O‘zbekiston | 14:00 / 24.08.2023
26722
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangitdan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Prezident 24 avgust kuni Samarqand viloyatiga tashrifini Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Yangi qurilayotgan majmuada Qur’on tilovat etilib, duolar o‘qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Ilohim, duolarimiz ijobat bo‘lib, Alloh yurtimizni tinchlik-osoyishtalikda saqlasin, fayz-u baraka bersin. Mana, mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida turibmiz. Xalqimiz bilan birga shu kunlarga yetganimizga shukrlar aytamiz. Oldimizga yana katta-katta rejalar qo‘yganmiz. Buning uchun ikki karra ko‘proq harakat qilishimiz, yoshlar tarbiyasiga e’tibor berishimiz kerak. Hamma sohada ta’limni, bilimni oshirsak, natijalar yuqori bo‘ladi. Yoshlarimiz Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bekday bobolarimizga munosib bo‘lishini istaymiz", — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

Shuningdek, tashrif davomida Islom ma’rifati bo‘yicha, xuddi Buxorodagidek, Samarqandda ham namuna yaratish kerakligi ta’kidlangan. Allomalar merosidan foydalanib, jaholatga qarshi ma’rifatni kuchaytirish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek hozirgi kunda yangidan barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasining pardozlash ishlari namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Mavzuga oid