Jahon | 08:54 / 05.08.2023
3855
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrodeputatlar YeIdan armiyaga borishni istamagan rossiyaliklarni himoya qilishni so‘radi

Bir guruh Yevroparlament deputatlari Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqi kengashini Rossiya armiyasida xizmat qilishni istamagan harbiy xizmatchilarga boshpana berish uchun chora ko‘rishga chaqirdi. Parlament a’zolarining maktubi bilan DW tanishib chiqdi.

Foto: Alexander Avilov / Moskva News Agency

Yevroparlamentning 17 nafar a’zosi Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqi davlatlarini rossiyaliklar uchun umumiy viza siyosati bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga va Ukrainada jang qilishni istamagan Rossiya fuqarolariga kirish vizalari hamda boshpana berish tamoyillarini ishlab chiqishga chaqirdi. «Rossiya qurolli kuchlari Ukrainada inson huquqlari va xalqaro humanitar qonunlarni buzayotganini hisobga olib, ruslar urushda qatnashayotgan armiya safida xizmat qilmaslik uchun ma’naviy asosga ega», deyiladi juma, 4 avgust kuni DW ixtiyoriga kelib tushgan matnda.

Harbiy xizmatni vijdonan rad etish huquqi Rossiya Konstitutsiyasida mustahkamlangan, biroq davlat organlari harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni bu huquq haqida xabardor qilmaydi yoki undan foydalanishni rad etadi, deyiladi murojaatda. 

Yevropalik parlamentariylar Rossiyada harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning qattiqlashishi va safarbarlikning yangi to‘lqinlari tufayli Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida boshpana so‘rab murojaatlari soni ortib borishini taxmin qilmoqda. Xat mualliflari harbiy xizmatdan bosh tortgan rossiyaliklarni himoya qilish va boshpana bilan ta’minlashni YeI va unga a’zo davlatlarning burchi deb hisoblaydi. 

Bundan tashqari, deputatlar Yevroparlamentning inson huquqlari bo‘yicha quyi qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanadi, u rossiyaliklarning jang qilishdan bosh tortayotgani bo‘yicha holatlarni kuzatib boradi. Unga ko‘ra, Rossiya harbiy qo‘mondonligi Ukrainaning Donetsk va Luhansk viloyatlarining bosib olingan hududlarida kamida 13 ta noqonuniy markaz tashkil etgan, ularda 600 dan ortiq rossiyalik harbiy harakatlarda qatnashishdan bosh tortgani uchun hibsda saqlanmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid