Jahon | 13:13 / 15.08.2023
7623
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya MB rubl kursi tufayli asosiy stavkani rejadan tashqari 12 foizgacha oshirdi

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani rejadan tashqari birdaniga 350 foiz punktiga - 12 foizgacha oshirdi. Qaror narx barqarorligi uchun xavflarni cheklash maqsadida qabul qilindi, deya tushuntirdi regulyator. Jadvalga ko‘ra, Markaziy bankning yig‘ilishi faqat bir oydan keyin bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo kurs bir dollar uchun 100 rubldan oshib ketganidan so‘ng, tartibga soluvchi organ o‘tgan yilning bahoridan beri birinchi marta navbatdan tashqari majlis o‘tkazishga qaror qildi. 

Foto: RBK

Rossiya banki asosiy stavkani birdaniga 350 foiz punktiga, yillik 12 foizgacha oshirdi, deyiladi regulyator bayonotida. Qaror «narx barqarorligi uchun xavflarni cheklash maqsadida» qabul qilindi», deb xabar berdi Markaziy bank. 

Stavkaning oshishi inflatsiyani 2024 yilda 4 foizga qaytarish va kelajakda uni 4 foizga yaqin barqarorlashtirish uchun zarur bo‘lgan pul-kredit sharoitlari va ichki talab dinamikasini ta’minlashi kerak, deya tushuntirdi regulyator. Hozircha u inflatsiya bosimining kuchayganini ta’kidlamoqda, 7 avgustdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik inflatsiya 4,4 foizgacha tezlashgan. Inflatsiya bosimi ichki talabning o‘sishi tufayli ortib bormoqda, bu ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatidan oshib ketadi, importga bo‘lgan talabning ortishi rubl kursiga ham ta’sir qiladi, deya ta’kidladi Markaziy bank. «Natijada, rubl zaiflashuvining narxlarga ta’siri ortib bormoqda va inflatsiya kutilmalari o‘smoqda», deyiladi xabarda. 

Asosiy stavka bo‘yicha keyingi qarorlar inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichga nisbatan haqiqiy va kutilayotgan dinamikasini, «iqtisodni tarkibiy o‘zgartirish» jarayonini, shuningdek, «ichki va tashqi sharoitlar, moliya bozorlarining ularga munosabati, inflatsiyadan kelib chiqadigan xavflarni hisobga olgan holda qabul qilinadi», - deya xulosa qildi Markaziy bank. Markaziy bank pul-kredit siyosatining kelajakdagi yo‘nalishi haqida an’anaviy signal bermadi. 

Oxirgi marta Markaziy bank asosiy stavkani 21 iyulda (8,5 foizgacha) oshirgan bo‘lsa, bundan oldin u 2022 yil sentabridan buyon 7,5 foiz darajasida o‘zgarmagan edi. Joriy o‘sish rejadan tashqari bo‘lib chiqdi - jadvalga ko‘ra, pul-kredit siyosatini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan navbatdagi yig‘ilish faqat 15 sentabrda o‘tkazilishi kerak edi. Markaziy bank oxirgi marta 2022 yilning aprelida rejalashtirilgan yig‘ilishlar jadvalidan chetga chiqib, stavkani rekord darajadagi 20 foizdan 17 foizga tushirgan edi. 

Asosiy stavka darajasini rejadan tashqari ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi qaror Rossiya valutasi 16 oylik eng past darajaga tushganidan so‘ng Markaziy bank tomonidan e’lon qilindi: 14 avgust kuni Moskva birjasida dollar kursi 101 rubldan oshdi, yevro 111 rubldan yuqori bo‘ldi. O‘sha kuni ertalab TASS agentligi prezident yordamchisi Maksim Oreshkinning xabarini e’lon qildi, u rubl qadrsizlanishida Markaziy bankning o‘ta yumshoq siyosatini aybladi va regulyatorda vaziyatni normallashtirish vositalari borligini aytdi. Markaziy bank, o‘z navbatida, ertalab rublning tushishi moliyaviy barqarorlik uchun hech qanday xavf tug‘dirmasligini ta’kidladi, ammo tushdan keyin kurs bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilishini e’lon qildi. Markaziy bankning e’loni rubl kursini sezilarli darajada qo‘llab-quvvatladi – 14 avgustdagi savdolar yakunida u bir dollar uchun 97,66 va yevro uchun 107,05 gacha mustahkamlandi. 

15 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 10:33 (Toshkent vaqti bilan 12:33) holatiga ko‘ra, Moskva birjasida dollar kursi 1,74 rublga tushib, 95,92 rublni, yevro 2,35 rublga arzonlab, 104,7 rublni tashkil qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid