Jahon | 08:26 / 08.08.2023
8846
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «davlatga xiyonat» bo‘yicha ochilgan ishlar soni SSSRdagidan ko‘p - OAV

Rossiya Federatsiyasida har bir ish kunida o‘rtacha bitta ish «davlatga xiyonat» moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilyapti, dedi advokat Yevgeniy Smirnov «Xolod» nashriga.

Foto: vlasti.info

2023 yilda Rossiyada «davlatga xiyonat» bo‘yicha jinoiy ishlar avvalgi 20 yilga qaraganda ko‘proq qo‘zg‘atildi, bundan so‘nggi yetti oylik statistik ma’lumotlar darak beryapti, deb xabar qildi dushanba, 7 avgust kuni «Xolod» nashri. Unga ko‘ra, faqatgina 2023 yilning yanvaridan iyuligacha Rossiyada «davlatga xiyonat qilish» moddasi bo‘yicha 82 ta ish qo‘zg‘atilgan, o‘tgan yil davomida esa 20 ta shunga o‘xshash ish ochilgandi.

Shu bilan birga, «Pervyy otdel» advokati Yevgeniy Smirnovning fikricha, aslida ishlarning soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi uchun «sudlar saytlarida shunchaki kartochkalar yo‘q». «Ma’lumotlar har doim ham e’lon qilinmaydi», - deya qo‘shimcha qildi advokat. 

«Hozirda «FSB» o‘z sur’atini oshirdi: har oyda o‘rtacha 20 ta jinoiy ish ochilyapti. Bu har bir ish kunida bitta ish qo‘zg‘atilyapti, degani. Shu sur’atda dekabr oyi oxiriga kelib ularning soni 250 ga yetadi - bir yildagi ish kunlari soniga ko‘ra», deb hisoblaydi Smirnov.

«Xolod» ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar sovet hokimiyatining ayrim davrlaridan ham yuqori. Shu tariqa, 1960-yillarda SSSRda yiliga «xiyonat» bo‘yicha 150 ga yaqin jinoiy ish ochilgan, deb eslatgan nashr. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid