Jahon | 09:31 / 05.08.2023
6062
2 daqiqa o‘qiladi

YeIning Belarusga bir qator tovarlar eksporti bo‘yicha taqiqi kuchga kirdi

Belarusga 50 dan ortiq turdagi yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qilishni taqiqlash davom ettiriladi. Taqiqlangan tovarlar ro‘yxati Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilingan.

Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi sanksiyalarni yana kengaytirdi - regulyator ushbu mamlakatga 53 turdagi yuqori texnologiyali tovarlarni eksport qilishni taqiqladi. Ularning ro‘yxati 4 avgust, juma kuni Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgan.

Taqiq harbiy tizimlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar, jumladan, sinov uskunalari, kameralar va optik komponentlar, boshqa elektr/magnit komponentlar, elektron qurilmalar, modullar va yig‘ma uskunalarni qamrab oladi.

Aviatsiya va kosmik sanoatda foydalanish uchun yaroqli tovarlar va texnologiyalarni, shu jumladan uchuvchili va uchuvchisiz uchish apparatlari uchun aviatsion dvigatellar va ularning qismlarini eksport qilish taqiqlanadi.

Taqiqlar nafaqat eksportning o‘ziga, balki Belarusning har qanday jismoniy va yuridik shaxslariga, tashkilotlariga yoki organlariga texnik yordam va boshqa xizmatlar ko‘rsatishga ham tegishli. Hujjatda tibbiyot sohasida, tibbiyot, farmatsevtika yoki humanitar maqsadlarda foydalaniladigan tovarlarni yetkazib berishda istisnolar mavjudligi ham nazarda tutilgan. 

Mavzuga oid