Sport | 19:41 / 15.08.2023
31033
14 daqiqa o‘qiladi

133 million yevroga «sakkizoyoq». APL tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylangan Kaysedo o‘zi kim?

16 yoshida faoliyatini tugatishi mumkin bo‘lgan, Kantega havas qilgan.

Foto: Global Look Press

Bu yozda haftalar mobaynida diqqat markazida turgan shov-shuvli transferlar ko‘p bo‘lmoqda. Kutilgan katta transferlardan qaysilaridir amalga oshib bo‘ldi, masalan Harri Keyn «Bavariya»ga o‘tdi — myunxenliklar baribir «Tottenhem»ni ko‘ndira oldi, Angliya milliy jamoasi sardori esa Germaniyada «Leypsig»ga qarshi Superkubok o‘yinida debyut qilishga ham ulgurdi. Qaysilaridir hali hal bo‘lmayapti, Kilian Mbappe bilan bog‘liq vaziyat, aftidan, avgust oyi oxirigacha noaniq qoladi, oxirgi xabarlarga ko‘ra esa, u keyingi mavsumda ham Parijda qolishi mumkin. Bu fonda Moyzes Kaysedo bilan bog‘liq vaziyat biroz sezilmay qoldi, ammo bu transfer syujyetini kino qilsa bo‘ladi.

«Brayton»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi — anchadan buyon Angliya top-klublari nishonida turgandi. Yanvar oyida ekvadorlik futbolchini «Arsenal» o‘z safiga qo‘shib olishga qattiq harakat qilgan, uning transferi uchun 70 million funt taklif etgan, ammo rad javobini olgandi. Yozda unga asosiy da’vogar «Chelsi» edi — ko‘klar «chaykalar» klubi ofisiga bir necha taklif yubordi, ammo samarasiz. Kaysedoning o‘zi bilan esa londonliklar may oyi oxiridayoq kelishib qo‘ygandi. Qaysidir pallada o‘yinga «Liverpul» qo‘shildi, mersisaydliklar Saudiya Arabistoniga ketgan Jordan Henderson va Fabino o‘rniga futbolchi qidirmoqda, umuman ushbu klubning yarimhimoya chizig‘i butkul qaytadan qurilmoqda. O‘tgan hafta oxirida poygada aynan qizillar ustun kelgandek ko‘ringandi — The Athletic nashri «Brayton» «Liverpul»ning 115 million funtdan (127 million yevro) iborat taklifini qabul qilgani haqida yozdi. Va shuning o‘zi ham Kaysedoni APLning eng qimmatbaho futbolchisiga aylantirgan bo‘lardi.

Ammo shu o‘rinda ekvadorlik futbolchi xarakterini ko‘rsatdi: Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, u «Liverpul» vakillariga «Chelsi»ga so‘z berib qo‘ygani va so‘zida turmoqchi ekanini bildirgan. Yakunda futbolchi baribir «Stemford Brij»ga o‘tdi, u bilan 2031 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzildi. Turli manbalarga ko‘ra, londonliklar futbolchi uchun «Brayton» 116 million yevro to‘laydi va yana 17,5 million yevro miqdorida bonus ko‘zda tutilgan. Bu rasman APL tarixidagi eng qimmatbaho transferga aylandi.

Kaysedo — APL tarixidagi eng qimmatbaho transfer

Endilikda Todd Bouli «Chelsi»ga kelganidan keyin (2022 yil may oyi oxiri) amalga oshirilgan transferlar uchun xarajatlar miqdori 1 mlrd yevrodan oshdi. Uning davrida ko‘klar jamoasi 23 futbolchini transfer qilishgan (ijaraga olinganlar qo‘shib hisoblanganda). Klubning bu davrdagi qimmatbaho xaridlari beshligida Enso va Kaysedodan tashqari Mixaylo Mudrik («Shaxtyor»dan 70+30 mln yevro) Uesli Fofana («Lester»dan 88 mln yevroga) hamda Mark Kukurelya («Brayton»dan 65 mln yevroga) ham bor. 

Tayanch yarimhimoyachisi uchun buncha katta pul to‘lanayotgan ekan, Kaysedo nimasi bilan yaxshi? «SE» sharhlovchisi bu boradagi fikrlarini bildirdi.

Ilk murabbiyi

APL tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi Ekvadorning kattaligi jihatdan to‘rtinchi shahri bo‘lmish Santo-Domingoda tug‘ilgan. Kaysedo oilada o‘ninchi farzand bo‘lgan. Ota kirakashlik qilgan, ona esa qo‘shimcha pul topish uchun kiyimlarni yuvish bilan shug‘ullangan. Oila hashamat ichida yashamagan, ammo Kaysedoni xarobadan chiqqan deb ham bo‘lmaydi.

Moyzes akalari bilan qumli maydonda futbol o‘ynashni boshlagan, u yerda toshlar uyumi darvoza vazifasini bajargan — toshlar ustunlar o‘rnini egallagan. Sharoitlar abgor edi, qolaversa yoshi kattalar kichiklarni ayab o‘tirmasdi.

«Men aynan o‘shanda keskin o‘ynashni o‘rganganman», — deb xotirlaydi keyinroq Kaysedo intervyularidan birida.

Keyin — baxtli tasodif ro‘y beradi. To‘pni g‘isht devorga tepib turgan bolani mahalliy bolalar murabbiyi Ivan Guerra payqab qoladi. «U ikkala oyog‘i bilan ham zarba berishida qandaydir o‘ziga xoslik bor edi», — deydi u.

Aynan Guerra Kaysedoning qo‘riqchi farishtasiga aylanadi. U shogirdiga butsa olib beradi, u mashg‘ulotlarga qatnashi uchun avtobusga chiptasi pulini to‘laydi, Moyzesning oilasi qiyin damlarni boshdan kechirayotganida ham yordamga keladi. Ba’zida Guerra avtobusga kech qolmasligi va mahalliy «Barselona» jamoasi bilan safar o‘yiniga borishi uchun Kaysedoni uyg‘otish uchun kelardi.

APL yulduzi qayerdan chiqqanini unutmaydi. Ekvador milliy jamoasi JCh-2022 turnirini guruh bosqichidayoq tark etganidan keyin Kaysedo ona shahri Santo-Domingoga kelgan va mahalliy turnirda ishtirok etib, hatto finalda gol urgandi. U Guerraning jamoasini barcha zarur vositalar bilan ta’minlagan va endi klub uning sharafiga nomlangan.

Moyzes Kaysedo JCh-2022 guruh bosqichida Niderlandiyaga qarshi o‘yinda. U Senegalga qarshi 3-tur o‘yinida hisobni tenglashtiruvchi golni urgan, ammo ekvadorliklar yakunda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etgandi. 

Uning faoliyatiga yakun yasashi mumkin bo‘lgan jarohat

Kaysedoning parvozi juda tez kechdi: 13 yoshda u hudud terma jamoasida o‘ynardi, 15 yoshida — regionning asosiy jamoasi «Indepentente del Valle» jamoasiga qo‘shildi. Uning qulashi ham shu qadar tez ro‘y berishi mumkin edi. 2017 yilda yarimhimoyachi jiddiy jarohat olib, tizzasining xochsimon paylarini shikastlaydi. Kaysedo bir necha jarrohlik amaliyotini boshdan kechiradi va jami bo‘lib 10 oy maydondan tashqarida qoladi. 16-17 yosh — futbolda muhim davr — bu jarohat shunchaki uning faoliyatiga nuqta qo‘yishi mumkin edi.

«Ba’zida men yig‘lardim. Bu haqda hech kim bilmasdi. Men shunchaki xonamga kirib, ichkaridan qamalib olib, xafaligimdan yig‘lay boshlardim. Bu juda qiyin damlar edi, ammo men ishonchimni yo‘qotmadim», — deya eslaydi Kaysedo.

Uning yana omadi keladi. Ekvadordagi standartlarga ko‘ra «Indepentente» a’lo darajadagi infratuzilmaga ega edi, bu klub xo‘jayini, mahalliy qurilish magnati Michel Dellerning investitsiyalari evaziga bo‘ladi. Shuning uchun, Kaysedoda tiklanish uchun yaxshi sharoitlar bor edi, safga qaytganida uning uchun personal mashg‘ulot rejimi va parhez ishlab chiqiladi.

«O‘sha paytda Moyzes o‘z atletizmi bilan ajralib turardi. U juda bardoshli, katta kuch, chaqqonlik va tezlikka ega edi. Shu bilan birga, o‘yinni juda yaxshi o‘qir va o‘yindagi deyarli barcha vaziyatlarda ishtirok etardi. Kaysedo to‘p bilan ham, to‘psiz ham juda agressiv harakatlanar va bu energiyasini boshqalarga ham yuqtirardi», — deya hikoya qiladi The Athletic nashriga u bilan «Independente» yoshlar jamoasida birga ishlagan Yuriy Solano.

«U maydon bo‘ylab to‘xtovsiz harakatlana oladi va barcha yakkakurashlarda yutib chiqadi. Biz uni Sakkizoyoq deb atardik», — deya xotirlaydi klub akademiyasi direktori Migel Anxel Ramires.

Shu ikki iqtibosning o‘zidan ham Kaysedo nima uchun juda yaxshi hisoblanishini tushunish mumkin. U asta-sekinlik bilan hujumdagi mahoratini ham oshirib boradi. Solano ba’zida uni himoya markazida ham o‘ynatgan, ammo asosan raqib o‘yinini buzuvchi, shu bilan birga hujumlarni boshlab beruvchi havbek sifatida foydalangan. Bu Janubiy Amerikada 5-raqam deb ataladigan ampluadir (katta yoshli futbol muxlislari uchun namuna — Fernando Redondo, zamonaviy varianti — Jorjino). Ammo keyinroq Kaysedo asta-sekin «sakkizlik» pozitsiyasini ham o‘zlashtiradi.

«Himoyalanishda unda kuchli pressing uyushtirib, raqibni xato qilishga majbur qilish uchun yetarlicha kuch bo‘ladi. Hujumda esa u oxirgi pasni berishi yoki o‘zi ham zarba yo‘llashi mumkin. Qolaversa, Moyzesda kerakli pallada jarima maydoniga yorib kirish uchun ajoyib sezish qobiliyati bor», — deydi Ramires.

Kaysedo «Brayton» libosida. Foto: Global Look Press

Kumiri Kante

2020 yil oxirida, 19 yoshda ekanida, Kaysedo Ekvador milliy jamoasida debyut qiladi, u bu vaqtda mamlakatning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingandi. Hozirda uning uchun kurashda (2021 yil yanvarida) aynan «Brayton» g‘olib bo‘lgani (transfer atigi 5 million yevroga tushgan) biroz ajablanarli ko‘rinadi, ammo, boshqa tomondan, «chaykalar»da skauting kuchli va bu klubda yosh futbolchilar birdan katta o‘yinlarga tashlanmasdan, moslashish uchun vaqtga ega bo‘ladi.

Umuman, so‘nggi yillarda «Brayton» yangi «Benfika»ga aylandi – klub transfer siyosatini aql bilan olib bormoqda. Kaysedo «Brayton» bir yil ichida «Chelsi»ga sotgan uchinchi futbolchi bo‘ldi – o‘tgan yil yozida ispaniyalik himoyachi Mark Kukurelya 65,3 mln yevro evaziga pullangan (klub uni 2021 yilda «Xetafe»dan 20 mln yevroga transfer qilgandi), bu yil yozda esa ispaniyalik darvozabon Robert Sanches uchun 23 mln yevro ishlab olindi (u 10 yil muqaddam klubga tekinga tushgandi). Shu tariqa, «Brayton» bu uch futbolchi uchun 221,8 mln yevroga ega bo‘ldi.

Klub yana bir ekvadorlik Pervis Estupinyan, paragvaylik Xulio Ensiso, kolumbiyalik Stiven Alsate, yaponiyalik Kaoru Mituma va irlandiyalik Evan Fergyuson kabi yoshlarni ham asosiy tarkibga asta-sekinlik bilan olib kirdi va tez fursatda ularni ham APLning katta klublariga o‘tishga tayyor bo‘lgan yulduz futbolchilarga aylantirdi. Klub ularni ham keyingi yillarda yaxshigina narxga pullashi mumkin.

Kaysedo kabi katta iste’dod egasi ham Angliyada darhol o‘ynab ketmaydi. Dastlabki yetti oyni u «Brayton»ning yoshlar jamoasida o‘tkazadi, bu davrda jamoa asosiy tarkibida faqat bir o‘yinda — ligalar kubogida maydonga tushadi, keyin esa Belgiyaning «Beyershot» klubiga ijaraga beriladi.

«Moyzes bizga kelganida, albatta, biroz tushkun edi. U so‘nggi oylarda qariyb o‘ynamagan va ritmni yo‘qotgandi. Ammo mashg‘ulotlarda har safar to‘pga teginganida u alohida futbolchi ekani ko‘rinib turardi. Unda hayratlanarli darajada ko‘p xislatlar mujassam edi: Kaysedo kerak vaqtda to‘pni olib qo‘ya olardi. To‘pga egalik qilayotganida esa deyarli hech qachon oldirib qo‘ymasdi», — deya hikoya qiladi o‘sha vaqtda «Beyershot»ga ustozlik qilgan Torrente.

Yakunda yarim yil o‘tib, 2022 yil yanvarida «Brayton» Kaysedoni qaytaradi va u shu zahoti asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi, klubdagilar uning Belgiyadagi o‘yinlarini yuqori baholashgandi. Bir yil o‘tib «Arsenal» uning uchun 70 million funt taklif qilgandi, yana yarim yil o‘tib esa Moyzes APL tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylandi.

Uni shu yil yozda Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan Ngolo Kantening vorisi deb atashmoqda. Kaysedo o‘z vaqtida ushbu fransuzning o‘yinlaridan hayratlanib, uni o‘z kumiri deb atagan. «U butun maydon bo‘ylab harakatlanadi va menga bu juda yoqadi. Qolaversa u hamisha xotirjam va bahsga berilmasdan, faqat o‘z o‘yiniga e’tibor qaratadi», — degandi Moyzes 16 yoshdaligida.

Uning «Chelsi» markaziy yarimhimoyasidagi sherigi Enso Fernandes bo‘ladi — Kaysedo aynan uning transfer rekordini yangiladi (u 2023 yil yanvarida, YeChL va jahon chempionatidagi yorqin o‘yinlaridan keyin «Benfika»dan 121 mln yevroga transfer qilingandi). Bir necha yil oldin esa ular yoshlar o‘rtasidagi Libertadores kubogi (U-20) finalida bir-biriga qarshi o‘ynagandi — «Independente» o‘shanda sensatsion ravishda «River Pleyt»ni mag‘lub etgandi. Endi esa Fernandes va Kaysedo bog‘lami APLdagi eng istiqbolli va ustunlik qiluvchi juftliklardan biriga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid