Sport | 23:06 / 06.08.2023
26649
3 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» – Angliya Superkubogi sohibi

«Arsenal» va «Manchester Siti» Yevropada yangi futbol mavsumini ochib berdi.

Foto: Arsenal

6 avgust kuni Angliya chempionatining o‘tgan mavsum chempioni va Angliya kubogi sohibi «Manchester Siti» hamda ikkinchi o‘rin sohibi bo‘lgan Londonning «Arsenal» klublari o‘rtasida Angliya Superkubogi uchun o‘yin bo‘lib o‘tdi. Londondagi «Uembli» stadionida kechgan uchrashuvda Styuart Atvell boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishladi.

Birinchi bo‘limda tomonlar teng o‘yin ko‘rsatishdi, darvozabonlar bir necha martadan o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi.

Ikkinchi bo‘limda esa Kevin de Bryuynening maydonga tushishi «Manchester Siti» o‘yinini jonlantirdi va Aaron Ramsdeyl darvozasi oldida xavfli vaziyatlar ko‘paydi. 21 yoshli Koul Palmer 77-daqiqada aynan belgiyalik yarimhimoyachining pasidan keyin hisobni ochdi – 1:0. E’tiborlisi, yosh hujumchi shu kuni o‘yini chiqmagan Erling Holandning o‘rniga zaxiradan maydonga tushgandi.

«Siti» muxlislari bayramni boshlagan bir paytda, uchrashuvning 90+11-daqiqaga kelib Leandro Trossarning zarbasidan keyin to‘p Akanji orqali darvoza to‘riga borib tushdi – 1:1.

Shundan so‘ng jamoalar darhol penaltilar seriyasini boshlashdi. Futbol lotereyasida Kevin de Bryuyne va Rodri xatoga yo‘l qo‘ygach, yakunda Fabiu Viyera hal qiluvchi zarbani aniq amalga oshirdi (4:1) va «Arsenal» mavsumni sovrin bilan boshladi.

«Kanonirlar» o‘z tarixida 17-bor Angliya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Bu borada jamoa Angliya klublari o‘rtasida ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etmoqda, oldinda faqat «Manchester Yunayted» (21) bor.

Angliya Superkubogi.
Arsenal – Manchester Siti 1:1. Penaltilar seriyasi: 4:1
Gollar:
0:1 – 77 Palmer, 1:1 – 90+11 Trossar
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Gabriel (Smit-Rou, 87), Saliba, Timber (Tirni, 76), Parti, Edegor, Rays (Nketia, 81), Haverts (Fabiu Viyeyra, 87), Saka, Martinelli (Trossar, 75).
Manchester Siti – Ortega, Uoker, Stounz, Ruben Diash, Akanji, Kovachich (de Bryuyne, 64), Grilish (Foden, 58), Bernardu Silva, Rodri, Holand (Palmer, 64), Alvares.
Ogohlantirishlar: Parti (8), Arteta (17), Haverts (27), Alvares (31), Gabriel (66).

Mavzuga oid