Iqtisodiyot | 18:04 / 17.08.2023
35298
9 daqiqa o‘qiladi

Bir odam – bir ovoz: “Tashabbusli budjet”da ovoz berish qanday o‘zgartirilishi kerak?

“Tashabbusli budjet” ommalashib borishi bilan, tizim smsga bog‘liq bo‘lgani uchun uddaburonlar ko‘plab sim-kartalar sotib olib ovoz berish yo‘lidan boryapti. Jamoatchilik “bir odam – bir ovoz” prinsipiga o‘tish uchun turli takliflar berdi. Ularning orasida berilgan ovozlarni IMEI orqali identifikatsiya qilish, telefon raqamlarga JShIRni integratsiyalash va jarayon yakunlangach, nofaol sim-kartalarni aniqlash kabilar bor.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ullari jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik faollari bilan “Tashabbusli budjet”ni takomillashtirish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov hamon “Tashabbusli budjet”ni ijro etish jarayonida kamchilik va muammolar kuzatilayotganini ta’kidladi.

“Bu jamoatchilik budjeti, juda katta aholi unga diqqatini qaratdi. Shu sababli, undagi muammolarni birga hal qilishimiz kerak”, dedi u.

“Tashabbusli budjet”ga ovoz berish smsga bog‘langani uchun bir kishi bir nechta sim-karta sotib olib ovoz berishi mumkin, bu esa bir kishi – bir ovoz prinsipini buzadi. Vazirlik bu muammoni hal qilishga urinib keladi. O‘tgan yili deputatlar sun’iy ovoz yig‘ishni to‘xtatish uchun, “One ID” orqali ovoz berishga o‘tishni taklif etdi. Ammo bu taklif fuqarolar uchun murakkab jarayon bo‘lgani sababli qanoatlantirilmadi. Joriy yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ovoz berish jarayoniga Face ID tizimini tatbiq etmoqchi bo‘ldi, ammo jamoatchilik bu ham odamlarga qiyinchilik tug‘dirishini ta’kidladi.

Uchrashuvda qatnashgan Davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhammedovning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik ishlab chiqqan takliflar qatorida ”klik” amaliyoti ham bor.

“Bunda kelib tushgan ovozlarni qayta tekshirish orqali ovozlar hisobga olinadi. Ya’ni ovoz berish jarayonlari yakunlangach, haqiqiy ovozlar nofaol sim-kartalarga avtomatik xabar yuborish orqali aniqlanadi. Bu aniqlash jarayonida 24 soat davomida faol bo‘lmagan sim-kartalar orqali berilgan ovozlar chiqarib tashlanadi. Shunda 100 ta sim-karta sotib olib, berilgan sun’iy ovozlar hisobga olinmaydi”,  dedi u.

Ammo vazirlik tahlillariga ko‘ra, hozirgi sms orqali ovoz berishning o‘ziga budjetdan 1,5-2 mlrd so‘m xarajat ketadi. Agar “klik” amaliyoti ishga tushsa, bu xarajat teng barobarga oshadi. Bundan tashqari, ovozlar soni ko‘pligi hisobiga tekshirish jarayoni bir necha kunga cho‘zilishi mumkinligi va vaqtincha o‘chiq raqamlardan berilgan ovozlar hisobga olinmasligi kabi risklar bor.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa ovozlarni IMEI tizimi orqali identifikatsiya qilishni taklif qildi. Buning afzalligi shundaki, bir qurilma orqali faqat bir marotaba ovoz berish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, bu sms singari ortiqcha xarajat talab qilmaydi.

“O‘zbekistonda telefon raqam kimning nomida ekanini tekshirish tizimi mavjud va bu ishlayapti. Bizga IMEI raqami va kodi umuman kerak emas, “Tashabbusli budjet”ga ovoz bergan vaqtimda mening nomimga olingan bitta telefon raqamdan bir marta ovoz berib bo‘lganimdan keyin, boshqa raqamlarim orqali ovoz bera olmayman. Deylik, men Beeline raqamimdan ovoz berdim, endi mobiuz raqamimdan ovoz bermoqchiman. Shunda tizim, “uzr, Xushnudbek, siz avval Beeline raqamingizdan ovoz berib bo‘lgansiz, endi ovoz bera olmaysiz” deb bir odamning nomiga olingan bir nechta raqamdan ovoz berishni rad etishi kerak”, deydi u.

Muhokamalar davomida IMEI tizimi bilan ishlaydigan mas’ul idora buning iloji yo‘qligini, chunki masala shaxsiy ma’lumotlarga bog‘liqligini aytib, Iqtisodiyot va moliya vazirligining so‘rovini rad etgani ma’lum bo‘ldi.

“Buni amalga oshirish uchun IMEI tizimi mutaxassislari bilan hamkorlik qilish imkoniyati cheklangani vaj qilib ko‘rsatilyapti. Qanaqa cheklov bo‘lishi mumkin? Davlatning 8 trln puli haqida gap ketayotganda, davlat o‘zi yaratgan tizimida, o‘z pulini ishlatadigan joyida o‘zaro hamkorlik bo‘lmasligi mumkinmi? Shaxsiy ma’lumotlar masalasi bor deyishadi. IMEI tizimi qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazayotganda fuqaroning hamma shaxsiy ma’lumotlariga dostup olinyapti-ku”,  dedi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ovoz berishga IMEI tizimi joriy etish muhim masala ekanini aytarkan, bir odamning 4-5tagacha ovoz berish imkoniyatini minimallashtirish “Tashabbusli budjet” loyihasiga ishonchni yanada ko‘tarishini ta’kidladi. U sun’iy ovoz berishga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z taklifini ilgari surdi.

“Loyihaga nisbatan eng ko‘p bildirilayotgan e’tirozlarning uchtasidan bittasi – bir necha marta ovoz berish imkoniyati borligi bu loyihani obro‘sizlantirayotgan faktorlardan biri. Shuning uchun bu masala juda o‘rinli. “IMEI”chilar qanchalik darajada loyihani qo‘llab-quvvatlashni istaydi, biz bilmaymiz. Shu sababli zaxira variant sifatida JShIR (jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami) bilan bog‘liq bo‘lgan yagona identifikator masalasini taklif qilaman. Bank sistemasi hamma jismoniy shaxslarning hisob-varaqlarini JShIRga bog‘lay oldi. O‘ylaymanki, bitta JShIRga bog‘langan raqamlarning faqat bittasidan bir marta ovoz bera olish imkoniyati bo‘lishi kerak. Ya’ni bitta pasportga bir nechta telefon raqam olingan bo‘lsa, faqat bitta raqamdan ovoz bera olish kerak, qolganlari avtomatik rad etilishi lozim”,  deydi u.

Bu taklifga javoban IMV mas’ullari aloqa kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlash zarurligini va bu taklif ham ko‘rib chiqilishini aytdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan Botir Qobilov esa nima sababdan “One ID” orqali ovoz berish yo‘lga qo‘yilmayotgani haqida savol berdi.

Xushnudbek Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, bunda asosiy masala shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi riski bilan bog‘liq.

“Pasportlar bilan ovoz berish boshlanishi bilan shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishining riski kattalashadi. Hozir mingta sim-karta sotib olgan odamlar, ertaga o‘n mingta pasport qidirish va to‘plashni boshlaydi. “Tashabbusli budjet”ga ovoz bering deb yurganlar endi odamlarning pasportini so‘raydi. Bundan foydalangan firibgarlar “Open Budjet”ga ovoz bering deb, haqiqiy firibgarlik qopqonini qo‘yishi mumkin”, deydi u.

Botir Qobilovning fikricha, O‘zbekistonda shundoq ham ochiq manbalarda pasport ma’lumotlarni uchratish noodatiy manzara emas.

“Bizda shaxsiy ma’lumotlar masalasi 15-masala bo‘lib qolib ketgan. Baribir, shu narsaga borishimiz kerak: bitta sim-karta bitta ovoz bo‘lib qolishi kerak emas. JShIRga ulanadimi, yoki mobil operatorlar tomonidan sim karta berilganda identifikatsiya ketadimi, texnik jihatdan qanaqa bo‘ladi bilmayman, bitta odam bitta ovoz prinsipiga o‘tish kerak. Albatta bu bir kunda bo‘lib qoladigan narsa emas, keyingi mavsumlarda sim-karta yoki sms yagona vosita bo‘lmasligi kerakligi birinchi masala sifatida ko‘tarilishi kerak deb o‘ylayman”, dedi u.

Vazirlik ishlab chiqqan takliflar qatorida ovoz berish bocqichini 10 kun davomida o‘tkazish, (amalda 20 kun) ham bor. Bunda g‘oliblarni aniqlash tezlashadi va ishlarni bajarish uchun ko‘proq vaqt qoladi, shuningdek, muddat kam bo‘lganligi hisobiga dastlab tabiiy holda, o‘z mahallasidan ovoz yig‘iladi va boshqa hududlarda turli ko‘rinishdagi (moddiy-qiymat evaziga) ovoz yig‘ish kabi holatlar kamayadi. Risklar esa muddat qisqa bo‘lgani uchun portalga yuklama ko‘payib ketishi va texnik qandaydir muammo yuzaga kelsa, keyinchalik yana qo‘shimcha vaqt qo‘shib berishga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liq.

Mavzuga oid