Sport | 10:56 / 22.08.2023
18730
6 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» derbida qiyin g‘alabaga erishdi va «Siti»ni quvib yetdi 

Yaponiyalik himoyachi aut otish vaqtida sariq kartochka olishi jamoani qiyin ahvolga solib qo‘ydi. O‘yinning so‘nggi qismida Arteta shogirdlarining to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 18 foizgacha tushib ketdi.

Foto: STUART MACFARLANE/GETTY IMAGES

APLning 2-turini Londonning ikki klubi ishtirokidagi o‘yin yopib berdi. «Arsenal» uch ochkoga ega bo‘ldi, ammo bunga juda katta qiyinchilik bilan erishdi.

Kristal Pelas – Arsenal 0:1
Gol:
0:1 – 53, penalti Edegor.
Kristal Pelas – Jonston, Uord (Rak-Saki, 83), Andersen, Gexi, Mitchell, Shlupp (Ahamada, 74), Lerma, Eze, Dukure, Ayyu, Eduar.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Saliba, Tomiyasu, Edegor (Zinchenko, 89), Rays, Haverts, Parti, Saka (Kiver, 89), Martinelli (Gabriel, 70), Nketia (Jorjino, 79).
Ogohlantirishlar: Ayyu (27), Tomiyasu (60), Dukure (90), Haverts (90).
Chetlatish: Tomiyasu (67).

Dastlabki turda «Arsenal» birinchi bo‘limdayoq ikki gol urgan holda «Nottinghem Forest»ni oson mag‘lub etgandi (2:1). «Kristal Pelas» ham mavsumni g‘alaba bilan boshladi — safarda «Sheffild Yunayted» mag‘lub etildi (1:0). Mikel Arteta boshlang‘ich tarkibda 1-tur bilan solishtirganda faqat bir o‘zgarish qildi va bu majburiy edi. Yurriyen Timber «Nottinghem» bilan o‘yinda xochsimon paylarini jarohatlab olib, mavsum oxiriga qadar safdan chiqqandi, shu tufayli mudofaaning chap qanotida uning o‘rnini Takehiro Tomiyasu egalladi.

Birinchi bo‘lim voqealarga u qadar boy bo‘lmadi. Shiddatli hujumlar va vaziyatlardan umid qilgan muxlislar butunlay boshqacha kartinaga guvoh bo‘lishdi. Tanaffusga qadar Sem Jonston darvozasi oldida faqat ikki epizod yodda qoldi, ikkisi ham — Eddi Nketia ishtirokida. Avvaliga «Arsenal» hujumchisining zarbasi darvoza ustuniga tegdi, bir necha daqiqa o‘tib esa u ortiqcha oliftalik qildi. Nketia darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borgandi, ammo hujumni yakunlashda o‘ziga katta baho berib yubordi va to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashlashga qaror qildi, ammo to‘p nafaqat Jonstonning, balki darvoza to‘sini ustidan ham o‘tib ketdi.

«Arsenal» baribir o‘z maqsadiga erishdi va buni ikkinchi bo‘lim boshida uddaladi. Jarima zarbasi nostandart ko‘rinishda ijro etilishi «Kristal Pelas» darvozasiga penalti belgilanishiga sabab bo‘ldi. Gabriel Martinelli to‘pni oshirib berish o‘rniga yerlatib Nketiani oldinga tashladi va mezbonlar mudofaasini dog‘da qoldirdi. Uzatma u qadar ideal chiqmagandi, ammo forvard to‘pga darvozabondan oldin yetib bordi va darvozabon bilan kontaktdan keyin yiqildi.

Hakam Devid Kut «nuqta»ni ko‘rsatdi, ammo shundan keyin vaziyatga darhol videoassistentlar aralashdi. Gap shundaki, uzatma vaqtida Tomas Parti basketbol uslubida Marku Gehini ushlab qolgandi — arbitrlar «Arsenal» futbolchisining bu harakati qanchalik qoida buzilishi ekanini muhokama qilishdi. Videotakrordan keyin bosh hakam qarorini o‘zgartirmadi. Martin Edegor esa zarbani osonlik bilan aniq ijro etdi — Jonston boshqa burchakka tashlandi, norvegiyalik futbolchi esa to‘pni boshqa burchakka yo‘naltirdi.

13 daqiqa o‘tib «Arsenal» fanatlarining quvonchi o‘rnini xafalik egalladi. Tomiyasu ikkinchi sariq kartochkani oldi va kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. U bundan yetti daqiqa oldin juda ahmoqona tarzda birinchi ogohlantirishni olgandi. Yaponiyalik futbolchi autdan to‘pni tashlashda bemalolgarchilikka berilib ketdi va hakam uni vaqt cho‘zgani uchun jazoladi.

FOTO: MIKE HEWITT/GETTY IMAGES

Futbolchi 60-daqiqada vaqt cho‘zishga qaror qilgandi. Shundan yetti daqiqa o‘tib esa hakam Tomiyasu raqib hujumini qoida buzgan holda to‘xtatib qoldi deb topdi. Bu vaqtda mehmonlar tashabbusni to‘liq qo‘liga olgandi, chetlatish esa «Arsenal» muxlislari o‘yinning qolgan qismini xavotir bilan kuzatishiga sabab bo‘ldi.

O‘yinning so‘nggi 10 daqiqasida «Kristal Pelas» to‘pga egalik qilish bo‘yicha 82 foiz ustunlikka erishdi. Shu raqamning o‘zi ham hisobni ushlab qolish «Arsenal» futbolchilariga naqadar qiyin bo‘lganini ko‘rsatadi. Mehmonlar to‘liq himoyaga yotishdi, mezbonlar esa himoyachi o‘rniga hujum vakilini tushirib, raqib jarima maydonini qamal qilishdi. Arteta shogirdlari qarshi hujum haqida o‘ylamay, to‘pni shunchaki uzoqlashtirishga uringan pallalar ham bo‘ldi. Yetmaganiga arbitr asosiy vaqtga yetti daqiqa qo‘shib berdi, ammo mehmonlar zaxira futbolchilarni tashlash orqali baribir g‘alabani saqlab qolishdi.

Ikki turdan keyin faqat uchta jamoa maksimal darajada ochko jamg‘argan. «Arsenal» turnir jadvalining yuqori qismida «Brayton» va «Manchester Siti» bilan bir kompaniyani tashkil etmoqda. Londonliklar keyingi turni 26 avgust kuni o‘z uyida «Fulhem»ga qarshi o‘tkazadi.

Mavzuga oid