Jamiyat | 19:32 / 21.08.2023
20776
9 daqiqa o‘qiladi

Inson uchun «eng oliy jazo» haqida roman - «Jinoyat va jazo»

Inson qilgan jinoyati uchun jazo olmay qolmaydi. Har qanday jinoyatning jazosi bor. Jazoning qay shaklda berilishi esa jinoyat ko‘lamiga ko‘ra belgilanadi. 

N.N.Karazinning «Jinoyat va jazo» romaniga chizgan illyustratsiyasi

Ko‘pchilik jazolarning eng og‘iri vijdon azobi ekaniga iqror bo‘ladi. Qamoq jazosini o‘tab yoki belgilangan jarimani to‘lab qutulish, hattoki o‘lim jazosi orqali ham birdaniga muammolardan soqit bo‘lish mumkin. Ammo odam qanday qilib o‘zidan, o‘zidagi vijdon azobidan qochib qutulolardi?!

Rus adibi Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romanida ayni shu masalalar ko‘tarilgan. Shuningdek, asarda kambag‘allar, qashshoqlarning turmush tarzi, chorasizlik ko‘chasidagi sarsongarchiliklari ochib berilgan.

Syujyet:

Asar bosh qahramoni Raskolnikov – sobiq talaba. Bir qancha o‘tkir mazmundagi maqolalari bilan chiqishlar qilib turadi. Uning qishloqda onasi, bir singlisi kambag‘allikda hayot kechiradi. Kunlardan birida Raskolnikov onasidan xat oladi. 

Unda singlisi Dunyaning pomeshchik Svidrigaylovlar xonadonida qanday xo‘rlanganligi va hozirda Lujin ismli o‘ziga to‘q aslzodaga turmushga chiqayotgani, Lujin tez orada Raskolnikov bilan uchrashgani borayotgani haqida yozilgandi. Shuningdek, singlisi va onasi Sankt-Peterburgga ko‘chib kelishayotgani ilova qilingandi.

Raskolnikovning moliyaviy ahvoli yaxshi emas, ijara pulini to‘lamay qo‘yganiga necha zamonlar bo‘lib ketgan, uydan haydalish arafasida edi. Qolaversa, bo‘lajak kuyovi Lujinning singlisiga azbaroyi sevgi yuzasidanmas, balki Dunyaning nochorligidan foydalanib, o‘ziga qaram qilish maqsadida uylanayotgani uning yuragini battar ezar, g‘ururini toptardi. 

Qahvaxonada Marmeladov ismli bir odamning dardini tinglagan Raskolnikov insonlarning, qolaversa, o‘zining ijtimoiy-maishiy hayoti o‘ta achinarliligidan alamzada bo‘ladi. Marmeladov ko‘p bolali odam bo‘lib, xotini Katerina Ivanovna sil, o‘zi ishsiz. Vaziyat shu darajaga borib yetadiki, Katerina Ivanovna bolalarning qornini to‘ydirish uchun o‘gay qizi Sonyani ishratxonaga jo‘natadi.

Chorasizlik azobidan ruhi zo‘riqqan Raskolnikov buyumlarini garovga qo‘yib yuradigan sudxo‘r kampirni o‘ldirishni reja qiladi. Maqsadi kampirni o‘ldirib, mablag‘larini o‘g‘irlagach yo‘qsilligiga barham berish edi. Sobiq talaba rejasini amalga oshiradi ham. Ammo bir muammo chiqdi: yigit kampirni o‘ldirib chiqayotganida kampirning singlisi Lizovetta uyga kelib qoladi. Sarosimada qolgan qotil guvohnida gumdon qilishga majbur bo‘ladi.

Garchi bunday dahshatli qotillikka hech kim guvoh bo‘lmagan bo‘lsa-da, Raskolnikovning ruhiy muvozanati buziladi. Jamiyatdan, yaqinlaridan mutlaqo ajralib qoladi. Kampirning uyidan o‘g‘irlagan pullarning bir tiyinini sarflash xayoligayam kelmaydi. 

Bu orada Lujin kelsa, u bilan suhbatlari janjal bilan yakunlanadi. Uzoq manzildan jigar porasiga intiq bo‘lib kelgan onasini ham, jonajon singlisini ham ko‘rishni istamaydi. O‘zini fosh qilish uchun bir necha bor mahkamaga bormoqchi bo‘ladi.

Raskolnikov hamma sirini Sonyaga (Sofya) ochadi. Yigit u bilan Marmeladov vafot etganda tanishib qoladi. Sonya hamon fohishalik bilan shug‘ullanardi. Qiz yigitga politsiyaga borib, aybiga iqror bo‘lishini, jazo o‘tab, yengil tortishini maslahat beradi.

Dunya esa Lujin bilan turmush qurish fikridan voz kechadi. Keyinchalik Raskolnikovning quvnoq do‘sti Razumixin bilan oila quradi.

Raskolnikov o‘zi bilan olishib yura-yura baribir aybiga iqror bo‘lib, mahkamaga boradi. Sudda ham o‘zini oqlashga urinmaydi. U katorgaga 8 yil muddatga surgun qilinadi. Sonya ham ortidan ketadi. Katorgada yurib, yigit haqiqiy osuda hayot va sof muhabbat nima ekanini tushunadi. Muddati tugagach qanday hayot kechirishi mumkinligi to‘g‘risida shirin orzular qila boshlaydi...

Tahlil:

Raskolnikov odamlarni ikki toifaga bo‘lardi: favquloddagi kishilar va oddiy odamlar. Uning uchun favquloddagi kishilar Napaleon, Iskandar Makedonskiy singari shaxslar bo‘lib, yigit bundaylar oliy maqsadlari yo‘lida qon to‘kkan, insonlarni qurbon qilgan, demak, har qanday muhim va tarixiy maqsad yo‘lida kimlardir qurbon bo‘lishini tabiiy deb hisoblardi. Raskolnikov kampirni o‘ldirganiga zarracha achinmasdi, bir xasharotni o‘ldirdim deb hisoblardi. Qurbonini shundoq ham azoblanib, yo‘qchilikdan tinkasi qurib borayotgan kambag‘allarning qonini so‘rib yurgan zararkunanda sanardi. 

Xo‘sh, nega unda Raskolnikov qotillikdan so‘ng aqldan ozar darajaga keldi? O‘zini o‘zi azoblab, shuncha qiynaldi, dunyodan begonalashdi?

Sababi shunda ediki, u aqlan bo‘lmasa-da qalban kimningdir qonini kimdir to‘kishga yoki to‘kilishiga sabab bo‘lishga hech kasning haqqi yo‘qligini, kimningdir hayoti evaziga erishilgan maqsadni har qanday bahona bilan oqlab bo‘lmasligini tushunib turardi. Buni tan olmaslik uchun esa o‘zi bilan uzoq olishdi. Nihoyat Raskolnikov favquloddagi odam bo‘lolmasligin tushunib yetadi. O‘zini favqulloddagi shaxs hisoblab, ikki jon qotili bo‘lgandi, o‘shanda u vijdonini hisobga olmagandi. Men dunyoni bitta zararkunandadan xalos qilyapman deb o‘ylagandi.

Sonya masalasida ham yigit qat’iy qarorga kelgan. Qizning qilib yurgan ishi vaziyat, majburiyat taqozosi. Uningcha, garchi jamiyat qizdan hazar qilsa-da, qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatishsa, kamsitishsa-da, ammo o‘sha odamlarning hech biri Sonyaning tirnog‘igayam arzimaydi. 

Xalqning molini talab, begunohlarni xo‘rlab, bir-birini gij-gijlab, fisq-u fasodga botib yurgan bu jamiyat odamlaridan ko‘ra tanasi evaziga murg‘ak ukalarini boqib, hech kimga jabr qilmagan, ruhini pok saqlagan, gunohlari uchun har doim tavbada bo‘lgan fohisha qiz ming karra afzal edi unga.

Asar nomidagi jazo bu rasmiy jazo emas. Mutlaqo! U hissiy jazo. Raskolnikovning timsolidagi u kabi boshqa insonlarning o‘z-o‘ziga beruvchi jazosidir. Yigitning jinoyati uning butun ruhiyatini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Hayotini izdan chiqardi. O‘zini va o‘zidan chiqib butun dunyoni taftish qilishga undadi. 

Asardagi eng yorqin obraz bu – Razumixin. U hayotdagi barcha hodisalarni real baholaydi. Ortiqcha ta’sirlarga berilmaydi. Yashash uchun, risoladagidek hayot kechirish uchun tinmay harakatda. Aqli ham, hissiyotlari ham uncha-muncha insonlarnikidan yuqori. Qalbi sof. Uning eng katta yutug‘i – har bir masalani bor bo‘yicha qabul qilishida. 

«Jinoyat va jazo» o‘qilishi og‘ir bo‘lgan, hushyorlik va ziyraklik talab qiladigan asar. Roman mohir tarjimon Ibrohim G‘ofurov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Dostoyevskiy ushbu romani orqali qahramonlar psixologiyasini avra-astarigacha kitobxonlarga ko‘rsatib berolgan. O‘quvchi mutolaa davomida har bir qahramon bilan tengma-teng fikrlaydi, tillashadi va azoblanadi. O‘zini o‘ta nochor, yupun va ezgin his qiladi.

Ammo qizig‘i, asar so‘ngida intihoga emas, ibtidoga duch kelinadi. Garchi Raskolnikov 8 yilga katorgaga surgun qilingan bo‘lsa-da, uning yorqin hayoti o‘sha yerda boshlanayotgandi. Ma’nan tirilishi ham, qalbiga orzu-umidlari qaytib kelishi ham o‘sha yerda sodir bo‘ladi. 

Qon to‘kish, kimningdir hayotiga zomin bo‘lish baribir yaxshilikka olib bormaydi. Har qanday jinoyatning jazosi beriladi. Undan qochishning iloji yo‘q. Eng muhimi, qalbda hamisha mehr-muhabbat, atrofdagilarga adolat kabi iliq tuyg‘ularni saqlab qolishimiz lozim. Bunday tuyg‘ularsiz inson shafqatsizlashib boradi. Natijada esa «favquloddagi shaxs»ga aylanadi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid