O‘zbekiston | 19:21 / 04.08.2023
20012
6 daqiqa o‘qiladi

OAV va hukumat: bugungi vaziyat qanday qilib to‘g‘ri o‘zanga solinishi kerak?

Kun.uz’da navbatdagi intervyu mavzusi O‘zbekistonda jurnalist va blogerlar bilan sodir bo‘layotgan qator xavotirli, tushunarsiz holatlar haqida bo‘ldi: ba’zi blogerlarning faoliyatini yakunlagani, ayrim jurnalist va blogerlarning qamalayotgani va yana ayrimlarining ustidan sud ishlari davom etayotgani.

Bu kabi holatlar esa o‘zi-o‘zidan soha ichidagi boshqa jurnalist va blogerlarni xavotirga solmay qo‘ymaydi.

Tahliliy intervyu mehmonlari «Amerika ovozi» radiosi muxbiri Navbahor Imomova, Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va jamiyatshunos, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi. 

— 2022 yil oxiri va joriy 2023 yilda ba’zi jurnalist va blogerlarning Jinoyat kodeksidagi qator moddalar bilan javobgarlikka tortilgani va hozir ham davom etayotgan boshqa sud ishlari. Xo‘sh, sizlar jurnalist, inson huquqi faoli va jamiyatshunos sifatida vaziyatni qanday kuzatyapsiz?

Dastlab, vaziyat sizlarga qanday ko‘rinayotgani haqida umumiyroq gaplashsak-da, keyin aniq holatlar misolida batafsil yana gaplashamiz.

Navbahor Imomova:

— Xavotir bilan kuzatyapman, ammo ajablanayotganim yo‘q. Menimcha, bu vaziyat pishib yetilib kelayotgan dinamika edi. Oxirgi 3-4 yil ichida har safar O‘zbekistonga kelganimda shu mavzuda material qilayotgan edim. Deylik, shakllana boshlagan mediabozor, qorishib ketgan blogosfera va jurnalistika, jurnalistlarning turli pozitsiyada ish qilishi (jurnalist, bloger, matbuot kotibi) kabilar. Bular O‘zbekistondagi mediamakon korrupsiyalashganidan darak edi. Mediamakon korrupsiyalashishida hukumat boshdan oyoq bosh-qosh. Yangilik emas bu, sovet davridan qolgan illat.

Oxirgi vaqtlarda blogerlar biror bir muammoni hal qilish uchun pul olishi meni xavotirga solayotgan edi. Bu yo‘l bilan hukumatga ham ko‘plab bahona berayotgandi. Hukumat o‘zini tanqid qilib, asabiga tekkanlarga chora ko‘ryapti va davom etyapti. Hukumat korrupsiyani yo‘qotmoqchi bo‘lganda bunga boshidan boshqacha chora ko‘rgan bo‘lardi, lekin faqat o‘ziga gap tashlaganlarga chora ko‘ryapti. Endi jarayon yanayam murakkablashadi. O‘zbekiston bu jarayondan o‘tib olish kerak. Boshqa davlatlarda ham bunday bosqich bo‘lgan. Lekin bizdagi o‘ziga xos va jinoiy elementlarga boy.

Abdurahmon Tashanov:

— Ittifoq davrida ham, mustaqillik davrida ham media mustaqilligini ta’minlash muhiti yaratilgani yo‘q umuman. Sovet davrida ham, Karimov davrida ham propaganda vositasi bo‘lib kelgan matbuot. Propaganda matbuoti qayerdan, qanday ta’minlanadi, degan savol ham qo‘yish kerak. Masala juda og‘ir. Ya’ni hali erkin matbuot uchun birinchi qadam ham qo‘yilgani yo‘q. Jahonda matbuotning o‘rnini hisobga oladigan bo‘lsak ham xuddi shunday ekani ko‘rinadi. O‘tish jarayonidir hali.

So‘z erkinligi to‘lqinsimon ko‘rinishda bizda. Bir erkinlik beriladi, bir siqiladi. Aytganimdek, hali poydevori qo‘yilmagan so‘z erkinligining. Yaqin yillar uchun ham nekbin qarash yo‘q menda.

Kamoliddin Rabbimov:

— OAVning muhim sotsiologik vazifalari mavjud. Ulardan biri — davlatdagi, jamiyatdagi muammolarni yuqoriga olib chiqish. Muammolar olib chiqilgach, hokimiyatga nisbatan zo‘riqish vektorlari shakllanadi. Mustaqil OAV hech qachon hokimiyat uchun qulay bo‘lmaydi. Demokratik davlatlarda jamiyat qonini yangilab turuvchi ikki omil bor: haqqoniy saylovlar va so‘z erkinligi. Shu ikkalasi bo‘lsa, qolgan demokratik institutlar ham ishlab ketadi.

O‘zbekiston siyosiy tafakkuri shundayki, xokimiyat siyosiy zo‘riqishni qabul qilolmayapti. OAV, blogerlar muammolarni olib chiqayotgan bo‘lsa, ularga nisbatan salbiy qarash shakllanyapti hokimiyatda.

Asosiy muammolardan biri jurnalist, blogerlarning moliyaviy mustaqilligi ta’minlanmagani. Buni hozirgi sud jarayonlaridan ham ko‘rish mumkin. Har bir bo‘layotgan voqea-hodisalarning davlat manfaatlari uchun strategik qirrasi mavjud. Jurnalist va blogerning ovozini o‘chirish mumkindir, lekin davlat bundan nimani yo‘qotyapti, degan savolni qo‘yish kerak. Siyosatchilar avvalambor davlatning reputatsiyasini to‘lamasdan, shu maqsadlarga boshqacharoq erishish mumkinmidi, degan savolni ham qo‘yishi kerak edi.

Yil boshidan bir qancha ishlar bo‘ldi. «Kompromatuz” ishini tanqidlar uchun deyish qiyin. U davlatga nisbatan zo‘riqish vektorlarini shakllantirgani yo‘q edi. Lekin savol paydo bo‘ladi: nega buncha uzoq vaqt jurnalist va blogerlarning xato qilishiga imkon berildi? Xatolardan ogohlantirish tizimi ishlashi kerak edi. Ko‘plab xatolar qilib bo‘lgandan keyin javobgarlikka tortish emas, profilaktika bo‘lishi lozim edi. 

●     Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid