«Tezkor qarshi hujum umidlari o‘ta optimistik bo‘lib chiqdi» - Ukraina armiyasi muammolari ekspertlar nigohida
Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov 2 avgust kuni qarshi hujum asnosida Ukraina harbiylarida dedlayn yoki grafik yo‘qligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya egallab olgan hududlarni ozod qilish yoppa minalashtirish tufayli qiyinlashmoqda, voqealar rivoji sekin ekanidan norozilar «urush nima ekanini tushunishmaydi».
Danilovning so‘zlari G‘arbda Ukraina qurolli kuchlarining frontdagi harakatlaridan norozilik kuchayib borayotgan bir paytda yangradi. Uzoq kutilgan qarshi hujum kutilmalarni oqlayotgani yo‘q, biroq G‘arb OAVda qayd etilishicha, bunga bir qator obektiv sabablar bor. Bu sabablarni harbiy ekspertlar tobora faol muhokama qilishmoqda, o‘z sirtqi muloqotlarida ular ukrainaliklarning qarshi hujum operatsiyalarini tanqid ostiga ham olishmoqda, ba’zida esa frontdagi murakkabliklar e’tiboridan, oqlab ham qo‘yishmoqda.
Quyida G‘arb matbuoti sharhida tahlilchilar Ukraina qurolli kuchlarining qanday muammolarga duchor bo‘layotgani haqida so‘z yuritayotgani, frontning old chizig‘idagi so‘nggi voqealar nega Ikkinchi jahon urushida ittifoqchilarning Normandiyaga tushirilishiga mengzalayotgani haqida hikoya qilamiz.
Ukraina frontidagi umumiy vaziyat
«Bizga o‘zimizdan bo‘lak hech kim dedlayn o‘rnata olmaydi, bu — birinchidan. Ikkinchidan, hech qanaqa grafik yo‘q. Uchinchidan, bunaqa gap-so‘zlar boshlansa, buni ko‘pincha urush nimaligini tushunmaydigan odamlar boshlagan bo‘ladi… Frontda bo‘layotgan voqealarga nisbatan vaziyat qizitib yuborilgan paytlar ham bo‘lmoqda», — degan Oleksiy Denilov «1+1» telekanali efirida.
Unga ko‘ra, harbiy harakatlar murakkab va juda ko‘p omillarga bog‘liq.
«Biz allaqachon NATO tizimidamiz va u bilan ish ko‘ryapmiz, komandir u yoki bu yo‘nalishda oldinga qo‘yilgan umumiy vazifaga binoan qanday harakat qilishni hal qiladi», — degan Danilov.
Amaldorning baholashicha, joriy sharoitlarda ukrainalik harbiylar jangovar vazifalarni «a’lo»ga bajarmoqda, ayniqsa «dushman yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani, ulkan maydonlarni minalashtirgani» hisobga olinsa.
«Harbiylarimiz ortda qoldirib o‘tishi lozim bo‘lgan hududdagi minalar soni aql bovar qilmas darajada ko‘p. Bir kvadrat metrga o‘rtacha uch-to‘rt-beshtadan mina to‘g‘ri kelmoqda», — degan Danilov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hududlarni minalardan tozalash G‘arbdan jo‘natiladigan texnikalar vositasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lgan, biroq frontning juda katta hududida ukrainaliklar portlovchi moddalarni qo‘lda zararsizlantirishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ukrain armiyasining qarshi hujumi iyun oyida Janubiy Donetsk fronti uchastkalarida boshlandi. Ukraina qurolli kuchlari to‘rtta asosiy yo‘nalishni belgilab olishgan. Bu Zaporijjya oblastidagi Orixiv shahri hududi (Tokmak shahri orqali Melitopol shahriga chiqish), Zaporijjya va Donsek oblastlari chegarasidagi Velika Novosilka rayoni, shuningdek, Donetsk oblastidagi Maryinka va Baxmut yo‘nalishlari.
So‘nggi vaqtlarda asosiy voqealar Vremivka balandligi atrofida sodir bo‘ldi. Bu Vremivka posyolkasi nomiga qo‘yilgan yo‘nalish bo‘lib, Rossiya tomoni o‘z pozitsiyalarini Velika Novosilka rayon markazi tomon qaratib qo‘ygan. Front chizig‘i balandlik ostonasigacha — Urojayne, Staromlinivka va Staromayorske qishloqlarigacha kelib qoldi. Iyul oyi oxirlarida ekspertlar Ukraina armiyasi RF QKning Zaporijjya va Donsek oblasti chegaralaridagi asosiy mudofaa sarhadlarigacha yetib kelgani va yo‘llarida «ajdar tishi» va tanklarga qarshi xandaqlarga duchor bo‘lishgani qayd etishdi. Pentagondagi manbalar xabar berishicha, Ukraina qo‘shinlari shu paytgacha zaxirada ushlab turilgan, G‘arbda tayyorlangan qo‘shilmalarni harakatga keltira boshlagan.
Iyun oyi o‘rtalarida esa kuzatuvchilar Ukraina armiyasining qarshi hujum sur’atlari sezilarli darajada pasaygani, Ukraina QK harakatlari frontning biror yo‘nalishida kutilmalarni oqlamaganini qayd etishgandi. Dastlabki sabab sifatida Rossiyaning kutilganidan mustahkamroq bo‘lib chiqqan yopirilma mina maydonlari doxil eshelonlangan mudofaasi keltirildi.
Bundan tashqari, tahlilchilar Rossiyaning radioelektron kurash vositalarini ajratib ko‘rsatishmoqda, ular GPS koordinatalar orqali nishonga olib, ukrainlarning aloqa tizimiga jiddiy putur yetkazib, Ukraina QKni yuqori aniqlikdagi qurol-yarog‘lardan foydalanishdan mosuvo etmoqda. Rossiya QKning aviatsiyadagi ustunligi ham nazardan qochirilmagan. Bundan tashqari, Ukraina qo‘shinlari hozircha murakkab umumqo‘shin operatsiyalarni o‘tkazish imkoniga ega emas. Natijada kurashayotgan tomonlar «holdan toydirish taktikasi» bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq hududlarni qaytarib olish «istalganidan sekinroq» ketayotganini tan olgandi. Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy esa ukrain qo‘shinlarining imillab harakat qilayotgani to‘g‘risidagi bayonotlardan jahli chiqayotganini aytgandi. «Bu butun dunyo tomosha qilayotgan va dov tikayotgan shou emas. Har bir kun, har bir metr qon evaziga qo‘lga kiritilmoqda», — degandi u. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Ukraina qo‘shinlarining yaqinda G‘arbda o‘qitib kelingan asosiy zaxiralari, jumladan, zamonaviy tanklar va zirhli texnikalar bilan ta’minlangan brigadalarining aksariyati hali qarshi hujumga qo‘shilmaganini ma’lum qilgan.
«Har bir mil — qonli jang»
The New York Times gazetasi o‘tgan haftada Ukraina qo‘shinlarining janubdagi yurishlari davomida «katta yo‘qotishlar»ga uchralgani haqida yozdi. Ukraina QK 23-brigadasining yarador bo‘lgan askarlaridan biri muxbirlarga uning batalyoni artilleriya va tanklar zarbasiga duchor bo‘lib yo‘q qilingani, bor-yo‘g‘i bir oy ichida old chiziqdagi bo‘linmada atigi 10 kishi qolganini aytgan. Uning aytishicha, brigada artilleriya qo‘llovisiz jangga tashlangan. Bu brigada yaqinda shakllantirilgan va G‘arbda tayyorgarlikdan o‘tgan to‘qqiz brigadaning biri bo‘lgan.
«Uning bo‘linmasi ishtirok etgan janglardan birida ukrain jangchilari AQShda ishlab chiqarilgan 10 ta MaxxPro zirhli mashinalari bilan hujum qilishgan, mashinalarning faqat bittasi qaytgan», — deyiladi maqolada.
Yana bir harbiy xizmatchi u xizmat qilgan bo‘linma ruslarning okoplarini egallagach katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lganini aytib bergan. Shundan so‘ng rossiyaliklar ularning pozitsiyasi ustiga artilleriya o‘qi va aviabombalar yog‘dirishgan. «Bizni tirdagidek otib tashlashdi. Ustimizdan dron uchib, artilleriya o‘qini korreksiya qilib turdi», — degan u.
Yana bir guruh qishloqlardan birini shturm qilish asnosida «shu qadar yo‘qotishlarga duchor bo‘lganki, ular muvaffaqiyatsiz chekinishdan boshqasi iloj topa olmagan». Shundan so‘ng ukrainaliklar taktikani o‘zgartirib, piyodalar kuchi bilan hujum qilishga o‘tgan va rossiyaliklar qazgan transheyalargacha yetib borishgan. «Transheyalarda kutilmaganda portlashlar ro‘y bera boshladi, boshqa zarbalar o‘rmon yoqasida kutayotgan askarlarga to‘g‘ri keldi. Okoplar minalashtirilgan ekan, rossiyaliklar ularni masofadan turib portlata boshlashgan», — deb yozadi gazeta.
Minalarga chap berishga muvaffaq bo‘lganlar esa dronlar hujumiga mubtalo bo‘lishgan. «Ularda har bir insonga bittadan dron to‘g‘ri keladigandek tuyulardi», — degan harbiylardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki oy ichida ular 16 kilometrga ilgarilashga muvaffaq bo‘lgan.
The New York Times’ning boshqa bir maqolasida «Ukrainadagi frontning har bir mili — qonli jang», qarshi hujum zich minali maydonlar, artilleriya va pilotsiz parvoz qurilmalari nishonga olib turgan Rossiyaning jiddiy mudofaasi tufayli «mashaqqatli tarzda sekin siljiyotgani»ni qayd etgan. Jurnalistlar fronotoldi hospitallar va tabbiyot punktlarida ham bo‘lishgan. U yerda «doimiy oqim» bilan yarador ukrain askarlari kelib turishibdi. Tibbiyotchilardan biri yo‘qotishlar soni ulkanligi, vrachlar va ayniqsa hamshiralar yetishmayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qotar qurollardan yaralanishlar kam, ko‘pchilik askarlar kasalxona koykasiga minalardan og‘ir yarador bo‘lib kelishmoqda va ularning ko‘pchiligi oyoq-qo‘llaridan judo bo‘lishmoqda.
«Rossiyaliklar o‘z askarlari jasadini ham, bizning o‘ldirilgan askarlarimizni ham, qo‘llaridan nima kelsa barchasini minalashtirishmoqda. Biznikilar bunkerga kirganida masofadan turib ularni portlatishyapti. Dushmanda portlovchi modda juda ko‘p, — degan yarador ukrainalik va uning otryadida ham yo‘qotishlar borligini qo‘shimcha qilgan. — Haydovchimizning o‘g‘li uch kun avval jang maydonidagi otishmada halok bo‘ldi. O‘tgan haftada jangovar do‘xtirlarimizdan biri o‘ldi. U yaradorlarni olib chiqish uchun belgilari aniq ko‘rinib turgan tez yordam mashinasida ketayotgan bo‘lgan. U rossiyaliklarning tanki nishoniga aylangan».
The Wall Street Journal maqolasi ham olovga yog‘ sepdi. Nashr Ukrainaning Houp Foundation xayriya tashkiloti va Germaniyaning protezlar ishlab chiqaruvchi Ottobock firmasiga asoslanib, keng miqyosli urush boshlanganidan buyon 200 mingdan ziyod ukrainalik og‘ir yarador bo‘lgani, 20 mingdan 50 minggacha odam bir yoki bir necha a’zosidan ayrilganini yozib chiqdi. Ottobock Ukraina rahbariyati va hamkor kompaniyalar ma’lumotlariga asoslangan.
Maqola mualliflari bu raqamlarni Birinchi jahon urushi bilan taqqoslasa bo‘lishini bildirgan va haqiqiy raqamlar bundan-da kattaroq bo‘lishi mumkinligini qayd etishgan, chunki protezlash jarayoni birmuncha vaqt talab qiladi. Bundan tashqari, Ukraina hukumati aholining kayfiyatini o‘ldirmaslik uchun o‘z stastistikasini oshkor etmayapti, shu sababli ommaga faqat ekspertlarning taxminiy raqamlari ma’lum.
Birinchi jahon urushida Germaniyaning 67 ming, Buyuk Britaniyaning 41 ming aholisi oyoq-qo‘llaridan ajralishgan. Bu holatda, o‘sha vaqtlarda amputatsiya yarador bo‘lgandan so‘ng o‘limning oldini olish uchun yagona chora bo‘lganini ham unutmaslik kerak.
Urush boshlanishida Ukrainada amputatsiyaning asosiy sabablari artilleriya va raketa zarbalaridan so‘ng olingan jarohatlar bo‘lgan. Hozir esa ko‘pchilik front chizig‘i bo‘ylab o‘rnatilgan minalarni bosib olib jarohatlanmoqda. Amerikalik harbiy jarrohlar ukrainalik hamkasblarining ma’lumotlariga asoslanib ma’lum qilishlaricha, front chizig‘idan 5 km masofada yaralangan Ukraina QK askarlarining 36 foizi og‘ir jarohatlarga duchor bo‘lishmoqda, front bo‘linmalari jangchilarining 10 foizi esa halok bo‘lishmoqda.
Vrach Konstantin Militsaning so‘zlariga ko‘ra, hozir asosiy janglar ketayotgan Zaporijjya oblasti kasalxonalariga amputatsiya qilinishi lozim bo‘lgan yaradorlik bilan 40–80 foiz bemorlar keltirilmoqda. Ukrainalik jarrohlarni o‘qitayotgan harbiy jarrohlar global guruhi rahbari Aaron Epshteyn G‘arb meditsinasi Ikkinchi jahon urushidan buyon bu qadar jarohatlar miqyosiga duch kelmaganini ta’kidlagan.
Taktika muammolari
Iyul oyi oxirlarida Bild nashri Bundesverning ichki hujjatlariga asoslanib, nemis harbiylari ilk marta Ukraina armiyasini qarshi hujum chog‘idagi xatti-harakatlari uchun tanqid ostiga olganini xabar qildi. Unda aytilishicha, 2023 yil boshidan buyon Yevropada Ukrainaning jami 36 ming kishidan iborat kamida to‘qqizta zarbdor brigadalari o‘qitilgan va qurol-aslahalar bilan ta’minlangan. Biroq GFR mudofaa vazirligi Ukraina ularni bekorga maydalab tashlab, kichik kuchlar bilan oldinga o‘tayotganini tanqid qilgan.
«Harbiy qismlar shu qadar kichik bo‘laklarga bo‘lib tanlanmoqdaki, har bir harbiy qism o‘zicha nimalardir qilishga intilmoqda, biroq ular ustidan umumiy jangovar rahbarlik kuzatilmayapti», — deyiladi hujjatda.
Bundesverdagilar fikricha, bu «o‘zinikini otib qo‘yish riski»ni kuchaytiradi, «bosh zarba yo‘nalishida harakatga o‘tish yoki o‘t ochish usunligiga ega bo‘lish uchun manyovrli bo‘linmalar yetishmovchiligi kuzatilmoqda». Nemis mutaxassislari jangovar tajribaga ega ukrain askarlari g‘arb texnikasini yangi chaqirilganlardan ko‘ra yomonroq o‘zlashtirayotganiga ham urg‘u bergan. Yosh kursantlar mashqlar davomida jangda o‘t ochish va harakatga kelishdan foydalanish prinsiplarini yaxshiroq o‘zlashtirmoqda, biroq Ukrainaga qaytishi hamono ularning sovetcha texnika va taktikada suyagi qotgan komandirlari bu g‘arbona prinsiplarga amal qilmasligiga duchor bo‘lishmoqda.
Harbiy tahlilchi Yulian Repkening tushuntirishicha, g‘arbda o‘qitilgan Ukraina QK brigadalari 10–30 askardan iborat bo‘linmalarga bo‘lib tashlanmoqda, Ukrainaning jang doktrinasi va ofitserlari g‘arbda o‘rgatilganlariga ters harakatlar qilishmoqda va shu tufayli tashabbusni qo‘ldan boy berishmoqda.
Kiyevning qarshi hujumdagi muammolari birgina mina maydonlari bilan cheklanmasligi haqida Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, frontda bo‘lib qaytgan Frans-Stefan Gadi tomonidan ham avvalroq tilga olingan edi. Uning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlarining jiddiy muvaffaqiyatlarga ega bo‘lolmayotganining asosiy sababi armiya keng miqyosli umumqo‘shin operatsiyalarni samarali tashkillashtirishga layoqatsiz ekani, buning natijasida frontning turli uchastkalarida operatsiyalar hamohang o‘tkazilmayotgani bo‘lishi mumkin.
Bu Ukraina qo‘shinlarini harakatlanish asnosida Rossiyaning tanklarga qarshi raketalari, artilleriyasi va boshqa qurol-yarog‘lari oldida ojiz qilib qo‘ymoqda.
Ekspertning qayd etishicha, Ukraina QKning qarshi hujumi asosan artilleriya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan piyoda qo‘shinlar jangidan iborat, shu sababli ilgarilashlar arzimasgina bo‘lmoqda. Minalardan tozalash uskunalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmasligi tufayli mexanizatsiyalashgan brigadalardan to‘laqonli foydalanishning iloji bo‘lmayapti, deya qo‘shimcha qilgan u. Gadining fikricha, Ukraina Rossiya mudofaasini yorib o‘tishga yanada tizimliroq yondasha boshlasagina qarshi hujum xarakteri o‘zgarishi mumkin, Rossiya armiyasida jangovar ruhiyat cho‘kib ketishi ham mudofaa barbod bo‘lishiga olib keladi.
Ekspertlar fikricha, paydo bo‘lgan vaziyatlarda Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida Rossiyaning mustahkam mudofaasini tezda yorib o‘tish imkonsizligini tushungan Ukraina harbiy qo‘mondonligi jangovar harakatlarga yondashuvini o‘zgartirgan. Qarshi hujumni to‘xtatish va zaxiralarni ishga solish o‘rtasida uchinchi — nostandart variant tanlangan va uni «galalashuv taktikasi» deb atash mumkin. Unga ko‘ra, frontni yorib o‘tishga intilibgina qolmasdan, RF QK mudofaa tizimini ochib tashlash va uni artilleriya zarbalariga duchor qilish maqsad qilingan.
Ukraina komandirlari taktikani o‘zgartirishgani va Rossiya qo‘shinlarini artilleriya va uzoqdagi nishonni ura oladigan raketalar yordamida holdan toydirishga diqqatni jamlaganini The New York Times nashri ham yozgan.
Gazeta mualliflari fikricha, Ukraina tomonidan taktika o‘zgartirilishi NATOning G‘arbda tayyorlangan va g‘arb qurol-yarog‘lari bilan qurollantirilgan ukrain guruhlari muvaffaqiyat qozonishiga bo‘lgan umidlar o‘zini oqlamaganidan darak beradi. Bu holda ukrainalik harbiylarning G‘arb davlatlarida o‘qitilish sifatiga nisbatan savollar paydo bo‘lmoqda: o‘nlab milliard dollarlik qurol-yarog‘lar Ukraina armiyasini NATO standartlari bo‘yicha jang qiluvchi kuchga aylantira oldimi?
Ittifoqchilarning Normandiyaga tushirilishiga solishtirish
Urush cho‘zilib ketgan pozitsion janglarga aylanib ketgani Ukrainadagi vaziyatni ayrim ekspertlar Birinchi jahon urushining qonli to‘qnashuvlar mojaro tomonlaridan hech biriga strategik muvaffaqiyat keltirmagan g‘arbiy frontiga mengzashmoqda. Biroq, shu yozgi Ukraina qarshi hujumini ittifoqchi kuchlarning 1944 yilda Normandiyaga tushirilishiga o‘xshatayotganlar ham bor. Bu haqda Amerikaning nufuzli RAND Corporation tahliliy markazi ekspertlari Rafael Koen va Jan Dentile yozmoqda.
«AQSh armiyasi olti haftalik qaqshatkich janglardan so‘ng mudofaadagi nemislarni Normandiyadagi platsdarmdan bor-yo‘g‘i 19 mil (30 km.ga yaqin) nariga surib tashlashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq, amerikaliklar dushman mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgach, nemislar chekingan», — deb eslatadi ular.
Xuddi shunday o‘xshatishni The Guardian ham keltirmoqda. «Normandiyaga bostirib kirishda ittifoqchilar platsdarmga yetishi hamono ular olti-sakkiz haftalik muddat ichida sekin-asta nemis mudofaasini yorib o‘tish bilan mashg‘ul bo‘lishgan», — degan AQShning iste’fodagi polkovnigi Mett Dimmik.
Ekspertlar Ukrainadagi urush va Ikkinchi jahon urushining g‘arbiy frontidagi yana bir o‘xshashlikka ishora qilishmoqda — qo‘shinlar zichligi. 1944 yil yozida ittifoqchilar qo‘shinlari to‘qnash kelgan nemis qo‘shinlarining o‘rtacha zichligi bir mil (1,6 km)ga ming kishini tashkil etgan. Ayni paytda Ukrainada eng himoyalangan mudofaa sarhadlarida Rossiya qo‘shinlarining soni 1 milga 700 kishini tashkil etmoqda. Birinchi jahon urushida frontning ayrim uchastkalarida bu ko‘rsatkich 10 ming askarga ham yetgan.
«Hech kim Ukraina Normandiyadagi kabi tez orada yorib o‘tishini kafolatlay olmaydi. Biroq, Ikkinchi jahon urushi bilan solishtirish — bu sabr va qat’iyat foydasiga bir dalil. 80 yilcha avval AQSh ham bugun Ukraina to‘qnash kelib turgan xuddi shu qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan. Biroq AQSh armiyasi sabot bilan kurashgach, uning har kungi sekin-astalik bilan olg‘a siljishi mudofaalanayotgan nemislarni charchatgan, alaloqibatda o‘z samarasini bergan», — deyishmoqda ekspertlar.
Ular shuningdek, «Tezkor qarshi hujumga bo‘lgan umidlar o‘ta optimistik bo‘lib chiqqani»ga e’tibor qaratishgan, biroq Ukraina QKning paydar-pay ilgarilayotgani — bu fakt. E’tiborga olish lozimki, Ukraina armiyasi Rossiya armiyasiga nisbatan askarlarni ko‘proq ayaydi va ularni «go‘shtli shturm»larga tashlamaydi. Agar G‘arb davlatlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni susaytirishmasa va harbiy texnika, ayniqsa tanklar va samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha bergan va’dalariga sodiq qolishsa, Ukrainaning qarshi hujumi ertami-kechmi qo‘yilgan maqsadiga yetkazadi, deyishmoqda ekspertlar.