Jahon | 20:06 / 21.08.2023
28163
7 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada yetti chaqaloqni o‘ldirgan hamshiraga hukm chiqarildi

Manchester sudi yetti nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqni o‘ldirishda aybdor deb topilgan hamshira Lyusi Letbini afv etish yoki shartli ravishda ozod qilish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu Britaniya huquq tizimidagi eng og‘ir hukm hisoblanadi.

Foto: Phil Noble / Reuters / Scanpix / LETA

Qoralovchi tomon ayblanuvchining harakatlarini ongli ravishda sadizm deb baholab, aynan shunday hukm so‘ragandi.

Letbi Angliya huquqi tarixida umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan to‘rtinchi ayolga aylandi.

Britaniya tizimida umrbod qamoq jazosining ikki turi mavjud.

Ulardan biriga ko‘ra (life sentence) mahkumni muddatidan oldin ozod etish huquqi bo‘ladi. Hukmni o‘qib eshittirish chog‘idayoq sudya mahkum apellyatsiya berish huquqiga ega bo‘lguniga qadar qancha vaqt qamoqda qolishi lozimligiga aniqlik kiritadi.

Ikkinchi jazo turi (life order) og‘irligi va ijtimoiy zarariga ko‘ra favqulodda jinoyat sodir etilgan taqdirda, asosan seriyali qotilliklar uchun qo‘llanadi. Bunda mahkum muddatidan oldin ozodlikka chiqish va afv etilish huquqiga ega bo‘lmaydi, bunga faqat istisno holatlar sabab bo‘lishi mumkin.

Letbining himoyachilari hukm e’lon qilinishidan oldin ham bu ishda qandaydir yengillashtiruvchi holatlarni izlash va hakamlar hay’atining marhamatidan umid qilish imkoni yo‘qligini aytishgandi.

Letbi hukm e’lon qilinish vaqtida sud zalida bo‘lishdan bosh tortdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak uning o‘z qurbonlarining oila a’zolari ko‘ziga qarashdan bosh tortganini sharmandali qo‘rqoqlik deb atadi. U hukumat qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritib, mahkumlar hukm vaqtida sud zalida bo‘lishini ta’minlashiga va’da bergan.

Shu bilan birga, sudya Jastis Goss mahkumga murojaatini u xuddi sud zalida bo‘lgandek o‘qib eshittirdi.

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayoti boshlangan zahoti to‘xtatildi, ularning yaqinlarining hayoti esa abadiy vayron bo‘ldi. Bunday qilmish sababi faqat sening o‘zingga ma’lum», - degan sudya Goss.

Sudya Lyusi Letbi D chaqaloqni o‘ldirishidagi surbetlikka alohida e’tibor qaratgan. Chaqaloq jon berayotganida hamshira uni saqlab qolishga harakat qilgan boshqa shifokorlar bilan birga reanimatsiya jarayonida faol ishtirok etgan.

Shuningdek, sudya barcha chaqaloqlarning o‘limi va salomatligiga jiddiy zarar yetkazish holatlari bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tgan.

Hamshira Letbi qanday jinoyatlarda aybdor deb topilgan?

Yettita isbotlangan qotillikdan tashqari, Letbi ustidan sud jarayoni davomida u yana olti nafar chaqaloq hayotiga suiqasd qilgani gumon qilingan.

Sud jarayonida ko‘rib olti epizod bo‘yicha hakamlar hay’ati hukm chiqara olmadi.

Lyusi Letbi 2015 yilning iyunidan 2016 yilning iyuniga qadar Chester grafligi kasalxonasida (Chester grafligidagi Milliy sog‘liqni saqlash xizmatining asosiy shifoxonasi) ishlayotgan vaqtida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni shprits bilan havo kiritish orqali o‘ldirgan.

Shuningdek, u ortiqcha ovqatlantirish va insulin bilan zaharlash kabi usullarni ham qo‘llagan.

Letbining ayrim hamkasblari dastlabki uch o‘lim holatidan keyinoq undan gumon qila boshlagan: barcha o‘lim holatlari uning navbatchilik vaqtiga to‘g‘ri kelgan.

Ammo shifoxona ma’muriyati bunga jiddiy qaramagan.

«Lyusi Letbi, hech qanday hukm biz sening qilmishing oqibatida boshdan kechirgan azob-uqubatlar o‘rnini bosa olmaydi», degan hukm e’lon qilinishidan oldin S chaqaloqning onasi (hamshira tomonidan o‘ldirilgan chaqaloqlar ish materiallarida harflar bilan nomlangan).

Hukm e’lon qilinishi arafasida advokatlar hamshiraning dastlabki qurbonlari bo‘lgan egizaklar (A va V, ularning ikkinchisi suiqasddan omon qolgan)ning ota-onasi bayonotini e’lon qilishdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, mutlaqo tushunarsiz va fojiali birinchi o‘limdan keyin oila a’zolari V chaqaloq yonidan jilmasdan navbatchilik qilgani tufayli ikkinchi chaqaloqning hayoti saqlab qolingan.

Dushanba kuni ertalab sudya va sud zalida bo‘lganlarning barchasi Letbining qurboni bo‘lgan chaqaloqlarning guvohliklari va iqrorlarini tinglashdi.

Ayrimlar hamshiraga nisbatan nafrat o‘zlari uchun farzandini yo‘qotish kabi halokatli ta’sir ko‘rsatganini tan olishgan.

Letbi sud jarayonida aybdor emasligini aytgan. Uning himoyachilari chaqaloqlarning salomatligi birdan yomonlashishi va vafot etishi tabiiy sabablar va boshqa omillar, jumladan, shifoxonada xodimlar yetishmasligi yoki bolalar yetarlicha parvarish qilinmagani tufayli ro‘y berganini taxmin qilgan.

Politsiya yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limini tekshirishni 2017 yil may oyida boshlagandi. Letbiga 2020 yil noyabriga kelib ayblov e’lon qilinadi. U ishlagan neonatal bo‘limdagilar shifoxona rahbariyati Letbiga qarshi ayblov bo‘yicha vaqtida tekshiruv o‘tkazmagani va hamshiradan shikoyat qilgan shifokorlarning og‘zini yopishga harakat qilganini aytishgan. Hukumat bu holat yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazilishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Britaniyadagi umrbod qamoq jazolari

Buyuk Britaniyada umrbod qamoq jazosini qo‘llash 1983 yildan boshlangan. Qariyb 20 yil mobaynida bunday hukmni faqat mamlakat ichki ishlari chiqarishi mumkin edi, ammo 2002 yilda bunday qaror qabul qilish huquqi sudyalarga o‘tkazildi.

Britaniyada umrbod qamoq jazosini olgan ilk ayol 1990 yilda Mayra Hindli bo‘lgandi. U qotillik uchun qamalgan va 2022 yilda qamoqxonada vafot etgan.

Yana ikkisi - Rouz Uest va Joann Dennehi - hamon jazoni o‘tashda davom etmoqda.

Uest 1995 yilda qamalgan, u o‘z turmush o‘rtog‘i Fred Uest bilan birgalikda 10 ta qotillik sodir etishda aybdor deb topilgan.

Dennehi 2014 yilda uch erkakni o‘ldirishda ayblanib sudlangan, u o‘z qurbonlarini Piterboro shahri chekkasidagi ariqqa tashlab yuborgan.

Umrbod qamalgan boshqa mahbuslar qatorida quyidagilar ham bor:

  • 2021 yilda yo‘lda Sara Everardni o‘g‘irlab ketib, keyinroq uni o‘ldirgan Britaniya politsiyasi sobiq zobiti Ueyn Kazens;
  • Parlament deputatlari Jo Koks va ser Devid Amessani o‘ldirgan Tomas Meyr va Ali Harbi Ali;
  • Poytaxt politsiyasi serjanti Mata Ratanni o‘ldirgan Lui De Souza.

Mavzuga oid