O‘zbekiston | 09:20 / 22.08.2023
3380
2 daqiqa o‘qiladi

Boku shahrida O‘zbekiston-Ozarboyjon biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Forumda neft va gaz, kimyo va tog‘-kon sanoatlari, farmatsevtika mahsulotlari va maishiy texnikani ishlab chiqarish sohalarida yirik savdo shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolandi.

Foto: gov.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjonga davlat tashrifi arafasida, 21 avgust kuni Boku shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, 250 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarboyjon Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov hamraislik qildi.

Tadbirda qayd qilinishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022 yilda 6 barobarga, joriy yil boshidan esa yana 40 foizga oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan boshqa choralar bilan bir qatorda farmatsevtika va neft-kimyo mahsulotlari, plastmassa buyumlar, polimerlar va tog‘-kon sanoati mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarboyjon kapitali ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Ayni paytda avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish, Ozarboyjonda paxta-to‘qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil qilish, O‘zbekistonda qurilish materiallari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni boshlab yuborilgan.

Forum yakunlari bo‘yicha neft va gaz, kimyo va tog‘-kon sanoatlari, farmatsevtika mahsulotlari va maishiy texnikani ishlab chiqarish sohalarida yirik savdo shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22−23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Ozarboyjonda bo‘ladi.

Mavzuga oid