Jahon | 19:51 / 23.08.2023
45056
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Kim Chen In tizza bo‘yi suv kechib sholipoyaga kirdi va amaldorlarga dakki berdi

U sholi ekilgan dalalarni suv bosishiga yo‘l qo‘yganlarni topib, jazolashni buyurdi.

Foto: Korean Central News Agency

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Onchxondagi sholi ekilgan dalalardan biriga borib, u yerdagi tiklash ishlari qanday olib borilayotganini tekshirdi. Bu hududda suv toshqinlaridan keyin ekin dalalari suv ostida qolgan.

Mahalliy nashrlar e’lon qilgan suratlardan ko‘rish mumkinki, Kim Chen In oyoq kiyimini yechmasdan, tizzasigacha suv kechib sholipoyaga kirgan. Unga hamrohlik qilgan mulozimlar ham uning ortidan suv bosgan dalaga kirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, suv toshqini oqibatida 560 gektar ekin maydoni suv ostida qolgan. Shundan 270 gektari sholi ekilgan dalalar bo‘lgan. Shimolliklar yetakchisi yuqori martabali mulozimlarni toshqin vaqtida mas’uliyatsiz harakat qilgani uchun koyigan, kuchishlatar tizim rahbarlariga murojaat qilib, aybdorlarni topishni va jazolashni buyurgan.

Kim, xususan, mamlakat bosh vaziri Tok Xun va u boshqaradigan vazirlarni tanqid qilgan. «Oxirgi yillarda Kim Tok Xunning kabinetida iqtisodiy va ma’muriy intizom izdan chiqdi», degan u.

Kim Chen In bosh vazirni «tomoshabin bo‘lib o‘tirgani», bosh vazir o‘rinbosarini esa «faqat yonilg‘i yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgani», sug‘oriladigan yerlar melioratsiyasi byurosi direktorini «qurilish uchun ajratilgan mazutning aksar qismini yashirgani» uchun tanqid qilgan.

Mavzuga oid