KGB va «MVD» qarama-qarshiligi: SSSR ichki ishlar vaziri nega o‘z joniga qasd qilgandi?
1982 yil dekabrda SSSR ichki ishlar vaziri Shchyolokov ishdan bo‘shatiladi, barcha unvon va mukofotlardan mahrum etiladi. Ko‘p o‘tmay avvaliga sobiq vazirning xotini, so‘ng o‘zi joniga qasd qiladi. Shchyolokovning bunday qilishiga avvalroq uning SSSR rahbari Yuriy Andropovga yoqmay qolgani sabab bo‘lgandi. Ularning qarama-qarshiligi Brejnev tirikligida, 1970-yillar oxirida boshlangandi.
SSSRda Andropov KGB rahbari bo‘lib ishlagan yillarda (1967-1982) juda ko‘plab hodisalar bo‘lib o‘tgan. Vetnam urushi (bu urushda sovet harbiylari ham ishtirok etgan), Afg‘on urushi, shuningdek, ko‘plab KGB xodimlarining G‘arbga qochib ketishi o‘sha davrda sodir bo‘lgan.
Andropov mamlakatdagi eng asosiy tashkilotni boshqarar ekan, juda katta vakolatlarga ega edi. Shu sababli, u 1970-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSRning ichki va tashqi siyosatiga aktiv aralasha boshlaydi. Oqibatda Andropov va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqib kela boshlaydi.
Masalan, Andropov O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovni mutlaqo yoqtirmagan. Bunga asosiy sabablardan biri Rashidov sovet qo‘shinlariningg Afg‘onistonga kiritilishiga qarshi bo‘lgan.
O‘sha urush tashkilotchisi sifatida Andropovga O‘zbekiston rahbarining bu pozitsiyasi yoqmagan. Biroq Rashidov Leonid Brejnev bilan juda yaqin bo‘lgani uchun mamlakat rahbari vafot etguncha Adropov unga inday olmagan.
1970-yillar oxirida Andropov SSSR ichki ishlar vaziri Shchyolokov bilan teskari bo‘lib qoladi. Shchyolokovga Andropovning ichki ishlar vazirligining ishiga aralashavergani yoqmasdi. Ular o‘rtasidagi birinchi tortishuv Kremlni kim qo‘riqlashi yuzasidan kelib chiqadi.
Andropov KGB rahbarligiga yaxshilab o‘rnashib olgach Kremlni qo‘riqlashni ichki ishlar vazirligidan tortib oladi. Biroq Shchyolokov ham bo‘sh kelmaydi va mamlakat qonunlari bo‘yicha Kremlni KGB xodimlari emas, ichki ishlar xodimlari qo‘riqlashi lozimligini aytib, «chekist»larni Kremldan quvib yuboradi.
Uning bu ishi Andropovning g‘azabini qo‘zg‘atadi. Biroq KGB rahbari qanchalik qudratli bo‘lmasin ichki ishlar vaziriga hech narsa qila olmaydi. Chunki Shchyolokov mamlakat rahbari Brejnev bilan yaqin aloqalarda edi.
Shchyolokov Brejnev bilan yoshlikdan do‘st bo‘lishgan va keyinchalik ham do‘stona aloqalar saqlanib qolgandi. Shu sababli Brejnev mamlakat rahbari bo‘lganidan so‘ng ikki yil o‘tib Shchyolokovni SSSR ichki ishlar vaziri etib tayinlaydi. Qolaversa, Shchyolokov Brejnevning atrofidagi muhim shaxslar bilan ham yaxshi aloqada edi.
Agar tarixga nazar tashlansa Andropov va Shchyolokov ikkita tashkilot rahbarligiga qariyb bir vaqtda kelganini ko‘rish mumkin. Shchyolokov 1966 yil sentabrda SSSR ichki ishlar vaziri etib tayinlangan. Andropov esa 1967 may oyida KGB rahbari bo‘lgan.
1970-yillar oxirigacha Andropov va Shchyolokov o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar sodir bo‘lmagan. KGB rahbari 1970-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSRning ichki va tashqi ishlarga aralasha boshlar ekan, tom ma’noda militsiyani ham o‘ziga tobe hisoblardi.
Biroq Brejnevning himoyasida bo‘lgan Shchyolokov unga bo‘ysunishni xohlamasdi. KGB rahbarining hatto Brejnevni ham pisand qilmay o‘zini mamlakatdagi eng qudratli shaxs hisoblashi Shchyolokovga yoqmasdi.
1980 yilda sodir bo‘lgan bir hodisa tufayli ikki rahbarning o‘zaro zimdan olib borgan nizosi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi. Militsiya xodimlari KGB mayorini o‘ldirib qo‘yishadi.
Biroq ana shunday vaziyatda ham ichki ishlar vaziridan o‘ch ololmagan Andropov alamini Moskva shahar militsiyasidan oladi. O‘ldirilgan KGB mayori uchun to‘rt nafar militsiya xodimi o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Yana ko‘plab xodimlar turli jazolarni olishadi.
O‘shanda Shchyolokov mamlakatdagi eng qudratli shaxs bilan qarama-qarshilik keyinchalik ayanchli oqibatlarga olib kelishini bilmasdi. Andropov Brejnevning vafotidan keyin Shchyolokovdan o‘ch olishga muvaffaq bo‘ladi.
Oxir-oqibat KGB va IIV rahbarlarining qarama-qarshiligi Brejnev vafotidan so‘ng Shchyolokovning ishdan bo‘shatilishi va KPSS markaziy qo‘mitasidan haydalishi bilan tugaydi. Ko‘p o‘tmay uning xotini o‘z joniga qasd qiladi.
Keyinchalik, Andropovdan so‘ng SSSRni boshqargan Konstantin Chernenko davrida ham zug‘umlar to‘xtamagach Shchyolokovning o‘zi ham joniga qasd qiladi.
KGB va IIV rahbarlarining qarama-qarshiligini keskinlashtirgan hodisa
1980 yil 26 dekabr kuni kechki payt KGB mayori Vyacheslav Afanasev mast holda Moskva metrosiga tushadi va uxlab qolib oxirgi «Jdanovskiy» bekatiga borib qoladi.
Uni metro xodimlari uyg‘otishadi, biroq shirakayf mayor vagondan tushishni xohlamaydi. Shunda metro xodimlari bekatda xizmat olib borayotgan militsiya xodimlarini yordamga chaqirishadi.
Uch nafar militsiya xodimi mastni bekatdagi xonaga olib kirib, undan shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘rashadi. Biroq bir necha shisha aroq va kamyob kolbasa solingan qog‘oz paket ko‘tarib olgan mastning yonida hech qanday hujjat yo‘q edi. Shu yerda militsionerlar uni do‘pposlashadi.
Mastni do‘pposlashayotganda u o‘zini KGB mayori ekanini va militsionerlarni umrbod qamatib yuborishini aytib so‘kadi. Bundan jahli chiqqan militsiya xodimlari uni yana urishadi va mastni o‘zlari xizmat qilayotgan 5-bo‘limga olib borishadi.
Bo‘limda mastni yana do‘pposlashadi. Shu yerda uning shaxsiga aniqlik kiritilganda mast haqiqatdan KGB mayori Afanasev ekani oydinlashadi.
Militsionerlar KGB mayorini do‘pposlashgani oshkor bo‘larkan, bu ish uchun mamlakatdagi eng qudratli tashkilot dahshatli tarzda o‘ch olishi aniq edi. Shu sababli militsiya bo‘limi boshlig‘i Boris Barishev xodimlarga darhol Afanasevni shahar chetiga olib chiqish va o‘ldirib tashlab ketishni buyuradi.
Bo‘lim boshlig‘i shunaqa qilinsa yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolib ketadi va KGB mayorining militsionerlar tomonidan kaltaklanganini hech kim bilmay qoladi deb o‘ylagandi. Biroq unday bo‘lmaydi.
Militsionerlar Afanasevni Moskva viloyati hududiga olib chiqishadi va boshiga armatura bilan urib jarohat yetkazishadi. So‘ng o‘sha atrofdagi KGB xodimlarining dala hovlilari joylashgan hududga tashlab ketishadi.
Afanasev chalajon holda yotganida o‘tkinchilar ko‘rib qolishadi va darhol kasalxonaga olib borishadi. Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olishmaydi. Oradan to‘rt kun o‘tib, 1981 yil 1 yanvar kuni mayor vafot etadi.
KGB mayorini sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazishganda, uni bir necha kun oldin do‘pposlashgani va boshiga armatura bilan urib jarohatlashgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng KGB surishtiruvlarni boshlab yuboradi.
KGB mayorining chalajon holda ovloq joyga tashlab ketilishi juda katta shov-shuvga aylanadi. Chunki Afanasev KGBning juda muhim bo‘limida ishlardi.
Qolaversa, o‘sha yili KGBning muhim xodimlaridan biri Viktor Sheymov AQShga qochib ketgan va bu Andropovning sha’niga dog‘ bo‘lib tushgandi. Shu sababli KGB rahbari Afanasevni o‘ldirganlarni topib jazolab, o‘z nomini oqlab olishni xohlardi.
Boshqa tarafdan, Andropov nomini eshitgandan barcha titrab turadigan tashkilot zobitini do‘pposlab o‘ldirishga kim jur’at etganini bilishni istardi. Shu sababli Afanasevni do‘pposlab o‘ldirganlarni topishga juda katta kuch tashlashadi.
Afanasevni urganlarni qidirishda IIVning operativ-surishtiruv guruhi xodimlari ham ishtirok etadi. Surishtiruv ishlari bosh prokuraturaga topshiriladi. Asosiy gumonda IIB xodimlari edi.
KGB va IIV maxsus bo‘limlaridan tuzilgan tezkor-qidiruv guruhiga SSSR bosh prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Vladimir Kalinichenko boshchilik qiladi.
Keyinchalik Kalinichenko o‘zining «Tergov va hokimiyat» kitobida Avanasevning o‘ldirilishi ishini tergov qilar ekan, ichki ishlar vazirligining yuqori mansabdorlaridan o‘ziga turli tayziqlar bo‘lganini, tergov vaqtida va suddan keyin o‘zi va oilasini ikki yil mobaynida KGBning maxsus «Alfa guruhi» qo‘riqlab yurganini yozgan.
Surishtiruvlar davomida Afanasevni metroda ushlab bo‘limga olib borilgani ma’lum bo‘lgach darhol mayorni o‘ldirganlikda gumonlanib olti nafar militsioner ushlanadi. Ular orasida militsiya bo‘limi boshlig‘i Boris Barishev ham bor edi.
Avvaliga militsiya xodimlari Afanasevni tanimasliklarini aytib turib olishadi. Biroq metro xodimlari KGB mayorini militsiya xodimlari olib ketgani haqida ko‘rsatma bergach, ular Afanasevni hushyorxona xodimlariga topshirishganini aytishadi. Kalinichenko ularga ishonadi va Moskva shahar hushyorxonalari bo‘limi boshlig‘ini hibsga oladi.
Biroq ko‘p o‘tmay KGB mayorini hushyorxona xodimlari olib ketmagani oshkor bo‘lgach, prokuratura tergovchisi hushyorxonalar bo‘limi boshlig‘ini ozod qiladi. Shundan so‘ng militsionerlar o‘z ayblarini tan olishga majbur bo‘lishadi.
KGB mayorini militsiya xodimlari do‘pposlab o‘ldirgani uzil-kesil aniq bo‘lgach eng avval Afanasev olib borilgan 5-bo‘lim xodimlari to‘liq ishdan bo‘shatib yuboriladi.
Bundan tashqari, Andropovning topshirig‘i bilan KGB xodimlari Moskva shahri ichki ishlar boshqarmalari ishini taftish qilish uchun tekshiruvlarni boshlab yuboradi.
Tekshiruv yakunida Moskva shahrida ishlayotgan 300 nafar militsioner ishdan haydaladi. Ular orasida oddiy xodimlardan tortib yuqori lavozimga ega zobitlargacha bor edi.
1982 yil iyun oyida Afanasevning o‘ldirilishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinadi. Unga ko‘ra mayorni bo‘limga olib borgan uch nafar xodim va bo‘lim boshlig‘i Boris Barishev o‘lim jazosiga hukm etiladi. Yana boshqa ko‘plab xodimlar turli jazolar olishadi.
Shchyolokovning boshiga tushgan ko‘rgiliklar
KGB mayorining o‘limiga militsionerlar sabab bo‘lgan va ular jazolangan bo‘lsa ham Andropov Shchyolokovga hech narsa qila olmaydi. Kimsan, mamlakat rahbarining yaqin do‘sti bo‘lgan shaxsga kim nima deya olardi?!
1982 yil 10 noyabr kuni kutilmaganda Brejnev vafot etadi. (Uni Andropov o‘ldirgan ham deyishadi) Sal avval KGB rahbarligidan bo‘shab KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini egallagan Andropov Brejnevning dafn etilishini kutib o‘tirmaydi va 12 noyabr kuni SSSR rahbari bo‘ladi.
Nihoyat Andropov uchun Shchyolokov bilan o‘zaro hisob-kitob qilib oladigan vaqt kelgandi. Andropov davlat rahbari bo‘lgandan 35 kun o‘tib, 17 dekabr kuni uning birinchi qilgan ishi Shchyolokovni ishdan bo‘shatish bo‘ladi.
Andropov vazirni ishdan bo‘shatish bilan cheklanib qolmoqchi emasdi. O‘ziga qarshi chiqqanlardan ayovsiz tarzda o‘ch olib kelgan Andropov endi Shchyolokovni mansabni suiiste’mol qilishda, pora olishda ayblay boshlaydi. Sobiq vazir uchun notinch kunlar boshlanadi.
Ko‘p o‘tmay Shchyolokovning uyida tintuv o‘tkazishadi va u yerdan qimmat avtomobillar, suratlar va qimmatbaho buyumlar topishadi.
Aslida o‘sha paytda yuqori lavozimli istalgan amaldorning uyidan Shchyolokovning uyidan topilgandan ko‘p narsa topilardi. Biroq davlat rahbariga (ya’ni Andropovga) faqat Shchyolokov yoqmay qolgandi.
Shchyolokovning davlatga yetkazgan zarari 500 ming rublga baholanadi (o‘sha paytdagi kurs bilan bu summa 400 ming dollardan oshardi).
Ishdan bo‘shatilganidan ikki oy o‘tib, 1983 yil 19 fevral kuni KGB tomonidan uyushtirilayotgan bosimlarga chiday olmagan Shchyolokovning xotini Svetlana Shchyolokova o‘z joniga qasd qiladi. Shunda ham Andropov tomonidan sobiq vazirga bosimlar kamaymaydi.
1983 yil 15 iyun kuni Shchyolokov KPSS markaziy qo‘mitasi a’zoligidan chiqariladi. KGB xodimlari sobiq vazirni tergov qilishda davom etishadi.
1984 yil 9 fevral kuni kutilmaganda Andropov vafot etadi. Biroq uning sadoqatli shogirdlari amal kursida bo‘lgani uchun Shchyolokovga o‘tkazilayotgan bosim yanada battar ko‘rinish oladi.
1984 yil 6 noyabr kuni undan general unvoni tortib olinadi. Oradan bir oy o‘tgach 1984 yil 7 dekabr kuni sobiq vazir partiya safidan o‘chiriladi. O‘sha paytda Shchyolokovga qilinayotgan munosabat uning javobgarlikka tortilishiga va qamalishiga qarab borayotgandi.
1984 yil 12 dekabr kuni Shchyolokovga so‘nggi zarba beriladi. Undan barcha davlat mukofotlari tortib olinadi. O‘shanda sobiq vazirda birgina Lenin ordenidan to‘rtta, umumiy hisobda yigirmadan oshiq turli orden va medallar bo‘lgan.
Bu ishdan so‘ng uning asabi dosh bermay qoladi va oradan bir kun o‘tib, 1984 yil 13 dekabr kuni uyida ov miltig‘i bilan o‘zini otib, joniga qasd qiladi.
O‘limidan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvlarda, u joniga qasd qilishdan uch kun avval Andropovdan keyin SSSR rahbari bo‘lgan Konstantin Chernenkoga maktub yozgani ma’lum bo‘ladi.
Shchyolokov maktubida bolalarini «ish»ga aralashtirmasliklarini, ularning aybi yo‘qligini, o‘zi ham partiyaga va davlatga xiyonat qilmaganini, bunday yomon munosabatga hamda ayblovlarga munosib emasligini yozgandi.
Keyinchalik, Andropov va undan qolgan tuzum sobiq vazirni bir qancha ishlarda ayblar ekan, uning bolalari bilan qo‘rqitib, bosim o‘tkazgani va bunga chiday olmagan Shchyolokov o‘z joniga qasd qilgani oydinlashadi.
Sovetlar mamlakatdagi eng muhim tashkilot, ichki ishlar vazirligi rahbarini ishdan bo‘shatib, uni turli jinoyatlarda ayblar ekan, tafsilotlar ommadan yashiriladi.
Odamlar faqat ichki ishlar vaziri o‘zgargani haqida xabar topishadi. Qolgan barcha tafsilotlar, sobiq vazirning ayblanishi, undan unvonlar va davlat mukofotlarining tortib olinishi, partiyadan quvilishi kabi ishlar barchadan sir tutiladi.
Uning o‘z joniga qasd qilgani ham yashiriladi. Chunki kimsan sobiq SSSR ichki ishlar vazirining o‘z joniga qasd qilishi mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini tushirardi.
Shu sababli Shchyolokov vafot etdi degan xabar beriladi va uning o‘z joniga qasd qilgani haqida lom-lim deyilmaydi.
1991 yilda SSSR parchalanib ketgach bir muddat arxivlar ochiladi va sobiq SSSR ichki ishlar vazirining o‘limi sirlari oshkor qilinadi. Shunda Shchyolokovning ayanchli taqdiri va u asosan Andropov bilan qarama-qarshilik tufayli jabrlangani ommaga oshkor bo‘ladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024