Chernihiv o‘qqa tutildi. 7 kishi halok bo‘lib, yuzdan oshiq kishi yaralangan
Rossiya qo‘shini Chernihivni o‘qqa tutishi oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohat olgan. Raketa drama teatr binosiga kelib tushgan, bu vaqtda u yerda dronlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tayotgandi. Anons ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingandi - rossiyalik harbiylar tadbir haqida xabardor bo‘lishi oson edi.
Rossiyalik harbiylar Chernihiv shahri markazidagi drama teatriga zarba yo‘lladi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, zarba ballistik raketa bilan yo‘llangan. Drama teatr binosidan tashqari Chernihiv ma’muriyati binosi, do‘konlar, kafe shikastlangan, qo‘shni binolardan birida yong‘in chiqqan.
Hujum oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, jumladan olti yoshli bola ham. Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko xarobalarni tozalash ishlari yakunlagach bergan ma’lumotga ko‘ra, jarohat olganlar soni 129 kishini tashkil etmoqda, shundan 15 nafari bolalar va 15 nafari politsiya xodimlari. Avvalroq Klimenko 25 kishi shifoxonaga yotqizilgani, ulardan biri 12 yoshli qizcha ekani haqida yozgandi. Uni og‘ir holatda reanimatsiya avtomobilida Kiyevga yuborishgan. Oblast ma’muriyati rahbari Vyacheslav Chausga ko‘ra, jabrlanganlar soni ko‘proq — 140 kishi, 41 nafar jabrlanuvchini shifoxonaga yotqizish zarurati bo‘lgan.
Drama teatr binosida «Lyutі ptashki» («Yovuz qushchalar») nomi ostida dronlar ko‘rgazmasi tashkil etilgandi, deb yozadi «Ukrainskaya pravda». Mahalliy aholi vakillari ro‘y bergan hodisada marosim tashkilotchilarini ayblashgan, chunki ko‘rgazma anonsi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingandi, bu tufayli esa rossiyalik harbiylar ham marosim haqida bilishi mumkin edi.
Ko‘rgazma tashkilotchisi esa, marosimni o‘tkazish joyi sir tutilganini aytmoqda. Mariya Berlinskayaning so‘zlariga ko‘ra, joy haqidagi ma’lumot ko‘rgazma boshlanishidan bir necha soat oldin «ro‘yxatdan o‘tgan tekshirilgan ishtirokchilar»ga yuborilgan. Shuningdek, u havo trevogasi e’lon qilinganida marosim to‘xtatilgani, ishtirokchilar esa bir necha bor boshpanaga ketishga chaqirilgani haqida ta’kidlagan.
Shahar rasmiylari ko‘rgazma ma’muriyat bilan kelishilmagani va ruxsat olmasdan o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Tashkilotchilar esa shahar kengashi nafaqat bu marosim o‘tkazilishiga rozilik bildirgani, balki uni o‘tkazish uchun maydon ham taqdim etganini aytmoqda.
Chernihivning amaldagi meri rossiyaliklarning shaharga yo‘llagan zarbasini «terrorchilik hujumi» va «harbiy jinoyat» deb atagan. Oleksandr Lomako BBC bilan suhbatda rossiyalik harbiylar tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishini anglagan holda shahar bo‘ylab zarba berishganini ta’kidlagan: «Bu shahar markazi, tush mahali, u yerda odamlar ko‘p edi. Qolaversa, diniy bayram (Yablochnyy Spas), odamlar ibodat uchun kelishgandi. Ularning nishoni drama teatrida o‘tkazilayotgan harbiy tadbir bo‘lganini tushunaman, ammo bu raketalarni uchirgan va ularga kun o‘rtasida zarba berishga buyruq berganlar tinch aholi orasida qurbonlar ko‘p bo‘lishini bilgani aniq».
«Terrorchi davlat bilan qo‘shni bo‘lish mana qanday bo‘ladi, mana biz butun dunyoni nimaga qarshi birlashtirmoqdamiz», — deya hodisaga munosabat bildirgan prezident Volodimir Zelenskiy. «Rossiya og‘riq va yo‘qotish kuniga aylantirgan odatiy shanba kuni. Qurbonlar bor, yaralanganlar bor. Yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardligimni bildiraman… barcha xizmatlar voqea joyida ishlamoqda: qutqaruvchilar, politsiyachilar, tibbiyot xodimlari. Kerak bo‘lganlarning barchasi», — deya yozgan prezident o‘z telegram-kanalida.
RF mudofaa vazirligi Chernihiv bo‘ylab zarbaga hech qanday munosabat bildirmagan. Ammo RIA Novosti davlat agentligi «vaziyatdan xabardor manba»ga havola bergan holda rossiyalik harbiylarning Chernihiv bo‘ylab yo‘llagan ballistik raketasi «Ukraina qurolli kuchlarining jangovar dronlar bo‘yicha mutaxassislarining „Svirepyye ptichki“ festivali niqobi ostida uyushtirilgan yig‘ilish joyiga to‘g‘ri kelgani» haqida xabar qilgan.
Shaharda 19-21 avgust kunlari qurbonlar xotirasiga motam kunlari deb e’lon qilindi.
Chernihivda qariyb 300 ming kishi yashaydi. Bu shahar Kiyevdan shimolda, Rossiyaning ittifoqchisi sanalgan Belarus bilan chegarada joylashgan. Chernihiv 2022 yil 24 fevralida bir necha yo‘nalishlarda, jumladan Belarus orqali Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya armiyasi yo‘lida joylashgan shaharlardan biri bo‘lgandi. Uning mudofaasi rossiyalik harbiylar bu yo‘nalishda Ukraina poytaxtiga yetib bora olmasligini ta’minlagan omillardan biri bo‘lgandi. Kiyevdan 140 km masofadagi Chernihiv okkupatsiya qilinmagan, ammo rossiyaliklarning bir necha hafta davom etgan zarbalaridan jiddiy jabr ko‘rgan.