Jahon | 10:31 / 19.08.2023
8573
4 daqiqa o‘qiladi

Avstriya sobiq kansleri Kurs yolg‘on guvohlik berganlikda ayblanmoqda 

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Sebastyan Kurs parlament qo‘mitasidagi so‘roq paytida yolg‘on gapirib, ÖBAG davlat holdingi rahbarini tayinlash jarayoniga aralashganini rad etgan. 

Foto: Dursun Aydemir/Anadolu/Bloomberg

Avstriya sobiq kansleri Sebastyan Kurs yolg‘on guvohlik berganlikda ayblanmoqda. 36 yoshli sobiq siyosatchi Avstriyaning ÖBAG davlat holdingi rahbarini tayinlash jarayoni bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lishi mumkin, deb xabar qildi 18 avgust, juma kuni Venada iqtisodiyot va korrupsiya bo‘yicha prokuratura (WKStA). 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kurs 2020 yilda parlament qo‘mitasi tomonidan so‘roq paytida o‘zining ishonchli odami Tomas Shmidni ÖBAG rahbari etib tayinlashdagi roli haqidagi savolga javob berib, yolg‘on gapirgan. Avstriya kansleri o‘zining bu jarayonga aralashuvi ehtimolini rad etgan, biroq unga qarshi tergov gumonlari 2021 yil bahorida Kurs va Shmid o‘rtasidagi elektron yozishmalarda tasdiqlandi. 

Kurs aybini rad etyapti 

Kursning o‘zi aybini rad etyapti. 18 avgust kuni X mikrobloglar tarmog‘ida (sobiq Twitter) u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar yolg‘on ekanini yozdi va ular sudda rad etilishiga umid bildirdi. Avstriya kansleri Karl Nexammer prokuraturaning ayblov e’lon qilish qarorini olqishladi. Bu haqiqatni aniqlash imkonini berdi, dedi u Zalsburgda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvida. 

Sud jarayoni 18 oktabr kuni Vena jinoiy sudida boshlanadi. Agar Kurs aybdor deb topilsa, unga uch yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Bu Avstriya sobiq kansleriga qo‘yilgan birinchi aybdir. Hozirda Kursga nisbatan boshqa bir qator tergov harakatlari olib borilmoqda. Xususan, Kurs va uning atrofidagilar 2016 yildan 2018 yilgacha o‘zi va partiyasi haqida ijobiy maqolalar chop etish, shuningdek, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish maqsadida Avstriyaning Österreich gazetasiga pora berganlikda gumon qilinmoqda. 

Avstriyaning eng yosh kansleri 

Sebastyan Kurs ilk bor 2017 yil dekabrida 31 yoshida Avstriya kansleri etib saylangan va Avstriya vazirlar mahkamasining eng yosh rahbari bo‘lgan edi. 2019 yil may oyida «Ibitsageyt» mojarosi fonida uning hukumatiga nisbatan ishonchsizlik votumi qabul qilindi. O‘shanda Kurs kansler lavozimidan iste’foga chiqdi, lekin uni yana muddatidan oldin parlament saylovlari asosida egalladi. 2021 yil oktyabr oyida korrupsiyaga oid turli ayblovlar natijasida u yana iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi va o‘sha yilning dekabrida Kurs siyosatdan butunlay ketishini e’lon qildi. 

Siyosatdagi o‘n yillik faoliyati davomida u ham boshqalar qatori xatoga yo‘l qo‘yganini tan olib, Kurs hamisha qo‘lidan kelganini qilishga harakatda bo‘lganini aytdi. Biroq, oxirgi paytlarda, deb tan oldi sobiq kansler, uning siyosatga bo‘lgan ishtiyoqi pasaydi - bu asosan unga qarshi qo‘yilgan ayblovlar va sud jarayonlari bilan bog‘liq. Kurs o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etishga va’da berdi. 

Mavzuga oid