod etildi.

Shu o‘rinda ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini eslatib o‘tmoqchiman”, deya yozdi Umarova o‘zining shaxsiy Telegram-kanalida.

Avvalroq xabar berilganidek, Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi 28-maktabda bir muddat direktor bo‘lib ishlagan Umida Tursunova 26 iyul kungi majlisda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan tortishgani ortidan qamoqqa olingan.

Mavzuga oid